O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BRAYL yozuvidagi xaritalar tayyorlanmoqda
2020-03-04 | Texnologiyalar
Respublikamizda 65 mingdan ortiq ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar istiqomat qiladi. Bugungi kunda ular ta'lim olishlari uchun ko‘plab adabiyotlar BRAYL yozuviga o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan qo‘mita tizimidagi “Kartografiya” ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati bilan hamkorlikda ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun O‘zbekiston Respublikasi va Toshkent viloyatining BRAYL yozuvidagi dastlabki xaritasini tayyorlashdi.
BRAYL yozuvidagi ushbu xaritalar orqali O‘zbekiston Respublikasi va uning hududiy bo‘linishi, xayvonat va o‘simlik dunyosi hamda qit'a va okeanlarning joylashuvi to‘g‘risida qisman ma'lumotlar hamda mahsus o‘quv muassasalarida taxsil olayotgan o‘quvchilarga geografiya fanini mukammalroq o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda “Kartografiya” ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasi tomonidan BRAYL yozuvidagi turli ko‘rinish va mavzudagi kartografik mahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha texnologik liniyani ishga tushirish hamda ushbu mahsulotlarni keng miqyosda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.