O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini oʻtkazish haqidagi BAYONOTI

2020-04-13 | Jamiyat

Maʼlumki, yaqin kunlarda musulmonlar intiqib kutadigan, muborak Ramazoni sharif oyi kirib kelmoqda. Har yili yurtdoshlarimiz Ramazon oyini alohida tayyorgarlik va xursandchilik bilan kutib oladilar va koʻtarinki ruhda, oʻzgacha shukuh bilan oʻtkazadilar. 

Chunki, Ramazon oyida moʻmin-musulmonlarning rizqiga baraka, amallariga ulkan ajru savoblar ato etiladi. Zero, Alloh taolo Ramazon oyida moʻminlarga kunduz kunlari roʻza tutmoqlikni farz, tunlari tarovih namozini oʻqimoqlikni nafl qilib bergan. Ramazon oyida Qurʼoni karimni hech boʻlmasa bir marta boshidan oxirigacha oʻqib xatm qilish Paygʻambarimiz alayhissalomning sunnatlaridandir. Roʻzadorlarga iftorlik qilib berish, muhtojlarga xayru sadaqalar ulashish ushbu oyga xos boʻlgan amallardan sanaladi.

Lekin, ming afsuski, bugungi kunda butun dunyo boʻylab, jumladan, yurtimizda ham Koronavirus pandimeyasi tarqaldi. Bu kasallik keng tarqalishini oldini olish maqsadida yurtimizda karantin eʼlon qilindi.

Maʼlumki, ushbu holat vujudga kelgani munosabati bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishini oldini olish boʻyicha FATVOSI” eʼlon qilindi. Fatvoda yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha jamoaviy namozlar vaqtincha toʻxtatilib, musulmonlarimizga namozlarni uylarida ado etishlari lozim ekanligi yetkazildi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini oʻtkazish boʻyicha qoʻshni va xorijiy mamlakatlardagi holat oʻrganildi. Jumladan, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda tarovih namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirilmasligi haqida bayonotlar eʼlon qilindi.

Shuningdek, qoʻshni Qozogʻiston va Qirgʻiziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilindi va yagona toʻxtamga kelish haqida qaror qilindi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shuningdek, fuqarolarimiz orasida Ramazon oyida koʻzda tutilgan diniy marosimlar sababli karantin talablari buzilishini oldini olish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni quyidagi koʻrsatmalarga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi:

1. Ramazon oyida moʻmin-musulmonlarimiz tarovih namozlarini, xatmi Qurʼonlarni oʻz oila aʼzolari bilan xonadonlarida oʻtkazsinlar.

2. Muborak Ramazon oyida moʻmin musulmonlarimizning ruhini koʻtarish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qurʼonlari onlayn tarzda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilsin.

3. Iftorlik savobidan umidvor boʻlgan sahovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun moʻljallagan mablagʻlarini “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari” orqali moddiy koʻmakka muhtoj oilalarga yetkazsinlar.

4. Barcha musulmonlarimiz qoʻni-qoʻshni va yaqin qarindoshlarni toʻplagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zid kelishi barobarida Alloh taoloning ishboshilarga itoat qilish haqidagi Niso surasi : “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Paygʻambarga va oʻzlaringizdan (boʻlmish) boshliqlarga itoat etingiz!...” 59-oyatiga hilof ekanini anglashlari lozim.

5. Zakot mablagʻlarini hamda fitr va fidya sadaqalarini “Vaqf” hayriya jamoat Fondi va uning hududiy boʻlinmalari hisob raqamlariga yoki “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari”ga topshirishlari tavsiya etiladi.

6. Ramazon oyi davomida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan koʻrsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obroʻli diniy ulamolarimizning ushbu Bayonotda belgilangan vazifalarni xalqimizga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilinsin va keng yoritilsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, “Ramazon – rahmat va sabr oyi” mavzusidagi maʼruzalarni muntazam on-layn tarzda berib borishni yoʻlga qoʻysinlar.

8. Musulmonlarimiz xonadonlarida Alloh taolodan koronavirus balosini tez kunlarda bartaraf etishini soʻrab, ixlos bilan duo qilsinlar.

Alloh taolo tez kunlarda bemorlarimizga shifoi komil berib, dunyo xalqlari, jumladan yurtimizdan bu kasallikni koʻtarsin! Hamda fazilatli jamoatlar bilan ibodatlarni komil suratda ado qilishni barchamizga nasib qilsin!

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar kengashi

Manba: O'zA

Поделиться