O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Askarga maktub” loyihasiga start berildi
2020-03-19 | Jamiyat
Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusiga koʻra 18-mart kuni Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Askarga maktub” pilot loyihasini amalga oshirish maqsadida Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti muddatli xizmatchilari bilan “Askarga maktub” pilot loyihasiga start berildi.
“Askarga maktub” loyihasi Oʻzbekiston yosh fuqarolarida faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, ularda Vatanga muhabbat, uning tarixiy merosiga hurmat, millat manfaatlarini himoya qilish, uning xavfsizligiga gʻamxoʻrlik qilish kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek, yoshlarda harbiy xizmatni oʻtash borasida ijobiy fikrni uygʻotishga qaratilgan.
— Vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish maqsadida yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik taʼlimining yangi, nostandart usullari paydo boʻlishi uchun shart-sharoitlar yaratish loyihaning vazifalaridan sanaladi, — dedi Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy kotibi Noibaxon Mamadaliyeva. — Shuningdek,harbiy kasblar nufuzini oshirish, aksiya ishtirokchilarining ijodiy qobiliyatlarini oshkor qilishga qaratilgan mazkur loyiha yoshlarda Vatanga xizmat qilayotgan harbiylarni izzat-hurmat qilishga chorlaydi.
Ushbu loyihada maktab oʻquvchilari, oʻqituvchilar va muddatli xizmatga chaqirilgan soldatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Yoʻqolib borayotgan xat yozish madaniyatini qayta tiklash, uni rivojlantirish orqali yoshlar ijodiy fikrlashga oʻrganadi, ularning vatanparvarlik tuygʻusi kuchayadi, fuqarolik burchi tushunchasi shakllanadi. Loyiha Oʻzbekistonning istalgan shahri va muassasasida amalga oshirilishi mumkin.
Unda yaqinlari milliy armiyada xizmat qilayotgan yoshlar — maktab oʻquvchilari, talabalar, shuningdek, taʼlim muassasalari va harbiy qismlardagi taʼlim jarayoni ishtirokchilari — oʻqituvchilar, harbiy instruktorlar, psixologlar, askar va ofitserlar ishtirok etadilar. “Askarga maktub” aksiyasi doirasida maktublar nafaqat harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarga, urush va mehnat faxriylariga ham yuborilishi mumkin.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, yoshlarning harbiy xizmatda boʻlgan qarindoshlari boʻlmasa, bunday xatlarni oʻz doʻstlariga yoki ommaviy manzilga — vzvod, rota va boshqa harbiy boʻlinmalarga yozishlari mumkin. Eng muhimi, Vatanga vatanparvarlik burchini bajaradigan va “Vatanni himoya qilish” deb nomlangan kasbga boʻlgan munosabatini bildirishdir.
Yoshlar maktub yozarkan, oila aʼzolari va yaqinlaridan, hatto begonalardan kelgan maktublar harbiy xizmat mashaqqatlarini boshidan kechirayotgan askarlarning qalblarini isitishini anglab yetadilar. Loyiha doirasida muddatli harbiy xizmatchilar oʻrtasida uch bosqichli tanlov eʼlon qilinib, tanlov gʻoliblari Innovatsion rivojlanish va Mudofaa vazirliklari tomonidan taqdirlanib boriladi.