O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-04-11 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada soʻnggi yillarda dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor oʻsimliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish va ularni qayta ishlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mahalliy floraga mansub 4,3 mingdan ortiq oʻsimliklarning 750 turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun roʻyxatga olingan, shundan 70 turi farmatsevtika sanoatida faol qoʻllanib kelinmoqda.

2019-yilda 48 million AQSH dollari qiymatidagi qayta ishlangan dorivor oʻsimliklardan olingan mahsulotlar eksport qilingan.

Shu bilan birga, tahlillar dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, ularning plantatsiyalarini tashkil etish, qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish zarurligini koʻrsatmoqda.

Dorivor oʻsimliklar yetishtirish va qayta ishlashni yana-da rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash maqsadida:

1.Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining 2020-yil 1-maydan boshlab dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlarini (keyingi oʻrinlarda – dorivor oʻsimliklar klasteri) tashkil etish, shuningdek, hududlarni dorivor oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2.Dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3.Belgilab qoʻyilsinki:

a) dorivor oʻsimliklar klasteriga yer maydoni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va tashabbuskorlar oʻrtasida tuziladigan bitim asosida ajratiladi;

b) xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etiladigan dorivor oʻsimliklar klasteriga yer maydoni Qishloq xoʻjaligi vazirligi, oʻrmon fondi yerlarida esa Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan tuziladigan investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangandan soʻng Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.

Bunda, dorivor oʻsimliklar klasterlariga yer maydoni dorivor oʻsimliklar yetishtirishga mos boʻlgan, yuridik va jismoniy shaxslarga ajratilmagan va qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan, zaxiradagi yerlardan, shuningdek, lalmi va oʻrmon fondi yerlaridan ajratiladi;

v) dorivor oʻsimliklar klasterini tashkil etadigan tashabbuskor tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (oʻrmon fondi yerlarida – Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi)ga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

dorivor oʻsimliklar klasterini tashkil etish boʻyicha ariza;

dorivor oʻsimliklar klasteri faoliyatini tashkil etishda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, muhofaza qilish, qayta ishlash va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan biznes-reja yoki texnik-iqtisodiy asosnoma;

dorivor oʻsimliklar klasterining faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma obyektlari (foydalanish huquqi asosida), shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarning mavjudligi haqida maʼlumotnoma.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari dorivor oʻsimliklar klasterlarini tashkil etishda iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zarur infratuzilma obyektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega boʻlgan salohiyatli yuridik shaxslarni tanlash va shakllantirishga shaxsan masʼul hisoblanadi.

4.Quyidagilar dorivor oʻsimliklar klasterining asosiy vazifalari etib belgilansin:

dorivor oʻsimlik yetishtiruvchilar bilan yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish boʻyicha shartnomalar tuzish, ularni urugʻlik, mineral oʻgʻitlar, texnika, yoqilgʻi va boshqa vositalar bilan taʼminlash;

ixtisoslashtirilgan hududlarda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, urugʻliklar va koʻchatlar tayyorlash, bosqichma-bosqich zamonaviy dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etish;

dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va urugʻchiligini tashkil etishda ilgʻor ilm-fan yutuqlarini qoʻllash;

dorivor oʻsimliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro faol hamkorlik qilish va sohaga bosqichma-bosqich innovatsion yechimlar (nou-xau) joriy etish;

dorivor oʻsimliklar yetishtirish va ularni qayta ishlashga xorijiy kompaniyalarning investitsiyalari hamda ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish;

dorivor oʻsimliklar va ulardan olinadigan mahsulotlarga boʻlgan ichki bozor talabini qondirish hamda ularni eksport qilish;

tajriba va maʼlumotlarning doimiy almashinuvini tashkil etish orqali ushbu yoʻnalishdagi xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro tadqiqot dasturlari, anjumanlar va simpoziumlarda ishtirok etish.

5. Belgilansinki:

a) dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari resurs tejovchi texnologiyalarni qoʻllagan holda, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan barpo etiladi;

b) dorivor oʻsimliklar klasterlariga:

yer maydonlarini foydalanishga kiritishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5742-son Farmonida;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samaradorgaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4422-son qarorida;

qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi “Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4268-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.

