O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2020-03-20 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Jahon miqyosida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda, shu jumladan, insonlarning harakatlanishiga cheklovlar kiritish va korxonalar faoliyatini toʻxtatish orqali misli koʻrilmagan choralar koʻrilmoqda.

Bu esa eng yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining keskin qisqarishi, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxining pasayishi va konyunkturaning yomonlashuvini keltirib chiqardi.

Global iqtisodiyot tizimining bir qismi boʻlgan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham mazkur omillar taʼsir qilmoqda, bu esa oʻz navbatida ushbu holatning salbiy taʼsirlarini yumshatish boʻyicha samarali oldini oluvchi choralar koʻrishni talab qiladi. Bunda turizm, transport, farmatsevtika va toʻqimachilik sanoati kabi respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish zarur.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, 10 trln soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi) tashkil etilsin.

Quyidagilar Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

a) koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish, shu jumladan:

davolash va boshqa muassasalarni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun zarur boʻladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan taʼminlash;

xavf-xatar ostida boʻlgan yoki virus yuqtirganlar bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni karantinda saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan himoya choralarini amalga oshirish xarajatlari uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratish;

yuqumli kasalliklarni aniqlash, profilaktika qilish va davolash boʻyicha tadbirlarga jalb etilgan davolash va boshqa muassasalarni qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash;

b) quyidagilar orqali tadbirkorlikni va aholi bandligini qoʻllab-quvvatlash:

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan birinchi navbatda ijtimoiy ahamiyatga ega isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish, sotib olish va sotish uchun berilgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplashga kafillik hamda kompensatsiya taqdim etishni kengaytirish;

respublika hududlarida iqtisodiy faollikni va bandlikni kengaytirishga qaratilgan qoʻshimcha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, eng avvalo, kichik sanoat zonalarida muhandislik kommunikatsiyalarini qurish;

v) aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, shu jumladan, quyidagilar uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratish:

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi orqali kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralarni kuchaytirish va nafaqa oluvchilar sonini oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasiga jamoat ishlarini kengaytirish;

“Ishga marhamat” monomarkazlarini va kasbga tayyorlash markazlarini tashkil qilish, shuningdek, mehnat migrantlarini kasbga va tilga oʻrgatishni tashkillashtirish orqali ularni qoʻllab-quvvatlash;

g) quyidagilar orqali iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash:

Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarni soʻndirish, shuningdek, birinchi darajali xarajatlarni amalga oshirish uchun foizsiz byudjet ssudalari ajratish yoʻli bilan strategik korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;

tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish;

koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy taʼsiriga eng koʻp uchraydigan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini, shuningdek, kredit portfeli sifati yomonlashgan hollarda tijorat banklarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha choralarini taqdim etish;

uch yilgacha boʻlgan muddatga foizsiz byudjet ssudalarini ajratish orqali soliq toʻlash muddatlari boʻyicha kechiktirish taqdim etilishi hamda tadbirkorlik faolligining sustlashishi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarida olinmay qolinadigan daromadlar oʻrnini toʻldirish.

2. Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari (shu jumladan, xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga), xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasini moliyalashtirishni taʼminlash maqsadida 2020-yilda byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va boshqa manbalar hisobidan 1 mlrd AQSH dollari miqdorigacha tashqi qarz mablagʻlarini, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori korxonalari, eksport qiluvchilar va tijorat banklarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish choralarini koʻrsin;

ikki hafta muddatda soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish orqali ishga solinmagan zaxiralarni izlab topish, hisoblangan soliqlar toʻliq toʻlanishini taʼminlash, “yashirin” iqtisodiyotni qisqartirish hamda soliq va bojxona maʼmurchiligining yangi samarali shakllarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har oyda kompleks chora-tadbirlar ijrosi hamda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-iyunga qadar yuzaga kelayotgan makroiqtisodiy vaziyatni, shuningdek, quyidagilarni hisobga olgan holda 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini aniqlashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin:

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash, jumladan, kichik sanoat zonalariga muhandislik kommunikatsiyalarini oʻtkazish uchun imkoniyatlarni taqdim etuvchi yana-da ustuvor boʻlgan infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga mablagʻlarni qayta yoʻnaltirgan holda Investitsiya dasturini qayta koʻrib chiqish;

Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasini tashkil etish hamda tadbirkorlikni va aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun xarajatlarni oshirish;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-yilda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzlarining chegaraviy hajmlarini qayta koʻrib chiqish;

qoʻshimcha xarajatlarni maqbullashtirish va cheklash yuzasidan aniq takliflarni kiritgan holda qatʼiy byudjet intizomi.

4. Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuzaga keladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal qilish va qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilansin.

Vazirlar Mahkamasi ikki kun muddatda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari boshchilik qiladigan Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining hududiy shtablarini ularning aniq funksiya va vazifalarini belgilagan holda tashkil etsin.

