O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezident faxriylarni bayram bilan tabrikladi

2020-05-09 | Siyosat

Gʻalaba bogʻidagi amfiteatrda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Marosimda urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar jam boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.

– Bugungi qutlugʻ ayyomda barchamiz, avvalo, oʻz jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib taʼzim qilamiz. Sizlar kabi minglab urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz, - dedi davlatimiz rahbari.

Bu yil karantin tufayli urush va mehnat faxriylarining aksariyati bayramni oʻz uylarida nishonladi. Ular televideniye orqali bugungi tantanali marosimni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib bordi.

– Siz azizlarning barchangizni gʻoyibona bagʻrimga bosib, bugungi erkin va ozod hayotni taʼminlash yoʻlida koʻrsatgan mardligingiz, Vatanga sadoqatingiz uchun oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan rahmatlar aytib, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Biz sizlarning timsolingizda oʻzining dono maslahatlari, boy hayotiy tajribasi bilan hammamizga ustoz va duogoʻy boʻlib yurgan moʻtabar insonlarni koʻramiz. Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Hayot yoʻllarida duch kelayotgan turli qiyinchilik va muammolarni, hozirgi kunda boshimizga tushgan sinovlarni yengib oʻtishda biz sizlarning mislsiz sabot va matonatingizdan, qatʼiyatingizdan doimo kuch va ibrat olamiz. Yosh avlodimizni Vatanga, xalqqa sadoqatli, jasur insonlar etib tarbiyalashda biz sizlarni doimo oʻrnak deb bilamiz va kelgusida ham shunday boʻlib qoladi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan salomlashib, hol-ahvol soʻradi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, elimizga farovonlik tilab duolar qildi.

Tadbir Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, harbiy okruglardagi bayram ishtirokchilariga namoyish qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan videoaloqa tizimi orqali muloqot qildi.

Prezidentimiz Gʻalaba bogʻining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

Bogʻda Ikkinchi jahon urushi davridagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, temir yoʻl vokzali, okoplar barpo etilgan, harbiy texnikalar, qurol-aslahalar koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu texnikalarni ham koʻzdan kechirdi.

Gʻalaba bogʻida aholining tarix bilan hamnafas boʻlib, oʻtganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, mazmunli dam olish, ommaviy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mazkur bogʻ Vatanga sadoqat, oʻz hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning oʻlmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi boʻlib qoladi.

Manba: O'zA

Поделиться