6.Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining dorivor oʻsimliklar klasterlari, dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchilar va ularni qayta ishlovchilar tomonidan 2023-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan xomashyo, shu jumladan, madaniy plantatsiyalar barpo etish uchun urugʻ va koʻchatlarni, uskunalar hamda maxsus texnikalarni, shuningdek, fitobarlar uchun vending avtomatlarini bojxona bojidan ozod qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Bunda, vending avtomatlari faqat fitobarlar tashkil etish uchun, bojxona imtiyozlari berilishi hisobidan boʻshaydigan mablagʻlar ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash va modernizatsiya qilishga maqsadli yoʻnaltiriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda:

bir oy muddatda kamayib borayotgan tabiiy holda oʻsuvchi noyob dorivor oʻsimliklar roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor oʻsimliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirsin, shuningdek, ularning tizimli ravishda yangilab borilishini taʼminlasin;

tibbiyotda qoʻllaniladigan dorivor oʻsimliklar kolleksiyasi uchastkasi va genbankini tashkil etsin;

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻsimlik xomashyosini chuqur qayta ishlash asosida dori substansiyalari ishlab chiqarishni tashkil etish mexanizmlarini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8.Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikdadori dori vositalari bilan bir qatorda kimyoviy dori vositalarining organizmga salbiy taʼsirining oldini olish xususiyatlariga qarab dorivor oʻsimliklarni minimum standart retseptlariga kiritish boʻyicha tegishli hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritsin;

2020-yilning 1-iyundan boshlab tibbiyot muassasalari, shu jumladan, oilaviy poliklinikalar va qishloq (ovul) vrachlik punktlarida fitobarlar tashkil etsin;

b) Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi qoshidagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash fondi mablagʻlari hisobidan xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, koʻrsatadigan xizmat turlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirsin.

9.Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi har yili 1-dekabrga qadar farmatsevtika tarmogʻining dorivor oʻsimliklarga boʻlgan talabi (turi, hajmi, texnologik talablar va boshqalar)ni Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining markaziy apparatida Dorivor va ziravor oʻsimliklarni rivojlantirish boʻlimi negizida 5 ta shtat birligidan iborat Dorivor va ziravor oʻsimliklarni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin.

Mazkur boshqarmaning qoʻshimcha shtat birliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari va tizimidagi 3 ta shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida mavjud shtat birliklari doirasida dorivor oʻsimliklar seleksiyasi, urugʻchiligi va agrotexnikasi boʻlimini tashkil qilsin.

Bunda, mazkur boʻlimga dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, ularning seleksiyasi va urugʻchiligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda agrokimyokartogrammalar ishlab chiqish vazifalari yuklatilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, tijorat banklari bilan birgalikda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, urugʻchiligi va onalik koʻchatzorlarini tashkil etish uchun xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining mablagʻlari va grantlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

13. Belgilansinki:

kamayib borayotgan tabiiy holda oʻsuvchi noyob dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash) va tashqariga olib chiqish uchun ruxsatnomalar ajratiladigan kvotaning kamida 50 foizi hajmida tabiiy plantatsiyalarni barpo etish sharti bilan beriladi;

 

dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar uchun, arizalarni koʻrib chiqqanlik va ruxsatnoma berganlik uchun undirilib, mahalliy byudjetga yoʻnaltiriladigan toʻlovlar (oʻrmon fondi yerlari bundan mustasno) tabiiy holda oʻsuvchi, shu jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi;

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tabiiy holda oʻsuvchi, shu jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun mahalliy byudjetga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni sarflanishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:

a) Fanlar akademiyasi bilan birgalikda:

yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar muhofazasini kuchaytirish, ularni tabiiy plantatsiyalar barpo etish yoʻli bilan tiklash choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda kamayib borayotgan noyob dorivor oʻsimliklar mavjud boʻlgan “maxsus hudud”larni ajratish va ularni muhofazaga olish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini, onalik koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalarni ishlab chiqish xarajatlarini qoplash tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:

a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalar boʻyicha grant tanlovlarini eʼlon qilishni taʼminlasin. Bunda, dorivor oʻsimliklar madaniy plantatsiyalarini yaratish, urugʻchiligi onalik koʻchatzorlarni tashkil etish va innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilsin;

dorivor oʻsimliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish va qayta ishlash boʻyicha “startap” loyihalar shakllantirilishini hamda grant tanlovlari asosida amalga oshirilishini taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Oʻzbekiston dorivor oʻsimliklari” kichik innovatsion korxonasini tashkil etsin. Bunda, ushbu korxonaning asosiy vazifasi etib dorivor oʻsimliklarning namunaviy klasterini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarga oid ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini joriy etish va targʻib qilish, hududlarda fitobarlar ochish, dorivor oʻsimlik yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisoblanadi.

