O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 873 fuqaro qoldi, 13 bemorning ahvoli ogʻir
2020-05-02 | Sog‘liqni saqlash
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Ayni daqiqalarga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan roʻyxatga olinganlar soni 2094 nafarni tashkil etdi. Ularning 1212 nafari, yaʼni 58 foizi kasallikdan toʻliq sogʻaygan. Bemorlarni davolashda samaradorlik sezilarli ortib boryapti. Kechaning oʻzida 79 bemor ushbu kasallikdan toʻliq sogʻaygan va reabilitatsiya markazlariga oʻtkazilgan. Hozirgi paytda Jizzax va Qashqadaryo viloyatidan tashqari barcha hududlardagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari va moslashtirilgan shifoxonalarda 873 bemor davolash muolajalarini olyapti. Ulardan 11 nafarining ahvoli ogʻir, 2 nafarining ahvoli oʻta ogʻir, deb baholanyapti.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. Ushbu tadbirlarga va cheklovlarga amal qilishimiz kerak. Yumshatilgan vaziyatdan foydalanib, ortiqcha harakatlarni qilmasligimiz lozim. Nechogʻlik oʻzimizga, oila aʼzolarimizga, yaqinlarimizga sergak boʻlsak, bordi-keldilardan bir muncha tiyilsak, sabr qiladigan boʻlsak, epidemiologik barqaror muhitga tezroq yetib boramiz.