O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: O‘zbekistonda litsenziyalash jarayoni to‘liq elektronlashtiriladi
2020-03-04 | Texnologiyalar
Joriy yilning 3+mart kuni Toshkent shahrida litsenziyalash hamda ruxsatnoma berishga doir hujjatlarni optimallashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarning natijasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda xalqaro ekspertlar, davlat boshqaruv organlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbir Adliya vazirligi hamda AQSh Xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkillashtirilgan.
Tadbirda ta’kidlandiki, litsenziya va ruxsatnoma olish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash uchun tadbirkorlar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazilgan. So‘rovda respublika bo‘yicha qariyb 40 mingga yaqin tadbirkorlar ishtirok etgan. Uning natijasida tadbirkorlar sohada bir qator muammolar borligini ta’kidlashgan.
Jumladan, respondentlarning 32 foizi oxirgi marta litsenziya yoki ruxsatnomani olishda to‘lovning yuqoriligi, 23 foizi litsenziyani berish muddatining kechikishi, 22 foizi ortiqcha hujjatlarning talab qilinishi, 3 foizi vakolatli organlar tomonidan pul yoki boshqa ish (xizmat)lar qilinishini talab qilinishi kabi muammolarga duch kelganligini bildirgan.
Qonunchiligimizga ko‘ra, litsenziya — bu maxsus huquq. Ya’ni odatda shug‘ullanish mumkin bo‘lmagan (taqiqlangan) faoliyatni boshlash uchun ruxsatnoma hisoblanadi. Xavfli ishlarda faoliyat olib borish qoidalarini o‘rnatish va uni nazorat qilib borish zaruriyati mavjud bo‘lganda litsenziyalash orqali tartibga solingan.
Biroq, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, litsenziya va ruxsatnomalar orasida hisobni yuritish, mablag‘ undirish yoki shunchaki nazorat qilish uchun joriy qilinganlari ham bor. Bunday litsenziyalar bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida spekulyativ harakatlarni oldini olish maqsadida joriy qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga javob bermay qo‘ygan. Misol uchun: investitsiya maslahatchisi, sug‘urta brokeri, noshirlik, kontsert-tomosha faoliyatlari.
Litsenziyalash hamda ruxsatnoma berishga doir hujjatlarni optimallashtirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh faoliyati davomida tadbirkorlarni ortiqcha ovoragarchiligiga olib kelayotgan litsenziyalar ham aniqlandi. Masalan, veterinariya dorixonasi ochish uchun tadbirkor dastlab Veterinariya qo‘mitasining hududiy organlaridan litsenziya olsa, shu vet-dorixonasida vaktsina savdosi bilan shug‘ullanish uchun qo‘mitaning o‘zidan boshqa litsenziya olishi lozim.
Ekspertlar fikricha, mamlakatimizdagi biznes muhitni har taraflama qulay qilish uchun tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini keng joriy qilish lozim.
Tadbirda aytildiki, litsenziya olish o‘rniga vakolatli organni xabardor qilish tartibini keng joriy qilish orqali tadbirkorlik faoliyatini byurokratik to‘siqlarsiz amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirda mazkur tizimning afzalliklari haqida ham to‘xtalindi. Xususan:
- tadbirkor davlat organidan faoliyatini boshlashga rozilik olishni kutib o‘tirmaydi, natijada korruptsiyaviy holatlarning sodir etilish xavfi kamayadi;
- sohada “xufyona” iqtisodiyotning ulushi pasayadi, tadbirkor o‘z faoliyatini oshkora va qonun asosida olib borish imkoniyati yaratiladi;
- xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat bilan shug‘ullanishning jozibadorligi oshadi va ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar soni keskin ko‘payadi;
- davlat organlarining ish yuklamasini kamayishiga olib keladi.
Davra suhbati davomida bugungi kunda 70 ta litsenziya va ruxsatnomalarni xabardor qilish tartibiga o‘tkazish maqsadga muvofiqligi aytildi. Bundan tashqari, texnik jihatdan tartibga solish orqali litsenziyalash tartibini bekor qilish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ham aniqlangan. Jumladan, tibbiy buyumlarni (shprits, perchatka, katetor) ishlab chiqarish faoliyati shular jumlasidandir.
Endilikda, davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq litsenziyalash jarayoni to‘liq elektronlashtiriladi. “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi bazasida barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkordan ortiqcha hujjat so‘ramaymiz. Litsenziya berish uchun boshqa organning ma’lumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak bo‘lsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning o‘zi yagona tizim orqali oladi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan litsenziyalash hamda ruxsatnoma berishga doir hujjatlarni optimallashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.