O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Proofreading Services” portaliga kelayotgan maqolalar texnik talablarga javob beryaptimi?
2020-03-03 | Fan
Yurtimiz olimlarining nufuzli xorijiy ilmiy nashrlarda oʻz maqolalarini chop etishlari bugungi kunda ilm-fan ahli oldiga qoʻyilgan muhim vazifalardan biridir. Mazkur vazifani amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida oʻtgan yilning oxirida Innovatsion rivojlanish vazirligi “Proofreading Services” portaliga asos soldi.
Bugungi kungacha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining “Proofreading Services” portaliga 300 yaqin ta maqola kelib tushdi. Ushbu maqolalardan portalda keltirilgan texnik talablarga mos keluvchi 16 ta maqola saralab olinib, shartnomaga muvofiq oʻrnatilgan tartibda Springer Nature maxsus veb-saytiga joylashtirish orqali kompaniya vakillariga taqdim etildi. Mazkur maqolalar Springer Nature kompaniyasi mutaxassislari tomonidan qabul qilinib, koʻrib chiqildi va tegishli jurnal talablariga muvofiq tahrir qilindi, yozma ingliz tili matni yaxshilandi, orfografik va grammatik xatolar bartaraf etilib, belgilangan texnik talablarga moslashtirildi. Tahrirlangan maqolalar va tegishli sertifikat maqola mualliflariga yuborildi.
“Proofreading Services” portaliga maqolalar kelib tushishi davom etmoqda. Shu bilan bir qatorda, “Proofreading Services” portaliga maqolalar qabul qilishda bir qator muammolar mavjud. Jumladan, “Proofreading Services” portaliga kelib tushgan maqolalarning aksariyati tegishli texnik talablarga javob bermaydi. Buning asosiy sababi vazirlik saytidagi “Proofreading Services” portalida tegishli texnik talablar toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirilmagan.
Shuningdek, tahrir qilingan maqolalarning keyinchalik tegishli jurnallarda chop etilganligi toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoni mavjud emas. Shularni inobatga olgan holda yaqin kunlarda vazirlik saytidagi “Proofreading Services” portaliga maqolalarni taqdim etish boʻyicha texnik talablarni yuklab olish va maqola mualliflari tomonidan maqola chop etilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirilish yoʻlga qoʻyiladi.
“Proofreading service” xizmatiga taqdim etiladigan maqolalar quyidagi texnik talablarga mos kelishi lozim:
1. Talabnomada chop etilishi soʻralayotgan “SCOPUS” hamda “Web of Science” bazasiga kirgan xorijdagi ilmiy jurnal nomi (va tahririyat toʻgʻrisida maʼlumotlar);
2. Ilmiy maqolaning nomi (ingliz tilida 10-12 soʻzdan oshmasligi, asosiy kalit soʻzlarni oʻz ichiga olishi, qisqartma va formulalar qoʻllanmagan holda boʻlishi lozim);
3. Maqola mualliflari toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlar;
4. Maqola va unga oid materiallar ingliz tilida taqdim etish (ingliz tili bilan bir vaqtda boshqa tillardagi maʼlumotlar ham qoʻshilgan holda rasmiylashtirilgan materiallar qabul qilinmaydi);
5. Maqolaning titul varagʻi, unda alohida ajratib koʻrsatilgan “Kalit soʻzlar” (“Key words” – 6-8 ta) va “Annotatsiya” (“Abstract” – 50-300 soʻz)dan iborat qismlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim;
6. Kirish (“Introduction”) (tadqiqot mavzusining dolzarbligi, mavzuga doir adabiyotlar sharhi, muammoning qoʻyilishi, izlanish maqsadi va vazifasining shakllantirilishi);
7. Materiallar va metodlar (“Materials and Methods”);
8. Natijalar va muhokamalar (“Results and Discussion”);
9. Xotima (“Conclusion”) (maqola boʻlimlarini takrorlamagan holda qisqacha yakun);
10. Figuralar (“Figures”) (zarur hollarda);
11. Jadvallar (“Tables”) (zarur hollarda);
12. Manbalar roʻyxati (“Reference”) (20-50 ta), (ingliz tilida keltirilgan, manbalari ularni aniqlash va topish uchun toʻla yoki aniq keltirilgan, maqolada havola keltirilgan manbalar kiritilgan).