O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatimizdagi eng yirik matbuot anjumanlaridan birini o‘tkazdi

2020-03-12 | Sog‘liqni saqlash

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda koronavirus infektsiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mamlakatimizdagi 40 dan ortiq diplomatik korpus va qator xalqaro tashkilot vakillari, 50 dan ziyod mahalliy va 20 ga yaqin xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan mazkur tadbir mamlakatimizdagi eng yirik matbuot anjumanlaridan biri bo‘lganiligini alohida e’tirof etish lozim.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Jumladan, koronavirus infektsiyasining yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.

- Agar kasallik qayd etiladigan bo‘lsa, dori vositalarining zahirasi, shuningdek, profilaktikasi bo‘yicha imkoniyatlarimiz yetarli, - dedi Alisher Shadmanov. - Eng muhimi, har bir fuqaro noto‘g‘ri, vahimali ma’lumotlarga ishonmasligi, o‘z ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Bu kasallikni biz berkitayotganimiz yo‘q, uni berkitishning iloji ham yo‘q. Zarurat bo‘lmasa, xorijga chiqmaylik, cheklaylik. Siz sog‘lom bo‘lganingiz bilan yoningizdagilar o‘z kasalliklaridan bexabar holda yuqtirib qo‘yishi mumkin. Barcha cheklov choralarini oshkor e’lon qilyapmiz va buni to‘g‘ri tushunishni so‘rar edik. Fuqarolarimiz barcha ehtiyot choralarini ko‘rsalar, ishonamanki, biz bu jangda g‘olib chiqamiz.

Shuningdek, vazir yurtimizda JSSTning tavsiyasiga ko‘ra, kasallik qayd etilmagan davlat sifatida xalqaro tadbirlarni o‘tkazish cheklaganligi, ammo o‘zimizning ichki ommaviy tadbirlarni, sport musaboqalarni, kontsertlarni cheklashga ehtiyoj yo‘qligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens JSST O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda koronavirus infektsiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida ishlayotgani, vazirlik va idoralar bilan axborotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani, eng muhimi, O‘zbekiston JSSTning barcha tavsiyalarini bajarayotganini e’tirof etdi.

Lian Kuppensning qayd etishicha, JSST yordami bilan Germaniyadan koronavirus infektsiyasini aniqlovchi test-sistemalar olib kelingan. Bundan tashqari, yana test sistemalar olib kelish va ularning zahirasini yaratish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Virusologlar uchun laborator tahlillarni olib borish bo‘yicha treninglar ham tashkil qilinmoqda.

Sog‘liqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro ekspert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov esa O‘zbekistonda tibbiy menejment yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, poytaxtning o‘zida 40 ta boks xonalar tayyorlangani, bu esa hali koronavirus aniqlanmagan davlat uchun yaxshi ko‘rsatkich ekaniga urg‘u berdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu matbuot anjumani “UzreportTV” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi. Shuningdek, qator axborot saytlarida onlayn tarzda xabarlar uzatildi.

Поделиться