O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-05-06 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

 

Respublikada isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan yana-da qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kartoshkaga boʻlgan ichki bozor talabini toʻliq qondirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasining kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Quyidagilar kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

innovatsion va resurs tejamkor texnologiyalar asosida yaxlit maydonlarda isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirish hamda sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;

urugʻlik kartoshkaning super elita va elita avlodlarini yetishtirishni kengaytirish, urugʻliklar tayyorlash hamda zamonaviy kartoshka plantatsiyalarini barpo etish;

isteʼmol va urugʻlik kartoshkaga boʻlgan ichki bozor talabini qondirish, shuningdek, uning eksportini kengaytirish;

kartoshka ekish uchun moʻljallangan ekin maydonining kamida 50 foizida urugʻlik kartoshkaning super elita va (yoki) elita avlodlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻyish;

urugʻlik kartoshkani saqlash, saralash, yetkazib berish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish;

kartoshkachilik sohasiga ilgʻor texnologiyalar, innovatsion yechimlar (nou-xau) va ilm-fan yutuqlarini joriy etish.

2. Quyidagilar:

Isteʼmol va urugʻlik kartoshka, jumladan, uning super elita, elita avlodlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar hamda hududlar roʻyxati 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;

2020-2021 yillarning qish-bahor mavsumida aholini va ijtimoiy soha muassasalari ehtiyojlarini kafolatli taʼminlash maqsadida isteʼmol kartoshkasini zaxiraga jamgʻarish hajmlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyevga, zarur hollarda, ushbu bandda nazarda tutilgan ilovalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

3. 2020-yil 1-maydan boshlab kartoshka yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari, shuningdek, kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarining urugʻlik kartoshka xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ularga 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratiladi. Bunda:

milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar klaster va kooperatsiyalar takliflari hamda isteʼmol meʼyorlari asosida kelgusi yil uchun kartoshka ekin maydonlari va yalpi hosili prognoz koʻrsatkichlarini, shuningdek, urugʻlik kartoshkaga yillik talabni va uning yetishmaydigan miqdorini aniqlaydi;

b) 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga chetdan olib kirilayotgan urugʻlik kartoshka bojxona bojidan ozod etiladi. Bunda imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining karantin koʻrik dalolatnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining muvofiqlik sertifikati asosida beriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-avgustga qadar resurs soliqlarini takomillashtirish va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning normativ qiymatini aniqlash, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni, shu jumladan, yomgʻirlatib sugʻorish tizimi joriy qilingan yerlarni 2021-yil 1-yanvardan yer soligʻidan ozod qilishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi 2020-yilning 1-iyuliga qadar axborot texnologiyalarini joriy etgan holda foydalanilgan suv resurslari hisobini yuritish, ularning hajmini aniqlash tartibini, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun foydalaniladigan suv resurslari meʼyorini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga:

isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirishning ilmiy nazariy asoslarini takomillashtirish, kartoshka urugʻliklarini tayyorlash va ilgʻor agrotexnologiyalarni qoʻllash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;

isteʼmol va urugʻlik kartoshkaning yangi hamda serhosil navlari kolleksiyasini yaratish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy donorlar grantlari hamda tashabbuskorlar mablagʻlari hisobidan urugʻlik kartoshkaning super elita va elita avlodlarini yetishtirish, zamonaviy kartoshka plantatsiyalarini barpo etish, “in vitro” laboratoriyasi tashkil etish, urugʻliklar tayyorlash va kartoshka yetishtiruvchilarga yetkazib berish;

sabzavot va poliz ekinlarining yuqori hosildor, qurgʻoqchilikka, shoʻrga va kasalliklarga chidamli, meva sifati yuqori boʻlgan navlari va duragaylarini yaratish va ularning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish, shuningdek, noanʼanaviy sabzavot ekinlarini introduksiya qilish ishlarini olib borish;

isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirishda ilgʻor agrotexnologiyalarni qoʻllash hamda kartoshka plantatsiyalarini tashkil etish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish hamda mahsulot yetishtiruvchilarga yetkazish vazifalari yuklatilsin.

