O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“AgroWorld Uzbekistan – 2020”: yangilik, tajriba va hamkorlik imkoniyati
2020-03-12 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida “Qishloq xoʻjaligi – AgroWorld Uzbekistan – 2020” xalqaro koʻrgazmasi ish boshladi.
“Iteca exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston bilan bir qatorda, Germaniya, Avstriya, Ispaniya, Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya kabi jahonning 20 mamlakatidan 170 mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri boʻlib, agrar sektor faoliyatini zamon talabi darajasida tashkil etish bugunning muhim masalasidir. Shu sababli, sohaga innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish va yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlashda mazkur koʻrgazma muhim ahamiyat kasb etadi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu yoʻnalishda davlat islohotlarining yangi taraqqiyot yoʻlini koʻrsatib berdi, – dedi “Iteca exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Oyimxon Bobojonova. – Bu yil oʻn beshinchi bor tashkil etilayotgan koʻrgazma parrandachilik, chorvachilik, gʻalla va meva-sabzavotni qayta ishlash sohasidagi eng yangi natijalarni namoyish qilish uchun tarmoq professionallari, investorlar, hokimiyat vakillari, mustaqil ekspertlar va dehqon xoʻjaliklari egalarini bir maqsadga birlashtirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, bu nufuzli tadbir Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining rasmiy koʻmagida oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida koʻrgazmalar ishida mingdan ortiq xalqaro kompaniyalar ishtirok etdi, ularga tashrif buyurgan professionallar soni esa 37 ming nafardan oshib ketgani bizni nihoyatda quvontiradi.
Bu yilgi koʻrgazma pavilyonlarida chorvachilik va parrandachilik uchun uskunalar, omixta yem, veterinariya, don mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash uskunalari, meva va sabzavotlar, saqlash va qayta ishlash, issiqxonalar uchun uskunalar kabi boʻlimlar faoliyat koʻrsatadi. Eʼtiborli jihati, ishtirokchilar orasida 44 kompaniya ilk marotaba ishtirok etayotgan boʻlsa, ularning oltitasi mahalliy ishlab chiqaruvchilardir.
– Ushbu anʼanaviy koʻrgazmaning doimiy ishtirokchisimiz, – dedi Toshkent viloyatidagi “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning marketing boʻlimi xodimi Jasur Jabborqulov. – Korxonamiz tomonidan hozirgi kunda 26 turdagi qishloq xoʻjaligiga doir texnika va uskuna ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimizga ichki bozor va qoʻshni mamlakatlarda talab yuqori. 2016-yilda faoliyatini boshlagan zavodimiz ravnaqi uchun bu kabi koʻrgazmalar muhim rol oʻynaydi.
Koʻrgazma pavilyonlarida Turkiya kompaniyalari faol ishtirok etayapti. Unda “Askomak” kompaniyasi ham oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda.
– Maqsadimiz yurtingiz bozorini oʻrganish, – dedi ushbu kompaniya vakili Mustafo Yolqin. – Shu vaqtga qadar biz mahsulotlarimizni Rossiya, Qozogʻiston, Afrika va Osiyo davlatlariga tanitib ulgurganmiz. Ushbu mamlakatlarda ofislarimiz ishlab turibdi, zavodlar tashkil etilgan. Endi navbat Oʻzbekistonga kompaniyada ishlab chiqarilayotgan omixta yem, don mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini taqdim etish va ofis ochish. Oʻylaymizki, ushbu xalqaro koʻrgazma bunga yaxshi imkon yaratadi.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekistonning global agrosanoat forumi tashkil etildi. Ushbu “UGAF 2020” tadbiri taqdimotlar, mahorat darslari, professionallar uchrashuvlariga katta imkoniyat yaratdi. Uning yalpi majlisida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan mamlakatning qishloq xoʻjaligi rivojlanish strategiyasining taqdim etilishi muhim ahamiyatga ega.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, Otabek MIRSOATOV (surat), OʻzA