O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Respublika maxsus komissiyasining axboroti

2020-05-15 | Sog‘liqni saqlash

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining

AXBOROTI

Joriy yilning 13-may kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda karantin talablarini yumshatishni bosqichma-bosqich davom ettirish orqali iqtisodiy faollikni tiklash hamda aholining ishlashi va daromad olishini taʼminlash boʻyicha muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

Xususan, “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy amal qilgan holda xizmat koʻrsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi qayd etildi.

Shu bilan bir qatorda videoselektor yigʻilishda baʼzi joylarda berilgan erkinlikni notoʻgʻri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz koʻchalarni toʻldirib yurishi holatlari kuzatilayotganligi koʻrsatib oʻtildi. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammani hushyor boʻlishga chaqiradi.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 14-maydagi qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020-yil 1-iyunga qadar uzaytirildi.

Shu bilan birga 2020-yil 15-maydan boshlab quyidagi faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:

a) “qizil” toifadagi hududlarda:

  • yakka tartibdagi hunarmandchilik;
  • avtomobillarga va qishloq xoʻjalik mashinalariga texnik xizmat koʻrsatish;
  • elektron qurilmalarni (kompyuter va maishiy texnika vositalari) va aloqa vositalarini taʼmirlash;
  • ijara va lizing xizmatlari;
  • buxgalteriya sohasiga oid xizmatlar (auditorlik, soliq maslahati va boshqalar) koʻrsatish;

b) “sariq” toifadagi hududlarda “qizil” toifadagi hududlarga qoʻshimcha ravishda:

  • rieltorlik faoliyati;
  • reklama va marketing faoliyati;
  • xususiy bandlik agentliklari faoliyati;
  • mehmonxonalarga oʻz oshxonalarida ovqat pishirish hamda xonalarga yetkazib berish;
  • park va istirohat bogʻlari (attraksionalar, koʻngilochar obyektlar hamda tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari faoliyati bundan mustasno) faoliyati. Bunda park va istirohat bogʻlariga kirish karantin talablariga qatʼiy rioya qilgan holda soat 09-00 dan 20-00 ga qadar 2 nafar shaxsdan koʻp boʻlmagan guruhlarda (oilaviy guruhlar bundan mustasno) amalga oshiriladi;

v) “yashil” toifadagi hududlarda “sariq” va “qizil” toifadagi hududlarga qoʻshimcha ravishda:

  • ochiq sunʼiy qoplamali sport oʻyingoxlari (tashrif buyuruvchilar sonini cheklash sharti bilan, yechinish va yuvinish xonalaridan foydalanmagan hamda oraliq masofani saqlagan holda);
  • kompyuter (skaner, nusxa koʻchirish, matn terish, chop etish) va poligrafiya xizmatlari;
  • muzeylar faoliyati (tashrif buyuruvchilar sonini cheklagan hamda oraliq masofani saqlagan holda);
  • veterinariya xizmatlari;
  • binolarga xizmat koʻrsatish va landshaftni obodonlashtirish faoliyati.

Shuningdek 2020-yil 18-may kunidan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni (borish va qaytish) tiklash;
  • Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Fargʻona vodiysiga temir yoʻl qatnovini (borish va qaytish) qayta yoʻlga qoʻyish.

Shu bilan birga avia va temir yoʻl qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yoʻlovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari soʻzsiz bajarilishi talab etiladi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yoʻnalishlarda avia va temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Mazkur Vaqtinchalik tartib talablarini buzish epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.

Shuningdek, shaxsiy avtomobillarning harakati boʻyicha cheklovlarni 2020-yil 18-maydan boshlab bosqichma-bosqich bekor qilish yuzasidan quyidagi tartib joriy etilmoqda:

  • “yashil” toifadagi hududlarda – Respublika maxsus komissiyasi yigʻilishining 2020-yil 6-maydagi 21-son bayoni bilan avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berilgan;
  • “sariq” toifadagi hududlarda soat 06.00dan – 22.00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berilsin. Bunda avtotransport vositalarining salonida 4 kishidan ortiq boʻlmasligi lozim;
  • “qizil” toifadagi hududlarda avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan – 10.00 gacha, 17.00 dan – 20.00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Поделиться