Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga MUROJAATI
Aziz mirishkor dehqonlar va tomorqa yer egalari!
Ayni paytda butun jahonni koronavirus pandemiyasi qattiq xavotir va tashvishga solib turibdi. Keyingi yillarda dunyo hamjamiyati bilan chuqur integratsiyaga kirishib, jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgan Oʻzbekistonimiz ham bu ofatdan chetda qolishi mumkin emasdi.
Barchamizga maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish, butun dunyo xalqlari qatorida yurtimiz aholisini ham tashvishga solayotgan bu ofatdan oʻzimizni, oilamiz va mahallamizni saqlash uchun qatʼiy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu masala yuzasidan davlatimiz rahbarining keyingi yigirma kun mobaynida xalqimizga uch marta murojaat bilan chiqqanlari ham shundan dalolat beradi.
Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shu yil 3-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida muhtaram Prezidentimiz el-yurtimizga yana bir marta murojaat etdi. Chin yurakdan izhor etilgan ushbu samimiy va taʼsirchan murojaat barcha xalqimiz qatori fermer, dehqon va tomorqa yer egalarimizga ham juda katta ruhiy dalda boʻldi.
Muhtaram Prezidentimiz hammamiz yana-da jipslashib, sabr-matonatli boʻlish bilan birga, yuksak tafakkur, qatʼiy intizom va ulkan masʼuliyat koʻrsatishimiz lozimligini taʼkidladi.
Videoselektor yigʻilishida dehqonchilik yumushlari qizgʻin pallaga kirgan shu gʻanimat kunlarda fermer va tomorqachilarimizga ham tetik va bardam boʻlib, tushkunlikka tushmasdan, ayniqsa, kerakli tibbiy qoidalarga qatʼiy amal qilgan holda qishloq xoʻjaligi ishlarini izchil davom ettirish boʻyicha zarur maslahat va yoʻl-yoʻriqlar berildi. Zotan, karantindan keyin ham hayot davom etishini albatta hammamiz yaxshi tushunamiz.
Xalqimizning birlamchi turmush ehtiyojlarini taʼminlash, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda agrar sohaning gʻoyat muhimligi kundek ravshan. Yuzaga kelgan inqiroz chuqurlashib ketmasligi uchun ham bobodehqonlarimiz ayni kunlarda har bir lahzani gʻanimat bilishlari joiz.
Siz, aziz dehqonlar yetishtiradigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xalqimiz dasturxoniga yetkazib, bozorlarimizda narx-navoning oʻrinsiz oshib ketishining oldini olishni taʼminlash eng asosiy vazifamiz ekanini unutmasligimiz zarur. Bu borada mirishkor dehqonlarimiz tomonidan bugungi kunga qadar bajarilgan ishlar tahsinga sazovordir.
Mavjud noqulayliklarga qaramasdan mahsulotlaringizni xalqimizga yetkazib berish uchun aholi yashash punktlarida koʻchma savdo doʻkonlari, kichik savdo yarmarkalari tashkil qilinmoqda.
Aziz yurtdoshlar, mamlakatimizga chetdan kirib kelgan koronavirus pandemiyasi misli koʻrilmagan tashvishlarni keltirib chiqarayotgan bir paytda, tomorqalarimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari bilan xalqimiz farovonligini, dasturxoni toʻkinligini, bozorlarimizdagi arzonchilikni taʼminlash har birimizning insoniy burchimizdir. Barchani bu muqaddas burchimizni vijdonan ado etishga chaqiramiz!
Yurtimizning barcha hududida mehnatidan baraka topayotgan tajribali dehqonlar koʻp. Tomorqa har bir oilaning bamisoli xazina manbai. Ayni vaqtda mamlakatimizda sizlar – 4,5 milliondan ortiq dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egasi 435 ming gektar unumdor ekin maydonida mehnat qilmoqdasiz.
Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanish, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni munosib holatga keltirish uchun harakat qilaylik. Bunday amaliy ibrat asosida ulgʻaygan farzandlarimiz ham yaxshi yashashga intilib, oʻz kelajagi uchun astoydil mehnat qiladi.
Maʼlumki, dehqonchilikda bahorning bir kuni bir yilga tatiydi. Koʻpni koʻrgan, omilkor dehqonlarimiz mana shunday hal qiluvchi pallada qanday yumushlarni bajarish zarurligini juda yaxshi biladi. Tabiat injiqliklari bilan kurashlarda toblangan tajribali dehqonlarimiz vujudga kelgan vaziyatni toʻgʻri qabul qilgan holda, har bir daqiqani gʻanimat bilib, undan unumli foydalanadilar, deb ishonamiz.
Hozirgi sinovli davrak berishga chaqiramiz.
Bu borada koʻrsatgan moddiy va maʼnaviy gʻamxoʻrligingiz, savobli ishlaringiz ularning kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshadi. Unutmang, mahalladoshlaringizga koʻrsatilgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik sizlar kuzda oladigan moʻl hosilning barakali boʻlishini taʼminlaydi.
Mana shunday ezgu va olijanob ishlarda barchangizga muvaffaqiyat va omad yor boʻlsin!
Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi