O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qudratimiz – birlikda, biz gʻalaba qozonamiz!

2020-04-05 | Jamiyat

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining barcha vatandoshlar, mehnatkashlar, faxriylar, ayollar va yoshlarga
MUROJAATI
 

Bugun dunyoning barcha puchmoqlarida tahlikali bir sharpa kezib yuribdi. Kezganda ham, koʻrinmas qoʻli bilan insonlarning shirin joniga chang solish harakatida boʻlmoqda. Uning yana bir dahshatli izi jahon iqtisodiyotini tanazzulga yetaklamoqda. Farovonlik va taraqqiyotga zarba bermoqda. Kun-u tun shovqinga toʻlgan shaharlar birin-ketin jimgina boʻshab qolmoqda... Bu mashʼum pandemiyaning dunyo va biz kutmagan manzaralari... Hali yana nimalar roʻy berishini esa hech kim bilmaydi... Ammo xalqimizning qalbida bir ishonch borki, bu sinovlardan talafotsiz oʻtish umidi – Allohning marhamati, davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyevning oqilona siyosati, millat birdamligiga ishonchdir.
 
Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurash boʻyicha strategik rejani oʻz vaqtida va juda qisqa fursatda qabul qildi. Mamlakatda mintaqalar xususiyatlarini hisobga olgan holda epidemiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi. Umumiy maqsad aniqlandi – qatʼiyat bilan kasallik tarqalishining oldini olish. Buning kuchi shundaki, butun mamlakat ushbu pandemiyaga qarshi kurashda yagona rejaga amal qilishi zarur. Ushbu yoʻnalishdagi asosiy jihatlar infeksiya manbasini nazorat qilish va uning tarqalish yoʻllarini yopishdir.
 
Millat lideri profilaktika va nazoratning asosiy talablarini aniq belgilab berdi: erta aniqlash, erta maʼlumot berish, erta karantin va erta davolash, bemorlar, mutaxassislar va imkoniyatlarni kerakli joylarda jamlash.Asosiy vazifa davolanishga qabul qilingan va davolanib boʻlgan bemorlar sonini oshirish, shuningdek, kasallikni yuqtirish koʻrsatkichini kamaytirish boʻldi.
 
Odamlar harakatini qatʼiy va har tomonlama nazorat qilish va boshqarish juda muhim ahamiyatga ega. Bunday strategik yechimni ishlab chiqish uchun Sh.Mirziyoyevning ulkan siyosiy jasorati kerak edi. Agar yordam qoʻlini choʻzish kerak boʻlsa, albatta qoʻl choʻzilishi kerak, chunki ikkilanish odamlarda tartibsizlik va vahima uygʻotishi mumkin.
 
Biz ishonamizki, Oʻzbekiston xalqi oʻz davlatining qudrati va ruhini, ulkan masʼuliyat va onglilikni namoyon etmoqda, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Nafaqat oʻzbek xalqining, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrilmoqda.
 
Virus tarqalishining oldini olish uchun mamlakatdagi eng yirik jamoatchilik tashkilotining 5 millionlik armiyasi va mahallalarning har bir aʼzosi karantin nima uchun zarurligini anglab yetishi kerak. Bugun bizning asosiy vazifamiz uyda qolish ekanini hech kim yodidan chiqarmasligi lozim.
 
Bu virus hech kimni – na boyni, na kambagʻalni, hech bir mamlakatni ayab oʻtirmaydi. Oilamiz va doʻstlarimizni asrab qolish uchun uyda qolishimiz kerakligini tushunmaslik va bu talablarni eʼtiborsiz qoldirish XIYONATdir.
 
Davlatimiz rahbari bizni imkon qadar hushyorlikni yoʻqotishdan ehtiyot boʻlishga undaydi, biz tasodifga ishonmasligimiz va harakatlarimizni susaytirmasligimiz kerak. Aks holda, bu erishilgan barcha natijalarni yoʻq qilish darajasidagi ogʻir oqibatlarga olib keladi. Davlat idoralari, barcha darajadagi rahbarlar, kasaba uyushma tashkilotlari, mamlakatning barcha vatanparvar fuqarolari pandemiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha ishlarni davom ettirish uchun tishni tishga qoʻyib, qoʻllarni musht qilib, gʻalabaga boʻlgan ishonchlarini kuchaytirishlari talab etiladi.
 
