O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston — Falastin: ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar
2020-03-04 | Siyosat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Falastin Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Tarshaxaniy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva mehmonlarga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament faoliyati, shuningdek, ayni kunlarda Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi haqida ma’lumot berdi.
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosat ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda, — deydi Falastin Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Tarshaxaniy. — Ikki mamlakatning o‘zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish uchun munosabatlarni mustahkamlash zarur. Bizning tadbirkorlarimiz savdo bo‘yicha o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan birga hamkorlikda ishlash, O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha mamlakatdagi mavjud qonunchilik bazasi bilan tanishmoqda. Misol uchun, Samarqand viloyatida yo‘llar, ko‘priklar va boshqa ob'yekt loyihalarini amalga oshiruvchi qurilish kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ta’lim sohasi haqida gapiradigan bo‘lsak, Falastin va O‘zbekiston oliy ta’limi vazirliklari o‘rtasida istiqbolda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, o‘zaro manfaatli boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro foydali hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.