Institutga yuqoridagi vazifalarni xususiy tashabbuskorlar ishtirokida amalga oshirish huquqi beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga mazkur qarorda yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda “in vitro” laboratoriyasi faoliyatini tashkil etish uchun grant mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, kartoshka navlari seleksiyasi va urugʻchiligini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

a) quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

institut tizimidagi tajriba xoʻjaligi va ilmiy-tajriba stansiyalarining xoʻjalik faoliyatidan olingan sof foydaning 20 foizi miqdoridagi ajratmalari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik sohasidagi ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish uchun grantlar ajratish;

kartoshka navlari seleksiyasi va urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tajriba-sinov va boshqa loyihalarni moliyalashtirish;

sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yaratilgan navlari mualliflarini ragʻbatlantirish.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, kartoshka navlari seleksiyasi va urugʻchiligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi;

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yaratilgan navlari mualliflarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Toshkent viloyati hokimligining:

Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tasarrufidagi, Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, “Soyliq” MFY hududida joylashgan 17,2 gektar yer maydonini kartoshkaning mahalliy navlari birlamchi urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish maqsadida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufiga oʻtkazish;

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Burchmullo” davlat oʻrmon xoʻjaligining “Piskom” massivi hududidagi boʻsh turgan yer maydonlarida yuqori avlodli urugʻlik kartoshka yetishtirishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

Fanlar akademiyasi, Toshkent, Samarqand, Namangan va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar mahalliy investorlar mablagʻlari hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining sohaga jalb qilingan kredit mablagʻlari hamda grantlari hisobidan hududlarda “in vitro” laboratoriyalarini tashkil etish choralarini koʻrsin;

Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda urugʻchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarining urugʻlik maydonlarini sifatli sinovdan oʻtkazish choralarini koʻrsin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda:

takroriy maydonlarga ekish uchun yetishmaydigan urugʻlik kartoshka oʻz vaqtida import qilinishini va toʻliq ekilishini taʼminlasin;

isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish, shuningdek, urugʻlik kartoshkani fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga oʻz vaqtida yetkazib berish ishlarini tizimli tashkil etsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:

a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda joriy yilning 1-sentyabriga qadar:

isteʼmol va urugʻlik kartoshkani davlat zaxirasiga xarid qilish hamda ushbu tadbirlarni moliyalashtirish tizimini joriy etish;

kartoshka saqlanadigan omborxonalarni xatlovdan oʻtkazib, aholining qish-bahor mavsumida kartoshka isteʼmoli va saqlanadigan urugʻlik hajmidan kelib chiqqan holda, qoʻshimcha omborxonalar tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida kartoshkachilikda foydalaniladigan maxsus texnikalar, jumladan, kartoshkani ekish, yigʻib-terib olish va saralash texnikalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda Xalqaro kartoshkachilik markazi (CIP) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida kartoshkaning turli stress omillarga chidamli erta, oʻrta va kechpishar mahalliy navlarini yaratish, kartoshka seleksiyasi hamda uni yetishtirish texnologiyasiga oid ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovini tashkil etsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi:

chetdan olib kirilayotgan urugʻlik kartoshka uchun beriladigan koʻrik dalolatnomasini taqdim etishni tezlashtirish choralarini koʻrsin;

chetdan olib kirilayotgan urugʻlik kartoshkaning sifati, hududlarda urugʻlik kartoshkaning fitosanitar toza holda va karantin obyektlaridan holi yetishtirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:

chetdan olib kirilayotgan urugʻlik kartoshka uchun beriladigan muvofiqlik sertifikatinining berilishini tezlashtirish choralarini koʻrsin;

urugʻlik kartoshka yetishtirish, undan maqsadli va oqilona foydalanish, urugʻlik kartoshkaning sifatli saqlanishini taʼminlash va nobud boʻlishining oldini olish;

urugʻlik uchun kartoshka ekilgan maydonlarda sinovlarni belgilangan talablar asosida oʻtkazilishi, shuningdek, joylarda muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan urugʻlik kartoshka ekilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev:

oʻn kun muddatda 2020-yil hosili uchun gʻalladan boʻshaydigan maydonlarga ekish maqsadida import qilinadigan urugʻlik kartoshka hajmini va hududlar kesimidagi taqsimotini tasdiqlasin;

faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etiladigan kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tomonidan kartoshka ekish uchun moʻljallangan ekin maydonining kamida 50 foizida kartoshkaning super elita va (yoki) elita va avlod urugʻlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;

mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tizimli nazorat qilish, kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari oʻz vaqtida tashkil etilishini taʼminlash, isteʼmol va urugʻlik kartoshkaga boʻlgan ichki bozor talabini qondirish bilan bogʻliq ishlarni samarali tashkil etsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Oʻ.I.Barnoyev va J.A.Qoʻchqorov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 6-may

 
 

Поделиться