Prezidentimiz tibbiyot xodimlari bu pandemiyani yengishda asosiy kuch ekanini alohida taʼkidlamoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun xorijlik mutaxassislarning imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga pandemiyaga qarshi kurashda jangovar ruhni saqlab qolishlari, insonlar hayotini himoya qilish, shahdi va shiddati, kuchli irodasini namoyon etishlari uchun ruhiy madad va doimiy gʻamxoʻrlik koʻrsatilishi lozim.
 
Iqtisodiyot va jamiyat – bu uzoq vaqt bir joyda toʻxtab qolishi mumkin boʻlmagan yagona tizim. Prezident taʼkidlaganidek, koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olishni kafolatlash bilan bir qatorda, ishlab chiqarishni qayta tiklash, odamlar hayoti xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish maqsadlariga erishish zarur.
 
Aziz vatandoshlar!
 
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi barcha vatandoshlar, ishchi-xizmatchilar, faxriylar, ayollar va yoshlarni xalqimiz tomonidan yakdillik bilan saylangan muhtaram Millatimiz Sardori Shavkat Mirziyoyevning daʼvatlari yoʻlida birlashishga va boshimizga tushgan jiddiy sinovni tezroq yengib oʻtish uchun barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga chaqiradi:
 
- Bugun Vatanimizning har bir farzandi koronavirusga qarshi kurashish va uning hayotimizga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun shaxsiy javobgarligini his qilishi zarur;
 
- Ishlab chiqarish korxonalari, firma va kompaniyalar ishchilari, mard va tanti fermerlarimiz, ijtimoiy soha vakillari oʻz faoliyatini iqtisodiyotimiz barqarorligi – Oʻzbekistonimiz farovonligining asosini taʼminlash uchun bir necha barobar oshirishi kerak.
 
- Shifokorlarimiz, hamshiralarimiz, sanitarlarimiz, qoʻyingki, barcha tibbiyot xodimlari bugun fidoyilik, jonfido qahramonlik koʻrsatib mehnat qilmoqdalar. Barchamiz ularning talab va tavsiyalariga qatʼiy rioya qilishimiz va soʻzsiz itoat etishimiz shart;
 
- Biz aziz faxriylarimizni, keksa yurtdoshlarimizni donolik va bosiqlikka, karantin bekor qilinmaguncha uylaridan chiqmaslikka, yosh avlodga intizom namunasini koʻrsatishga va shifokorlar tavsiyalariga amal qilishga chaqiramiz!
 
- Biz ayollarimiz, onalarimiz va opa-singillarimizni – oila oʻchogʻining chinakam farishtalarini biron bir uyga, biron bir oilaga balo kelmasligi uchun barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga undaymiz!
 
- Biz davlatimizning kelajak avlodiga – oʻgʻil va qizlarimizga, yosh avlodga ehtiyotkorlik va vazminlikni unutmaslikka, vaziyatdan foydalanib, bilimlarini oshirishga, davlatimiz saʼy-harakati bilan tayyorlanayotgan televizion darslar va oʻquv dasturlarini qoldirmay koʻrishga chaqiramiz.
 
- Ishonchimiz komilki, mamlakat fuqarolarining tinchligi va xavfsizligini kun-u tun himoya qilayotgan fidoyi huquq-tartibot idoralari xodimlari bundan keyin ham oʻz vazifalarini sidqidildan bajaradilar. Biz ularga Oʻzbekistonning barcha mintaqalarida barqarorlik va tartibni saqlashga qaratilgan karantin tadbirlarini soʻzsiz amalga oshirishda har tomonlama koʻmak berishimiz lozim.
 
- Ushbu ogʻir davrda oʻzining gʻayriijtimoiy harakatlari bilan mamlakatimizdagi vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgan ayrim fitnachilarning turli mish-mish, faraz-u taxminlarining oldini olish uchun barchamiz qatʼiy choralar koʻrishimiz talab etiladi.
 
- Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Prezidentimiz atrofida birlashsak, shak-shubhasiz barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtamiz!
 
- Yangi Oʻzbekiston hayotining bosh tamoyilini hech qachon unutmang: “...hech bir odam, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligisiz qolmaydi!“
 
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining
 plenumida qabul qilingan.
2020-yil 4-aprel

Поделиться