O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rasmiy bayonot: chorvachilik mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelmaydi
2020-03-17 | Jamiyat
Xabaringiz bor, joriy yilning 15-mart kuni mamlakatimizda COVID-19 koronavirus infektsiyasiga chalingan ilk bemor aniqlangach, ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bo‘yicha turli asossiz xabarlar paydo bo‘ldi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shuni ma’lum qiladiki, yurtimizda chorvachilik mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelmaydi.
Boisi, mamlakatimizda jami 6,4 mingta chorvachilik sub'yekti mavjud bo‘lib, shundan 500 mingdan ortig‘i go‘sht yetishtirishga, 2 mingdan ortig‘i sut va 4 mingga yaqini go‘sht-sut mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashgan. Ayni paytda mamlakatda 13 milliondan ortiq qoramol mavjud bo‘lib shundan 93 foizi aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda kunlik o‘rtacha 7 ming tonna go‘sht yetishtirilib, shundan 90 foizi bozorlarda sotilayotgan bo‘lsa, 10 foizi qayta ishlashga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, kunlik 30,7 ming tonna sut sog‘ib olinib 16 foizi qayta ishlanmoqda.
Mavjud 1,2 mingdan ortiq parrandachilik korxonalarida kuniga 15 million donadan ortiq tuxum, 400 tonnadan ortiq parranda go‘shti yetishtirilib, 300-320 tonna parranda go‘shti bozorlarda sotilayotgan bo‘lsa, 80-100 tonnasi qayta ishlashga yo‘naltirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 16-mart holatiga ko‘ra, respublikada 5,4 ming tonna parranda go‘shti zaxirasi yaratilgan.
Bundan tashqari, kuniga o‘rtacha 363 tonna baliq va baliq mahsulotlari hamda 37 tonnadan ziyod asal yetishtirilib iste’mol uchun chiqarilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda mol go‘shtining o‘rtacha bozor bahosi 38000 so‘mdan 52000 so‘mgacha, qo‘y go‘shti 39000 so‘mdan 54000 so‘mgacha, tovuq go‘shti 16000 so‘mdan 20000 so‘mgacha, tuxum 650 so‘mdan 900 so‘mgacha, baliq 11000 so‘mdan 25000 so‘mgacha, asalning bir kilosi esa o‘rtacha 35000 so‘mni tashkil etmoqda.
Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik sub'yektlarining ish rentabelligi har doimgi ko‘rsatkichlarda bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlari pasaymaganini alohida ta’kidlash lozim.
Hurmatli yurtdoshlar!
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sizlardan chorvachilik mahsulotlari taqchilligi bo‘yicha tarqatilgan asossiz xabarlarga ishonmasligingizni so‘raydi.
Bu borada qo‘mita Axborot xizmati tomonidan ishonchli ma’lumotlar yetkazib turiladi.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Axborot xizmati.