O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Imom Moturidiy – Islom olamining ulugʻ allomasi

2020-03-03 | Madaniyat

3-5-mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi tashkilotlar tomonidan Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan konferensiya moturidiya taʼlimotining tub mazmun-mohiyatini ochib berish, Imom Moturidiy merosini chuqur oʻrganish va uning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda targʻib etish kabi maqsadlarga qaratilgan.

Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun Samarqandga Misrning al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib tashrif buyurdi.

Shuningdek, konferensiyada Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Iordaniya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Shveysariya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi mamlakatlardan 70 ga yaqin ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.

OʻzA muxbiri anjuman qatnashchilarining fikrlari bilan qiziqdi.

Muhammad Yusuf USMON, Malayziyadagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori:

– Buyuk imom, moturidiya taʼlimoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy ilmiy-maʼnaviy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga keldik. Fursatdan foydalanib, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Ochigʻi, amalga oshirilayotgan bu darajadagi keng qamrovli islohotlar, qurilish-bunyodkorlik ishlarini koʻrib lol qoldik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarni butun dunyo, xususan, malayziyaliklar ham katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.

Islom olamining eng yetuk mutafakkirlari Oʻzbekiston diyoridan yetishib chiqqan. Bugun yurtingizda ushbu ulugʻ zotlar ilmiy-maʼnaviy merosiga hurmat yuqori darajada. Bu borada olib borilayotgan tadqiqot ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Keyingi uch yilda ushbu yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish maqsadida xalqaro darajadagi markazlar tashkil etilgani eʼtirofga munosib. Bugun ushbu markazlar dunyo ilm ahli bilan fikrlashmoqda, maʼlumot almashmoqda. Malayziyadagi islom sivilizatsiyasi markazi ham Oʻzbekistondagi qator muassasalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan samarali kelishuvlarga erishganmiz.

Oʻtkazilayotgan konferensiyadan umidimiz katta. Unda islom olamining yirik tadqiqot markazlari rahbarlari, ulamolar ishtirok etishi kutilyapti. Anjumanda ilmiy hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish, Abu Mansur Moturidiy taʼlimoti boʻyicha islom olamida olib borilayotgan tadqiqot ishlari yuzasidan maʼlumot almashish imkoniga ega boʻlamiz.

Aynur TEMIRXANOV, Tataristondagi Bulgʻor islom akademiyasi prorektori (Rossiya):

– Shu paytgacha Misr, Turkiya va boshqa davlatlarda boʻlganman. Lekin Oʻzbekistonga kelmagan edim. “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiya tufayli bu muqaddas yurtga kelganimdan juda baxtiyorman.

Bugun Samarqanddagi buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish va bu yerda ibodat amallarini bajarish nasib etdi. Toʻgʻrisi, bundan cheksiz ruhiy quvvat oldim.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi tashkil etilgani haqida eshitgan edim. Bugun bu inshootlar bilan tanishib, hayratda qoldim. Negaki, shu paytgacha ham koʻplab xorijiy davlatlardagi xalqaro ilmiy markazlarda boʻlganman, ular faoliyati bilan tanishganman. Shuning uchun bu yerga kirishda boshqacha tasavvurda edim. Ichkaridan esa butunlay boshqacha tasavvur bilan chiqdim. Chunki, xalqaro markazda ham, oliy maktabda ham xorijiy davlatlar tajribasi bilan birga milliy anʼanalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu ularning oʻquv dasturlarida, oʻqituvchilar va tinglovchilar, tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoit, berilayotgan imkoniyatlarda oʻz aksini topgan. Hammasi puxta oʻylangan, mayda detallargacha eʼtibor berilgan. Bu ushbu sohaga davlat tomonidan juda katta eʼtibor berilayotganidan dalolatdir.

Rafi USMONIY, Pokiston Islom Respublikasi bosh muftiysi:

– IX asrda Movarounnahr va islom dini tarqalgan hududlarda moʻtaziliya, jahmiya, karromiya kabi bir qator adashgan oqimlar oʻz taʼlimotini singdirishga harakat qilayotgan bir paytda samarqandlik buyuk mutafakkir Abu Mansur Moturidiy ularga qarshi Qurʼon va Hadis asosida anʼanaviy ahli sunna val jamoa taʼlimoti haq ekanini aql va naql asosida isbotlashga bor kuch-gʻayratini sarflagan. U asos solgan taʼlimot asta-sekin shogirdlari orqali butun dunyoga tarqalib, jamiyatning jipslashishiga va destruktiv oqimlarga nisbatan immunitet hosil qilishga zamin yaratdi.

Moturidiya taʼlimotini oʻrganish va Abu Mansur Moturidiy yozgan asarlarni tarjima qilish, ularning sharhlarini yaratish bugungi globallashuv sharoitida yuzaga kelgan va yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan turli mafkuraviy xurujlarga qarshi maʼnaviy immunitet boʻlib xizmat qiladi. Mazkur xalqaro konferensiya moturidiylik taʼlimotini oʻrganish va uning asoslarini xalqchil tarzda yoshlarga yetkazish yoʻlidagi eng oqilona tashabbusdir. Bunday xalqaro konferensiyalar dunyo ulamolari eʼtirof etgan olimlarning qarashlari va tajribalarini oʻrganishga imkoniyat yaratadi.

Ahmad TAMIM, Ukraina bosh imom xatibi, muftiysi:

– Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan xalqaro anjumanda ishtirok etish men uchun ulkan sharaf. Samarqandning Moturid qishlogʻida tugʻilib oʻsgan buyuk imom Hadis va fiqh ilmining ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan. Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida oʻz munosib oʻrniga ega boʻlgan diniy arboblardan hisoblanadi. Chunki alloma yashagan davrda, islom dinida turli guruh va firqalar soni koʻpayib ketgani sababli turli ixtiloflar kelib chiqqan. Ana shunday vaziyatda Imom Moturidiy islom dinining asl mohiyatini ochib berish, sof islomiy aqidani saqlab qolish borasida beqiyos ishlarni amalga oshirgan.

Bu ilmiy merosni oʻrganish va keng targʻib etish bugungi kun uchun ham muhim ahamiyat kasb etib, mazkur konferensiya bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

 

OʻzA muxbiri
Gʻolib HASANOV
yozib oldi.

Поделиться