Axborot texnologiyalari sohasidagi yirik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Joʻra Abdullayev shu yil 18-aprel kuni 93 yoshida vafot etdi.
J.Abdullayev 1927-yil 21-fevralda Toshkent shahrida tugʻildi.
1953-yilda Oʻrta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasining Avtomatika va telemexanika instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1959-yilda nomzodlik, 1974-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
J.Abdullayev oʻz mehnat faoliyatini 1956-yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutining kichik ilmiy xodimi sifatida boshladi. Ushbu maskanda katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali mehnat qildi. Keyinchalik Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Toshkent elektrotexnika va aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) rektori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti vazifasini bajaruvchisi, mexanika va informatika fanlari boʻlimi raisi, Informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi bosh ilmiy xodimi kabi masʼul vazifalarda samarali xizmat qilib, respublikamizda malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, zamonaviy ilm-fan tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshdi.
Zahmatkash olimning axborot texnologiyalari sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan koʻplab maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida yaxshi maʼlum. Uning bir qator ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlarida muvaffaqiyatli qoʻllanib kelmoqda.
Jonkuyar ustoz, mohir pedagogning bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik J.Abdullayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Joʻra Abdullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev, I.Abdurahmonov