O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Biotexnologiyalar — XXI asr sanoati
2020-03-10 | Fan
XXI asrga kelib, ilm-fan haqiqiy iqtisodiy kuchga aylandi. Aynan ilm-fanning qay darajada rivojlangani mamlakat taraqqiyotining sur’atini va jahon sahnasidagi o‘rnini belgilamoqda.
Davlatning ilmiy imkoniyatlari qanchalik baquvvat bo‘lsa, tadqiqotlar natijalarini amalga joriy etish tizimi qanchalik samarali, yuqori texnologiyalardan va ilm-fanga asoslangan mahsulotlardan foydalanish miqyosi qanchalik keng bo‘lsa, aholining turmush tarzi shunchalik yuqori bo‘ladi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda: ilm-fanni moliyalashtirish hajmi oshmoqda, ilmiy-tadqiqot muassasalari soni ortib, qator innovatsiya markazlari, ilmiy klasterlar, texnologiya parklari tashkil etilmoqda. 2019-yilning 29-oktabrida O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida“gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun bilan ilmiy sohaning dolzarb masalalarini hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, yangi ilmiy muassasalar tashkil etiladi va yangi ilmiy yo‘nalishlar rivojlantiriladi.Fan va ta’limni rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida 2020-yil mamlakatimizda “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga murojaatida har yili fanning bir necha ustuvor tarmoqlarini aniqlash va rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Bu yil geologiya, matematika, kimyo va biologiya sohalaridagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirib, olimlar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan fan rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yurtimiz ilm-fan arboblari maqomini ko‘tarish va ilm-fanning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirishni to‘liq rag‘batlantirish siyosatining davom ettirilishini ta’kidladi.
Zamonaviy biologiyaning jadal rivojlanayotgan sohalaridan biri biotexnologiya bo‘lib, u fan yutuqlari va ishlab chiqarish jarayonini bir-biriga bog‘laydi. Biotexnologiya mikroorganizmlar, o‘simlik va hayvon to‘qimalari, organellalar, rekombinat DNK hamda to‘liq genetik modifikatsiyalangan organizmlar kabi turli biologik tizimlardan amalda foydalanishga zamin yaratadi. Aynan biotexnologiya tufayli ekinlarni himoya qilishning zamonaviy biologik usullari, biodegradatsion polimerlar va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ishlab chiqilgan. Masalan, biopolimerlar hozirda keng qo‘llanilayotgan plastmassalarga nisbatan katta afzalliklarga ega, negaki ular o‘zidan zaharli moddalar chiqarmaydi, atrof-muhitni ifloslantirmaydi, foydalanib bo‘lgandan keyin parchalanish xususiyatiga ega. Genlarni konstruktsiyalash nafaqat o‘simliklarning, balki hayvonot dunyosini ham nazorat qilish va turli xususiyatlarga ega bo‘lgan yangi organizmlarni yaratish imkonini beradi. Zamonaviy biotexnologiyalar anchayin rang-barang, shu bois ham asrimizni biotexnologiyalar asri deb atashmoqda.
Zamonaviy biotexnologiyalar inson hayoti sifatini sezilarli darajada yaxshilashi va mamlakat iqtisodiy o‘sishining rivojlanishiga yordam berishi mumkin. Biotexnologiya tufayli yangi samarali diagnostika vositalari, vaktsinalar, dori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlari yaratilmoqda, qishloq xo‘jaligi ekinlarining, jumladan, don mahsulotlarining hosildorligi oshmoqda. Bu o‘z navbatida aholi soni kun sayin o‘sib borayotgan kurrai zaminimiz uchun o‘ta dolzarbdir.Bundan tashqari, biotexnologiya biomassalarni qimmatbaho mahsulotga — yoqilg‘iga aylantirish imkonini ham beradi.
Biotexnologiya, amaliy fan sanalsa-da, fundamental ilmiy tadqiqotlar bilan uzviy bog‘liq. “Belgilangan xususiyatlarga ega“ organizmlarni yaratish, genetik kasalliklarni davolash, tanadan tashqarida oqsil massasini ishlab chiqarish, organizmga “biologik chiplarni“ joylash— mana shu yo‘nalishlarning barchasi murakkab tadqiqotlar, zamonaviy uskunalar va yuqori malakali mutaxassislarni talab qiladi.
Butun dunyoda zamonaviy biotexnologiya investorlarning diqqat e’tiborida bo‘lib, biotexnologiya sanoatiga kiritilgan investitsiyalarning o‘sishi 32% ni tashkil etdi. Mutaxassislar va tahlilchilarning fikricha, biotexnologiyalar XXI asrning eng jadal rivojlanayotgan va eng daromadli biznesiga aylanishini taxmin qilmoqda. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, biotexnologiyalarning jahon bozoridagi ko‘lami 2025-yilda 2 trillion AQSh dollari darajasiga yetadi. AQSh, Xitoy, Hindiston va Yevropaning Genentech, Novartis, Merck&Co, Pfizer, Johnson & Johnson, Sanofi kabi kompaniyalar farmatsevtika biotexnologiyalari sohasida tan olingan yetakchilardan sanalsa, transmilliy Monsanto kompaniyasi GMOlarni yaratish va ishlab chiqarishda ilg‘orlikni qo‘ldan bermayapti.
