O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish” mavzusida seminar-trening o'tkazildi
2020-03-17 | Jamiyat
Sirdaryo viloyati hokimligi majlislar zalida Xalqaro mehnat tashkilotining vakili ishtirokida “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish” mavzusida seminar-trening o'tkazildi. Seminar-treningni viloyat hokimining o'rinbosari - Mahalla va oilalarni qo'llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig'i olib bordi.
Seminar-treningda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha viloyat, tuman va shaharlar komissiyalari a'zolari, xususan, viloyat prokuraturasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Adliya boshqarmasi, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi, “YOshlar ittifoqi” viloyat Kengashi, tuman (shahar) hokimlarining o'rinbosarlari hamda nodavlat-notijorat tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. SHuningdek, seminar-treningda Majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha Respublika kichik komissiyasining mas'ul kotibi Niyozmetova Gulrux Qurolovna va Xalqaro mehnat tashkilotining maxsus vakili Oksana Lipkanu ishtirok etdi.
Ushbu seminar-trening O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalqaro mehnat tashkiloti va Sirdaryo viloyati hokimligi hamda Sirdaryo viloyati IIB bilan kelishilgan holda tashkil etildi.
O'tkazilgan seminar-treningdan asosiy maqsad - Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish hududiy komissiyalarining faoliyatini takomillashtirish hamda hududiy komissiya tarkibiy a'zolarining bilim va saviya ko'nikmalarini oshirishdan iborat.
Seminar-trening savol-javoblar tarzida muhokamalarga boy bo'lib, qiziqarli taqdimotlar asosida tashkillashtirildi.