O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
2020-05-06 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon oyi munosabati bilan samimiy qutlovlar almashib, bir-birlari va do‘st xalqlarimizga koronavirusning global miqyosda tarqalishi bilan bog‘liq bugungi murakkab davrda sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shu jumladan savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi.
Prezidentlar pandemiyaning savdo amaliyotlari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari, eksport-import yuklarining tranzit tashuvlari uchun salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga videoanjumanlar o‘tkazib borishni davom ettirishni topshirdilar.
Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlik qilishga, jumladan, ushbu xavfli kasallikni profilaktika qilish va davolash borasida, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi galdagi choralar bo‘yicha axborot va tajriba almashishga kelishib olindi.
Muloqot chog‘ida xalqaro hamkorlikka oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.