Oilani muqaddas qoʻrgʻon, xotin-qizlarni jamiyatimiz farishtasi, deymiz. Ana shu qoʻrgʻonning metindek mustahkamligi, jamiyatimiz farishtalarining yana-da sogʻlom, toʻkin va baxtli hayot kechirishi joylarda oilalar-u, xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtiborga bevosita bogʻliqdir.
Ayol zoti borki, dardini koʻp ham doston qilishni yoqtirmaydi. Dardu-tashvishlarini egnida yelkalab yuraveradi. Lekin, chorasiz qolganida koʻmak ilinji bilan oʻziga eng yaqin suyanchigʻ, deb biladigan inson yoki idoraga murojaat etishi, yordam, maslahat kutishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Elmira Bositxonova Surxondaryo viloyati mahallarida boʻlib, ijtimoiy muammolarga duch kelib qolgan, turmushda qiyinchiliklarga uchragan ayollardan ham xol-ahvol soʻradi. Ularning muammolarini tinglab, joyida hal etishga koʻmaklashdi.
Bu safargi uchrashuv Boysun tumanidagi Darband mahallasidan boshlandi. Shu mahallada yashaydigan G.Abdullayevaning murojaati asosida un va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Turli pishiriq tayyorlashga moʻljallangan mini pech olib berildi. L. Toʻxtamurodovaning oilasini moddiy qoʻllab-quvvatlashni soʻragan murojaati oʻrganilib, un va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, mini pech topshirildi. Tikuvchilikka boʻlgan qiziqishi sababli tikuv mashinasi tuhfa qilinib, bandligi taʼminlandi.
Sherobod tumanidagi Oltin voha mahallasida istiqomat qiladigan N. Atamurodovaning hozirgi sinovli kunlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj sezib qolgani va uyini taʼmirlashga imkon topolmayotgani haqidagi murojaati ham joyida oʻrganib chiqildi. Mazkur oilaga saxovatpesha tadbirkor tomonidan zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Mahalladagi jamoatchilik ishiga qabul qilindi. Subsidiya ajratilgan holda issiqxona qurib berish rejalashtirildi. Uyini taʼmirlab berish uchun mahalla tomonidan homiy biriktirildi.
Shu mahallada yashovchi G.Xoʻshbaqova ham roʻzgʻorida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi hamda oʻgʻlini ichki ishlar litseyiga oʻqishga joylashtirishga koʻmaklashishni soʻrab, murojaat etgan. Oziq-ovqat mahsulotlari topshirilgan xonadonda osoyishtalik posboni boʻlishni orzu qilib kamolga yetayotgan farzandni ichki ishlar idoralari litseyiga oʻqishga kirishiga yoʻnaltirish mahalla fuqarolar yigʻini raisining xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha oʻrinbosari zimmasiga yuklanib, hujjatlarni tayyorlash, topshirish jarayonlarini tushuntirish topshirildi.
Hududlardan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Xotin-qizlar muammolari boʻyicha 1211 raqamli qisqa ishonch telefoni” (Call-center)ga murojaat qilgan ayollar dardu-tashvishi tinglanib, yechim topilgach, Boysun tumanidagi 39 ta, Sheroboddagi 48 ta mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlariga oʻquv-seminar tashkil etildi. Ularga mazkur yoʻnalishlarda amalga oshirilishi kerak boʻlgan muhim vazifalar atroflicha tushuntirilib, tavsiyalar berildi.
Tadbirning ikkinchi kuni Denov tumanida Uzun, Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Oltinsoy va Qumqoʻrgʻon tumani mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari uchun “Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash, xotin-qizlar va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha ishlarni tizimli tashkil etish” mavzuida seminar oʻtkazildi.
–Har bir oila farovonligi va oilaviy qadriyatlarimizga, xotin-qizlar muammolariga befarq boʻlishga hech birimizning haqimiz yoʻq, – dedi E.Bositxonova. – Bu jarayonda jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, yuzaga kelayotgan muammolarni erta aniqlab, oʻz vaqtida hal etish orqaligina aholining bizga boʻlgan ishonch hissini yana-da mustahkamlashimiz mumkin. Buning uchun mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari faoliyatini koʻproq jonlantirish kerak. Ular atrofiga kayvoni xotinlarni yigʻib, ishlarni tashkil etishi, har bir xotin-qiz bilan bogʻliq masalalarni oʻrganishi lozim. Buning natijasida muammolar kamayib, turmushi oʻzgaradi. Hayotida tub burilish boʻladi.
Seminarda shuningdek, xotin-qizlar bilan ishlashda ish daftarini yuritish, kunlik axborot almashinuvini tizimli yoʻlga qoʻyish va boshqa muhim masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari “Xalqaro Oila kuni” munosabati bilan Denov tumanidagi Buyuk kelajak mahallasida ahil va toʻkin yashab, tomorqadan oqilona foydalanayotgan mehnat faxriysi Rahmat Xoʻjayev va Ibn Sino nomli mahallada istiqomat qilayotgan tadbirkor ayol Zulfiya Rahmatullayevalar oilasida boʻlib, ularning turmush tarzi bilan tanishdi. Hayotiy tajribalarini tingladi. Oila kuni bilan tabriklab, vazirlikning esdalik sovgʻalari va sertifikatlarini topshirdi. Tikuvchilik va hunarmandchilikni yoʻlga qoʻyib, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor 12 oilaning bandligini taʼminlagan tadbirkor ayolning tajribasini ommalashtirish zarurligini tavsiya etdi.
