O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar innovatsion g‘oyalari va startap-loyihalariga ko‘maklashish dasturining yakuniy bosqichi o‘tkazildi
2020-03-05 | Innovatsiya
Yoshlarning innovatsion tadbirkorlik ko‘nikmalari rivojlantirish va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2020 yil 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi BMT Taraqqiyot dasturi hamda Rossiya Federatsiyasi Trast fondining “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida Yoshlar innovatsion g‘oyalari va startap-loyihalariga ko‘maklashish “Startap-tashabbuslar” dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirdi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi A.Sa’dullayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari B.Umurzakov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili M.Dimovska, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi V.Mitrofanov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki direktori F.Ibragimov, “Raqamli ishonch” Raqamli iqtisodni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondi ijrochi direktori B.Bekov hamda diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, turli vazirlik, idoralar va oliy ta’lim muassalari vakillari ishtirok etdi.
Dasturning 4-bosqichi O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oldi va 648 ta ariza qabul qildi. Bosqichma-bosqich saralanib, «Demo Day» yakunida eng yaxshi 5 ta loyiha o‘z startapini rivojlantirish uchun mukofot mablag‘lari bilan taqdirlandi.
Yakuniy bosqichda onlayn ta’lim, tibbiyot, turizm xizmatlarini ko‘rsatish, bandlikka ko‘maklashish, sun’iy intelektdan foydalanish, maishiy xizmatlar va robototexnika sohasidagi loyihalar ishtirok etdi.
«Demo Day»ga taqdim etilgan startap-loyihalarning kichik ishchi modellari ishtirokchilar tomonidan uch oy mobaynida yaratilgan, amaliyotda sinab ko‘rilgan, loyihalarning kamchiliklarini tahlil qilinib, mukammallashtirilgan.
Bundan tashqari o‘tgan davr mobaynida jamoalar “tejamkor startap” (Lean Startup) uslubiyatidan foydalanib, startapni rivojlantirish asoslarini o‘rganish va uni muvafaqqiyatli biznesga aylantirishga qaratilgan amaliy seminarda ishtirok etdi.
Seminarlar Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida qo‘shni viloyatlardagi saralangan loyiha jamoalarini taklif etib o‘tkazildi.
Shuningdek, startap loyihalarini amalga oshirish hamda ularni tayyorlash va taqdimotini o‘tkazish uchun yuqori malakali ekspertlar va ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar ishtirokida mahorat darslari va maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi.