O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Respublika maxsus komissiyasining axboroti

2020-05-06 | Jamiyat

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining

AXBOROTI

Joriy yilning 29-aprel va 5-may kunlari oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan koronavirus bilan bogʻliq vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarib borishi bilan karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarurligi taʼkidlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 6-maydagi yigʻilishi bayoniga muvofiq koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari joriy yil 8-mayidan boshlab quyidagi uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma bosqich bekor qilib boriladi.

Birinchi  “qizil” toifadagi hudud – oxirgi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari). Bunda “qizil” hududda mavjud karantin cheklovlari saqlab qolinadi hamda vaziyatga qarab qayta koʻrib chiqiladi.

“Qizil” hududlarda quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • oziq-ovqat savdo doʻkonlari, nooziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdo doʻkonlari, qurilish materiallari bozorlari, tikuvchilik va bichuvchilik sexlari, tijorat banklarining obyektlardagi shahobchalari (kassalari), kimyoviy tozalash, notarial idoralar, advokatura va sugʻurta tashkilotlari, poyabzal taʼmirlash ustaxonalari, chorvachilik, terini qayta ishlash korxonalari, tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari (yetkazib berish va olib ketish uchun), tibbiyot muassasalari faoliyati;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻish, joylarga yetkazish va sotish, urugʻ va koʻchat yetishtirish hamda ularni sotish, avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish, hunarmand va ustalar, ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (doʻkon) sotish;
  • obyektlarda qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, yakka tartibdagi qurilish va taʼmirlash ishlari, yetkazib berish xizmati;
  • koʻp qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani saqlagan va niqob taqqan holda sayr qilish.

Ikkinchi – “sariq” toifadagi hudud – oxirgi 14 kun davomida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan, biroq ushbu kasallikka chalingan va davolanayotgan shaxslar mavjud boʻlgan hududlar (Surxondaryo, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri). “Sariq” hududlarda ayrim cheklovlar saqlab qolinadi.

“Sariq” hududlarda, “qizil” hududlarga qoʻshimcha ravishda yana quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo doʻkonlari, zargarlik va gul sotish doʻkonlari, sartaroshxona va goʻzallik salonlari (maxsus talablar asosida) hamda mehmonxonalar (xostellar va mehmon uylari bundan mustasno) faoliyati;
  • avtomashinalar yuvish shahobchalari faoliyati, avtomobillar, qishloq xoʻjaligi va qurilish texnikalariga texnik xizmat (servis) koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyati;
  • hunarmandchilik, maishiy jihozlar va elektron qurilmalarni taʼmirlash ustaxonalari faoliyati;
  • yoʻnalishsiz taksida maxsus talablar asosida yoʻlovchi tashish, velosiped va skuterda harakatlanish.

Uchinchi – “yashil” toifadagi hudud – koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan (yoki aniqlangan shaxslar toʻliq sogʻaygan) hududlar (Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari);

“Yashil” hududlarda, yuqoridagilarga qoʻshimcha ravishda park va istirohat bogʻlari faoliyatiga (attraksion va koʻngilochar obyektlar faoliyati bundan mustasno), avtotransportlarning stikersiz harakatiga, hamda davlat tashkilotlarida fuqarolar qabullariga ham ruxsat beriladi.

“Yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda yoʻnalishsiz taksilarga yoʻlovchi tashishga, sartaroshxona va goʻzallik salonlari hamda savdo majmualari faoliyat yuritishiga quyidagi talablar asosidagina ruxsat berildi:

  • yoʻnalishsiz taksilar – yoʻlovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi oʻrindigʻi yoʻlovchilar oʻrindigʻidan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan toʻsilgan boʻlishi, haydovchi va yoʻlovchi tibbiy niqobda boʻlishi (tibbiy niqobsiz yoʻlovchini tashish taqiqlanadi), yoʻlovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa oʻrindigʻiga oʻtkazilishi hamda faqat oʻz (avtotransport vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) hududida harakatlanishi lozim;
  • sartaroshxona va goʻzallik salonlari – xizmat koʻrsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob (N 95 yoki ustma-ust 2 ta oddiy spanbond niqobli), yuzni toʻliq toʻsadigan himoya maskasi va tibbiy qoʻlqopdan foydalangan holda “1 ta xizmat koʻrsatuvchi shaxs – 1 ta mijoz” tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashi lozim;
  • savdo majmualari – qatʼiy ijtimoiy masofani saqlagan holda ruxsat etiladi, bunda savdo majmuasining attraksion, koʻngilochar, ovqatlanish boʻlinmalari, kinoteatr va oʻyin maydonchalari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.

Avtotransport vositalarining stikersiz, shuningdek, mototransport va velosipedlarning harakatlanishiga “yashil” hududlarda ruxsat beriladi. “Sariq” va “qizil” hududlarda avtotransport vositalari stikersiz har kuni 07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha harakatlanishi mumkin.

Shuningdek, barcha toifadagi hududlar uchun quyidagi majburiy talablar saqlab qolinadi:

  • ijtimoiy masofani (2 metr)ni saqlash, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;
  • taʼlim tashkilotlari, oʻquv kurslari, koʻngilochar obyektlar, buyum bozorlari faoliyati va jamoat transporti harakatini yoʻlga qoʻymaslik;
  • barcha turdagi ommaviy tadbirlar, oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan koʻp boʻlmagan hollar bundan mustasno) oʻtkazmaslik;
  • dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 °S va undan yuqori boʻlgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan taʼminlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishini taʼminlash;
  • qurilish-taʼmirlash ishlarida obyektlar hududini toʻliq karantinga olish va ularda sanitariya-gigiyena tadbirlarini amalga oshirib borish.

Yuqoridagilardan tashqari, viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan cheklovlar saqlab qolinadi. Bunda:

  • doimiy roʻyxatdan oʻtgan holda “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlariga mazkur hududga kirish va chiqishga;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlari nobud boʻlishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va koʻkat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Mazkur qaror bilan mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yana-da yaxshilanib, bu borada ijobiy dinamikani taʼminlash maqsadida “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda amaldagi belgilangan karantin cheklovlari saqlab qolinmoqda.

Oʻz navbatida, “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ushbu qaror bilan ruxsat berilgan faoliyat turlarini oʻrnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

Поделиться