E.Bositxonova Denov va Uzun tumanlaridan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Xotin-qizlar muammolari boʻyicha 1211 raqamli qisqa ishonch telefoni” (Call-center)ga murojaat qilgan hamda hayotda ayrim muammolarga duch kelgan ayollar bilan uchrashib, oilaviy sharoitini oʻrgandi. Jumladan, Denov tumanidagi Sanoatchilik mahallasida yashaydigan Umida Boboqulovaga oziq-ovqat mahsulotlari berilib, bandligini taʼminlash uchun zamonaviy tikuv mashinasi topshirildi. Soʻfi Ollayor mahallasilik Laylo Boʻriyevaga ham tikuv mashinasi tuhfa qilinib, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Uzun tumanidagi Ulanqul mahallasidan murojaat etgan Gulnora Boltayeva oʻrtaga tashlagan masala mahalla binosida oʻz yechimini topdi. G.Boltayeva qizini tumandagi Xursand mahallasiga turmushga uzatgan. Bir farzandli boʻlgan qizining yaqinda tobi qochib, kasalxonaga tushib qolgan. Shu yerda ikkinchi farzandi dunyoga kelgan. U shifoxonaga tushgach, qudalar kelindan xabar ham olmagan. Farzandli boʻlgach, kasalxonadan chiqqanida uylariga ham olib ketmagan. Yosh oilaning ajrim yoqasiga kelib qolayotganidan jiddiy tashvish chekkan G.Boltayeva yordam soʻrab, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Xotin-qizlar muammolari boʻyicha 1211 raqamli qisqa ishonch telefoni” (Call-center)ga murojaat etgan.
Ushbu masala mahalla faollari, kelin va uning ota-onasi, kuyov va uning otasi, tuman imomi va boshqa mutasaddilar ishtirokida muhokama etildi. Yosh kelin-kuyov va ularning ota-onalariga oilaning muqaddas qoʻrgʻon ekani hamda unga darz yetkazishga hech kimning haqqi yoʻqligi yotigʻi bilan tushuntirilib, muammo hal etildi. Oila saqlab qolindi.
Kichik jonchekka mahallasilik boquvchisini yoʻqotgan Sharofat Norboyevaning oilaviy hayoti oʻrganilib, oziq-ovqat mahsulotlari va mini pech topshirildi. Toʻrt farzandni tarbiyalayotgan ayolning toʻrt farzandi bor. Kichigi besh, kattasi 17 yoshda. Katta farzandi nogiron.
– Bu ayol uy-joy masalasida ham murojaat etgan, – deydi viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari M. Qobulova. – Bu masala har taraflama oʻrganilib, Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan uy-joyning 25 foiz mablagʻi ajratilmoqda. Qolgan mablagʻ homiylik asosida jalb etilib, yangi uy qurib berish rejalashtirilayotir. Oilani kambagʻallikdan chiqarish uchun yaqinda toʻrt quti asalari ham berildi.
Yangi roʻzgʻor mahallasida yashaydigan nogironligi bor Fotima Botirova ham boquvchisini yoʻqotgan. Ikki oʻgʻilni tarbiyalamoqda. Ularning kichigi kelajakda harbiy, kattasi tadbirkor boʻlishni orzu qilib, kamolga yetayotir. Suhbat chogʻida F.Botirova sogʻligidan shikoyat qilib, boshida jarrohlik amaliyoti oʻtkazish uchun moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlashni soʻradi. Shu yerning oʻzida tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari karantin qoidalari tugashi bilan Samarqand shahridagi tibbiy klinikada davolanishi uchun yordam koʻrsatishni oʻz zimmasiga oldi. Tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi mahalliy hokimlik koʻmagida mablagʻ masalasini yechadigan boʻldi.
Uchrashuvlarda oilalarda sogʻlom turmush tarziga rioya etib, tibbiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha ham tavsiyalar bildirildi.
Shu kuni E.Bositxonova “Xalqaro Oila kuni” munosabati bilan “Oʻzbekistonda oilani ijtimoiy-demografik rivojlantirishning asosiy omillari” mavzuiga bagʻishlab onlayn shaklda oʻtkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida Denov tumanidan ishtirok etib, tadbir qatnashchilarini tabrikladi. Qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, senatorlar, taniqli olimlar, yigirmaga yaqin oliy taʼlim muassasalari profesor-oʻqituvchilari maʼruza va ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan nufuzli anjuman ishiga omad, ularning mahalla va oilalarni yana-da mustahkamlash yoʻlida olib borayotgan ezgu ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV