Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda davlat rahbarlari anʼanaviy doʻstona va samimiy ruhda ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy sohada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda ayrim mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashdilar.
Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirish va saʼy-harakatlarni birlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti pandemiyaga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak uchun Mun Chje Inga samimiy minnatdorlik bildirdi. Xususan, mart oyining oxiridan mamlakatimizda koreyalik professor – epidemiolog mutaxassis faol ishlamoqda, bilim va koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashmoqda. Shu oyda mazkur diyordan yurtimizga yana bir tajribali mutaxassis – anesteziolog-reanimatologning kelishi kutilmoqda. Fuqarolarimizni evakuatsiya qilish va zarur tibbiyot vositalari yetkazish uchun charter reyslar tashkil etildi.
Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga hamda Oʻzbekistonda Koreya tibbiyotining, shu jumladan karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitatsiya tadbirlarini oʻtkazish, tibbiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ilgʻor tajribasini samarali joriy etishga qatʼiy intilishlarini qayd etdilar.
Ikki davlat sogʻliqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot markazlari oʻrtasida saʼy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va tezkor hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Muloqotda Prezidentlar mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va ilmiy-innovatsion hamkorlikda erishilgan surʼatlarni saqlab qolish masalalariga batafsil toʻxtaldilar.
Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalari hamda ushbu mamlakat Eksimbanki va “EDCF” jamgʻarmasi ishtirokidagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarning amalga oshirilishi tahlil qilindi.
Savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni sezilarli darajada ortgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu ishbilarmon doiralarning oʻzaro qiziqishi kuchayib borayotganiga dalolat ekani haqida yakdil fikr bildirildi.
Oʻtgan yil aprel oyida mamlakatimizga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlarni toʻliq amalga oshirish hamda Seulda boʻlajak uchrashuvga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hukumatlari darajasida faol muloqotlar va almashinuvlarni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Telefon muloqoti yakunida Prezident Mun Chje In Koreya Respublikasi birodar Oʻzbekistonga bugun dolzarb boʻlib turgan qiyinchiliklar va zamonaviy xatarlarni tez fursatlarda yengib oʻtishda barcha zarur yordam va koʻmakni koʻrsatishga tayyor ekanini yana bir bor bildirdi.
Manba: O'zA