Biotexnologiya sohasi qanchayin istiqbolli va yangi bozorlarni zabt etishda ulkan salohiyatga ega bo‘lmasin, O‘zbekistonda va umuman, Markaziy Osiyo davlatlarida hali yetarlicha rivojlanmagan. Yurtmizda ishlatiladigan biotexnologik mahsulotlarning 90% dan ortig‘i import qilinadi. Shu bilan bir qatorda, rivojlangan va, hatto, rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ham solishtirganda biotexnologiya mahsulotlaridan foydalanish ko‘rsatkichi bizda o‘ta past.
Shuni e’tirof yetish kerakki, O‘zbekistonda biotexnologik mahsulotlarni tadqiq etish va rivojlantirish uchun katta ilmiy salohiyat mavjud. Biroq biotexnologiyalar sanoatining yo‘qligi bois aksariyat ishlanmalar ishlab chiqarishga joriy etilmay qolib ketyapti, biotexnologiya mahsulotlarining o‘zi esa kichik hajmlarda laboratoriya uskunalarida ishlab chiqarilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlardan foydalanish tuproqning yemirilishi, suv va havoning ifloslanishi muammolariga olib keladi, aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda qishloq xo‘jalik maydonlaridagi tuproqlarning 54% ga yaqini pestitsidlar bilan ifloslangan bo‘lib, 80% maydonlardagi tuproq tarkibida ko‘p miqdorda zararli va xavfli moddalar mavjud. O‘tgan o‘n yillar davomida, yerlarning ball-boniteti 58 dan 55 ga tushib ketdi.
Biotexnologiyalarning iqtisodiyot sektori sifatida mavjud emasligining bir necha sabablari bor. Xususan, davlat tomonidan maqsadli qo‘llab-quvvatlanmagani, zarur iqtisodiy sharoitlarning bo‘lmagani, mazkur yo‘nalishdagi startaplarning rivojlanmagani, qonunchilik darajasida bio-xavfsizlik masalalarining tartibga solinmaganligi mazkur sohadagi yaxli tizimining shakllanishiga to‘sqinlik qilgan. Hozirda mavjud bio-xavfsizlikka doir talablar faqatgina turli sanitar me’yorlardagina aks etgan bo‘lib, tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMOlar) mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladi. Bundan tashqari, eskirgan ta’lim standartlari, zamonaviy o‘quv laboratoriyalarining yo‘qligi bu sohada tayyorlanayotgan kadrlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, biotexnologik mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash mexanizmlariga ega bo‘lmagan me’yoriy-huquqiy baza ham takomillashtirilishi zarur.
Belgilangan muammolarni hal qilish uchun biotexnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, yagona bio-xavfsizlik tizimini shakllantirish, mamlakat ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy bilimlarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or biotexnologiyalar asosida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, shuningdek, “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotning rivojlanish yili“ doirasidagi islohotlarni amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va bio-xavsizlikning yaxlit tizimini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qaror bilan bio-tibbiyot, agrobiotexnologiyalar va sanoat biotexnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan biotexnologiyalarni rivojlantirish Davlat dasturi ishlab chiqiladi. Bio-xavfsizlik va GMOdan foydalanish uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar qabul qilinadi. Biotexnologiya sohasida kadrlar salohiyatini oshirishga, jumladan, yosh tadqiqotchilarning yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy tashkilotlarda biotexnologiya sohasida muntazam stajirovkalarini tashkil yetildi. Bio xilma-xillikka asoslangan yangi biotexnologiyalarni rivojlantirish maqsadida milliy biologik kollektsiyalar tarmog‘i yaratiladi. Bir qator ilmiy muassasalarda yangi yo‘nalishlar bo‘yicha laboratoriyalar yaratilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni litsenziyalash bekor qilinadi (dori vositalaridan tashqari), ammo o‘z navbatida ishlab chiqarilgan biotexnologik mahsulot sertifikatsiyalanadi. Biotexnologik mahsulotlar va texnologiyalarni ishlab chiqarish va iste’mol qilish ulushini rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligida kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlardan voz kechib, biologik mahsulotlardan foydalanishga o‘tish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va sanoatda tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish) va eksportni oshirishda biotexnologiyalar salohiyatidan foydalanish imkonini beradi. Respublika ilmiy salohiyatini xalqaro darajaga ko‘tarib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi biotexnologiya bozorida yetakchi o‘rin egallashiga zamin yaratadi.
Hozirda qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirildi.
Ibrohim Abdurahmonov,
Innovatsion rivojlanish vaziri,
akademik, biologiya fanlari doktori