Belgilansinki, “Oʻzbekiston dorivor oʻsimliklari” kichik innovatsion korxonasi faoliyati Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, bank kreditlari, tashabbuskorlar mablagʻlari, homiylik, xizmat koʻrsatishdan tushadigan, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab 2025/2026 oʻquv yiliga qadar oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimida dorivor oʻsimliklarga oid maxsus soatlarni oʻquv rejalariga kiritsin;

2020/2021 oʻquv yili boshlangunga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda oʻquv dasturlari, darsliklar va qoʻllanmalarga dorivor oʻsimliklar haqida maʼlumotlar kiritilishini taʼminlasin;

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab maktab va oliy taʼlim muassasalarida fitobarlar tashkil etsin.

 

17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yilning 1-iyunidan boshlab bosqichma-bosqich barcha vazirlik va idoralarda, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamda mahalliy aeroportlarda, barcha turdagi avtovokzal, temir yoʻl vokzallarida, bozorlar, sanatoriy-kurort muassasalarida hamda boshqa aholi gavjum joylarda fitobarlar tashkil etish choralarini koʻrsin.

 

18. Belgilab qoʻyilsinki, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat muassasalarida fitobarlar tashkil etilganda, davlat mulki obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovi belgilangan miqdorlari 50 foizga kamaytirilgan holda hisoblanadi.

Bunda, fitobarlar vending avtomatlari orqali tashkil qilingan hollarda, davlat mulki obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlari hisoblanmaydi.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligining palata markaziy apparatida mavjud shtat birliklari doirasida Dorivor va ziravor oʻsimlik yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin;

 

Bunda, mazkur boʻlimning asosiy vazifalari dorivor va ziravor oʻsimlik yetishtiruvchilar manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash, xorijiy mamlakatlarda koʻrgazmalar tashkil etish, yetishtiriladigan dorivor va ziravor oʻsimliklarning xususiyatlari, ular yetishtiriladigan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi elektron axborot tizimni yaratish ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

 

20. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari (Oʻ.Barnoyev):

ikki hafta muddatda 2020-yilda dorivor oʻsimliklarni yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchilar tomonidan tashkil etiladigan klasterlarning manzilli roʻyxati va dorivor oʻsimliklar yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlarini tasdiqlasin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining taklifiga koʻra, har yili 1-oktyabrga qadar dorivor oʻsimliklar klasterlari tashkil etuvchilarning roʻyxatini shakllantirsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda dorivor oʻsimliklar madaniy plantatsiyalarini va onalik koʻchatzorlarini barpo etish uchun olib kelinadigan urugʻ va koʻchatlar uchun karantin ruxsatnomasini berish tartibini soddalashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

22. Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining buyurtmasiga asosan dorivor oʻsimliklar sohasida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar va mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga yuborsin.

23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari:

Oʻzbekiston dorivor oʻsimliklari kichik innovatsion korxonasi tomonidan namunaviy dorivor oʻsimliklar klasterlari va joylarda fitobarlar tashkil etilishini;

Dorivor oʻsimliklar klasterlariga dorivor va ziravor oʻsimliklarni yetishtirishga mos boʻlgan yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

25. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga dorivor oʻsimliklarning tibbiy ahamiyati, tibbiyotda qoʻllanilishi, xalq tabobati, dorivor oʻsimliklar tabiiy plantatsiyalarini yaratish, onalik koʻchatzorlarni tashkil etish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga oid maxsus koʻrsatuvlar va roliklarni muntazam namoyish etib borish yuklatilsin.

26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 10-aprel

Поделиться