O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2020-03-25 | Siyosat
2020-yil 24-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Videokonferentsaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Yalpi majlisda Senat a’zolari tomonidan qator qonun hujjatlari muhokama etildi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdi.
Qonunda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatganlik, shuningdek ularni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari va internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va ular borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishining real xavfini keltirib chiqargan bo‘lsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llashni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida sanitariya va epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi mumkin.
Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘talishi ta’minlanadi.
Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanadi.
Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik hamda Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va ular borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
So‘ngra Senat a’zolari “Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildi.
Ushbu Qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlarga va Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Milliy gvardiyaga quyidagi vakolatlarni yuklash nazarda tutilmoqda: tezkor-qidiruv tadbirlarining quyidagilardan iborat yangi turlarini joriy etish, tezkor-qidiruv ishlari ro‘yxatini va bunday ishlarni tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar hujjatlari bilan yuritish tartibini belgilash, tezkor-qidiruv faoliyati sohasida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining, shuningdek, chet el davlatlarining vakolatli organlari va turdosh xalqaro tashkilotlar xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarda ishtiroki masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Tezkor-qidiruv tadbirlarining yangi turlari joriy etilmoqda:
- texnik vositalarni (kompyuterlarni va aloqa qurilmalarini) tekshirish;
- telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlar, uzatiladigan xabarlar va ma’lumotlarni nazorat qilish;
- abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasida bog‘lanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish.
Ushbu tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish maxsus vakolatli davlat organiga yuklanadi.
Prokurorning roziligi bilan advokatning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma’lumotlarini nazorat qilinadi.
Ushbu tezkor-qidiruv tadbirlarining protsessual tartibi Jinoyat-protsessual kodeksda ochib berilmoqda.
So‘ngra senatorlar “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdi.
Qonun ijtimoiy hayotida va xalqaro maydonda o‘zbek tilining nufuzini oshirishga, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’analar va qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Qonun bilan 21 oktyabrni O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Shundan keyin Senat a’zolari “III va IV darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi hamda “Sog‘lom avlod uchun” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqdilar.
Ushbu qonunlarda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommalashtirish, jismonan sog‘lom hamda barkamol avlodni shakllantirishdagi alohida xizmatlari uchun fuqarolarni mukofotlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mazkur qonunlarda “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Shundan so‘ng senatorlar Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumanini tashkil etish hamda Hazorasp tumani chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumani tashkil etilishi ushbu tumanning ma’muriy markazi sifatida Pitnak shahrini yanada rivojlantirishga ko‘maklashadi. Ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Parlament yuqori palatasining uchinchi yalpi majlisda 7 ta masala ko‘rib chiqildi, shu jumladan 5 ta qonun ma’qullandi. Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari jamiyatda huquqiy tartibotni va barqarorlikni ta’minlash, islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash va mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.