Barcha darajadagi rahbarlarning idoraviy mansub tashkilotlarda aholi va tadbirkorlik subyektlarining yuzaga kelgan muammo va qiyinchiliklarni hal etish maqsadida qilgan murojaatlariga alohida eʼtibor qaratish, rasmiyatchilik, sansalorlik va byurokratiyaga yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

5. Belgilansinki:

a) 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha boʻlgan davrda:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytiriladi;

alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytiriladi;

umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yigʻimlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytiriladi;

b) 2020-yil 1-apreldan 1-iyulgacha boʻlgan davrda turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatiladi;

v) qishloq xoʻjaligidagi yerlarni sugʻorish uchun foydalaniladigan hajmlar boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020-yilda oʻrnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytiriladi;

g) 2019-yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020-yil 1-avgustga qadar uzaytiriladi;

d) jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlash muddati 2020-yil 15-oktyabrga qadar uzaytiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-apreldan jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlarni soliqqa tortishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda mazkur bandda belgilangan imtiyozni 2020-yil 1-apreldan amalga kiritishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish, shuningdek, ularning stavkalarini kamaytirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish vakolati berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga faoliyati turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bogʻliq boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini 30 foizga kamaytirish tavsiya qilinsin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash boʻyicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) taqdim etsin. Bunda, koʻrsatib oʻtilgan soliqlarni toʻlashni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) soliq toʻlovchilarning arizasi, shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi hududiy boshqarmalari rahbarlarining xulosalari asosida, boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda taqdim etiladi.

8. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-oktyabrgacha boʻlgan davrda:

tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qoʻllash toʻxtatiladi;

soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha penyalar hisoblanishini toʻxtatib turadi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralarini koʻrmaydi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:

zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash hamda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb qilish yoʻli bilan soliq hisobotlarini tayyorlash va taqdim etishda “Soliq xizmati” DUK orqali soliq toʻlovchilarga yordam koʻrsatish;

soliq toʻlovchilarning davlat soliq xizmati organlariga tashrif buyurmasdan soliq majburiyatlarini bajarishi uchun ularga masofadan xizmat koʻrsatishni kengaytirish choralarini koʻrsin.

10. 2021-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini soliq auditidan oʻtkazish toʻxtatilsin, jinoyat ishlari doirasida va yuridik shaxsni tugatish munosabati bilan soliq auditidan oʻtkazish bundan mustasno.

Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.

11. Tadbirkorlik subyektlariga:

hisobot yilida amalga oshirilgan tovarlarning umumiy eksportiga nisbatan 10 foizdan oshmagan muddati oʻtgan debitor qarzdorligi mavjud boʻlgan taqdirda, kafolatlangan toʻlovni taʼminlamasdan tovarlar eksportini amalga oshirishga;

2020-yil davomida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligini soʻndirish evaziga texnologik asbob-uskunalar va xomashyo tovarlarini import qilish boʻyicha bir martalik operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Transport vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan birgalikda:

yuklarni chegara bojxona postlari orqali tezkorlik bilan oʻtkazish, ularning uzluksiz bojxona rasmiylashtiruvini, shuningdek, eksport va import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlarning berilishini taʼminlash boʻyicha tezkor shtab tashkil etsin;

2020-yil 1-apreldan boshlab, import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tezkor tartibda, shu jumladan, ruxsat beruvchi hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgunga qadar berish orqali bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmini joriy etsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki hafta muddatda global ishlab chiqarish zanjirlari, transport-logistika tizimlari va savdo aloqalaridagi uzilishlar taʼsir qilayotgan investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar yuzasidan takliflar kiritsin.

14. Hudud va tarmoqlarda eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga 2020-yil 1-oktyabrga qadar eksport qiluvchilarning transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan subsidiyalar taqdim etish haqida mustaqil qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.

Hudud va tarmoqlarda eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi ikki hafta muddatda eksport qiluvchilarni manzilli qoʻllab-quvvatlashning taʼsirchan chora-tadbirlarini tasdiqlasin, shuningdek, barcha mulkchilik shaklidagi eksport qiluvchilarning yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarini oʻz vaqtida aniqlash va tezkor hal qilishni taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan respublika hududlaridagi quyidagilarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashni nazarda tutuvchi 2020 yilga qoʻshimcha infratuzilma loyihalari roʻyxatini shakllantirsin:

kichik sanoat zonalari infratuzilma obyektlari uchun – 400 mlrd soʻm miqdorida;

shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalari, umumiy foydalanishdagi yoʻllarni joriy taʼmirlash uchun – 1 trln soʻm;

suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari uchun – 500 mlrd soʻm;

irrigatsiya va melioratsiya obyektlari uchun – 400 mlrd soʻm;

sogʻliqni saqlash obyektlari uchun – 500 mlrd soʻm;

umumtaʼlim maktablari va ijtimoiy sohaning boshqa obyektlari uchun – 800 mlrd soʻm;

iqtisodiy faollik va bandlikni, shu jumladan, ipoteka kreditlash hajmlarini oshirishni taʼminlovchi boshqa obyektlar uchun.

