O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda birinchi xalqaro yoshlar innovatsion forumi bo‘lib o‘tadi
2020-03-10 | Innovatsiya
Joriy yilning 9-mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida vazir o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev va “Evrosiyo injiniring kompaniyasi” (Rossiya Federatsiyasi) prezidenti Muhammad Muhitdinov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv natijalariga ko‘ra tomonlar Innovatsion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek 2020“ doirasida O‘zbekistonda ilk bor “World Youth Innovation Forum — 2020“ xalqaro yoshlar innovatsion forumini o‘tkazishda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi. Hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.08.2018 yildagi PQ-4433-sonli Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda “World Youth Innovation Forum – 2020“ birinchi xalqaro yoshlar innovatsion forumini o‘tkazishdan maqsad istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘ jalb qilish orqali mamlakatda innovatsiya sohasini rag‘batlantirish va faollashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, milliy innovatsiya loyihalarini ekspert qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Xususan, forum doirasida davlat, biznes va innovasiya sohasi vakillari uchun doimiy platforma yaratiladi.
Yevroosiyo injiniring kompaniyasi (EEC Russia) xalqaro injiniring, moliya va ilmiy-texnik institutlarni birlashtiruvchi innovatsiya markazidir. EEC Russia energetika, energetika va resurslarni tejash, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va muhandislik sohalarida xalqaro loyihalarni amalga oshiradi.