O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Urganch davlat universitetida yigʻilish oʻtkazdi
2020-03-12 | Jamiyat
2020-yil 11-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xorazm viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va Xorazm Maʼmun akademiyasi ilmiy xodimlari bilan Urganch davlat universitetida uchrashuv oʻtkazdi.
Vazir bugungi kunda respublikamizda ilm-fan va innovatsiya sohasida olib borilayotgan keng miqyosdagi ishlar borasida oʻz fikrlarini bildirdi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasida biotexnologiyalarni rivojlantirish va bioxavfsizlik tizimini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, “Kimyo va biologiya yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiya ishlari natijadorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaror loyihalari muhokama etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9-martdagi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmuni va mohiyati tushuntirildi.
Mazkur qaror asosida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalarni shakllantirish, “startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartiblari boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, 2020-yil uchun tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilish elektron tarzda amalga oshirilganini taʼkidladi, bu oʻz navbatida mazkur jarayonning samaradorligini oshirishga, shaffof va korrupsiyadan xoli boʻlishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shuningdek, fundamental va amaliy davlat grantlar toʻgʻrisida tushuncha berildi. Bugungi kunda vazirlik tomonidan har oyda ilmiy faoliyatga oid dasturlari doirasida grant loyihalar tanlovlari eʼlon qilib borilayotgani va ushbu tanlovlarda oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh olimlar faol qatnashishi zarurligi qayd etildi. Uchrashuvda olimlarga ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlar doirasida ular tomonidan yaratilgan har bir ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalari tijoratlashtirilishi lozimligi toʻgʻrisida tushuntirildi.
Uchrashuvda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan vazirga murojaat qildilar. Innovatsion rivojlanish vaziri barcha savollarga javob berib, mavjud muammolarni yechishda koʻmak berilishini, yurtimiz ilm-fani va innovatsion rivojiga hissa qoʻshish yoʻlida mehnat qilayotgan olimlar va tadqiqotchilar vazirlik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi. Bu borada vazirlik huzurida yangi tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga yordam berishi haqida soʻzlab, innovatsion gʻoyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bugungi kun talab ekani aytildi.
Oʻz navbatida tadqiqotlarni amalga oshirishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelayotgan yosh olimlarga amaliy yordam berilishi aytilib, tadbir davomida murojaat qilgan doktorantlarga vazirlik huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida laboratoriya ishlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratilishini aytdi. Shuningdek, vazir yosh tadqiqotchilarni Belarus Respublikasiga qisqa muddatli stajiroveaga joʻnatishga koʻrsatma berdi.