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishi va oʻrnatilgan talablarga rioya qilinishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

16. Belgilansinki:

koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi;

koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasi (uning oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) boʻlgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar sonini 2020-yil 1-apreldan boshlab 10 foizga oshirish choralarini koʻrsin;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar joriy qilsin;

Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan va oʻz faoliyatini toʻxtatgan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalari, sport va madaniyat muassasalari xodimlarining

ish haqlarini oʻz vaqtida toʻlab berilishini taʼminlasin;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda aholiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni taqdim etishning soddalashtirilgan tizimini tashkil etish choralarini koʻrsin.

18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy qilsin:

maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarning faoliyati toʻxtatilgan davrda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim maktablari boshlangʻich sinflari oʻquvchilarining ota-onalariga (ular oʻrnini bosuvchi shaxslarga, vasiylarga, homiylarga) yillik taʼtildan foydalanish grafigidan qatʼi nazar (shu jumladan, 6 oydan kam ishlaganlarga) yillik taʼtil taqdim etiladi;

karantinga oid choralar amal qilishi davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga oʻtkazishlari mumkin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) bank va toʻlov tizimlarining uzluksiz va barqaror faoliyatini taʼminlash choralarini quyidagilar orqali koʻrish:

pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish hisobiga pul bozoriga har oyda umumiy summasi 1 trln soʻmgacha likvidlik taqdim etish;

bankomatlarning yetarli miqdordagi naqd pul mablagʻlari bilan uzluksiz taʼminlanishi, shuningdek, masofaviy bank xizmatlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish;

b) tijorat banklari tomonidan:

turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi subyektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmogʻining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ajratilgan kreditlar boʻyicha umumiy summasi

5 trln soʻmlik qarzdorliklarni toʻlash boʻyicha kechiktirishni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirish;

xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun, shu jumladan, isteʼmol bozorini eng zarur tovarlar bilan toʻldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratish;

2020-yil 1-iyunga qadar kredit portfelini stress-testdan oʻtkazish, shuningdek, muammoli kreditlarning ortish xavfi mavjud boʻlgan banklarda aktivlar sifatini baholab borish natijalarini taqdim etish.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlik subyektlariga kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kafillik va kompensatsiyalar taqdim etish hajmlarini oshirishga boʻlgan talabni hisobga olgan holda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kapitallashuvini 500 mlrd soʻmgacha oshirsin.

21. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ:

bir oy muddatda “Uzbekistan airways” AJning 111 mln AQSH dollariga teng boʻlgan kreditini qoplash grafigini 2020-yil uchun qarzdorliklar toʻlovini toʻxtatgan holda qayta koʻrib chiqsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari yuzaga kelganligi munosabati bilan kreditlar va ular bilan bogʻliq toʻlovlarni qaytarish shartlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha “Uzbekistan airways” AJning xorijiy kreditorlari bilan muzokaralar olib borsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi uch kun muddatda cheklovlar amal qiladigan davr uchun yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari kelib chiqqanligi haqida rasmiy xabarnoma eʼlon qilsin hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning murojaatlari asosida bir kunlik muddatda tegishli sertifikatlar bersin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi:

isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan xomashyo resurslari hajmlarini monitoring qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻliq foydalanish uchun ularning birjaga qoʻyish hajmini oshirish choralarini koʻrsin;

oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi tomonidan importga xarid qilinadigan va intervensiya amalga oshiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining roʻyxati va zarur hajmlarini aniqlasin;

ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining bozorlardagi narxlari ustidan kunlik monitoring oʻtkazishni taʼminlasin hamda ularning narxlarini sunʼiy oshirish, sunʼiy tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yoʻl qoʻymaslik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi oziq-ovqat mahsulotlarini shartnomalar asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda, bozorni toʻldirish va ichki bozorlardagi mahsulotlar narxlarini barqarorlashtirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish uchun yetarli hajmlarda sotishni taʼminlasin.

25. Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi (A.N.Aripov):

joriy yil 22-martdan boshlab ikki oy davomida kunlik selektor yigʻilishlarini oʻtkazib, har bir hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma, transport va logistika, ijtimoiy soha obyektlari, savdo tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosini batafsil muhokama qilib borsin hamda ularning natijalariga koʻra yuzaga keladigan masala va muammolar boʻyicha tezkor qarorlar qabul qilsin;

ushbu Farmonning ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har hafta axborot berib borsin hamda, zarur hollarda, inqirozga qarshi kurashishning qoʻshimcha choralari boʻyicha takliflar kiritsin.

26. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish choralarining amalga oshirilishi, sanitariya-epidemiologik va tibbiyot muassasalarining uzluksiz faoliyatini taʼminlash ustidan shaxsiy nazorat oʻrnatsin;

tadbirkorlik subyektlari va aholining murojaatlarini tezkorlik bilan koʻrib chiqish, joylarda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va bandlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha zaxiralar aniqlanishini taʼminlasin.

27. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oshib borayotgan yuklamani hisobga olgan holda telekommunikatsiya infratuzilmasining barqaror faoliyatini taʼminlash choralarini koʻrsin hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari murojaatlarini qabul qilish uchun “tezkor aloqa liniyalari”ning uzluksiz ishlashini taʼminlasin.

28. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot

va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish hamda uning iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida aholi oʻrtasida tizimli ravishda axborot-maʼrifiy ishlarni tashkil etsin.

29. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 19-mart

Поделиться