O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar bojxonachilar bilan uchrashuv o‘tkazishdi
2020-03-02 | Xavfsizlik sohasi
Shu kunlarda parlament quyi palatasi deputatlari nazorat-tahlil faoliyatini olib borishga kirishish bilan birga, joylardagi muammolarni o‘rganish, real vaziyat bilan tanishish maqsadida hududlarda bo‘lib turibdi. Har bir fraktsiya, har bir qo‘mita o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, joylarda o‘rganishlar olib bormoqda, sohalardagi muammolar bilan qiziqmoqda.
2020-yil 29-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Erkin Salixov hamda qo‘mita raisining o‘rinbosari Alisher Xamrayev Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida bojxona xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirni viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Yusupov ochib berdi. Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati E.Salixov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, jamiyatimiz taraqqiyoti yo‘lida qonunchiligimizda yangi qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning ahamiyati, shuningdek, bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etish, biznes muhitini yanada yaxshilash, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlash masalalarida belgilangan vazifalar to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
Tadbirda mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish, zamonaviy Qurolli Kuchlarni barpo etish yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida aytib o‘tildi.
Jumladan, Mudofaa doktrinasi, «Mudofaa to‘g‘risida»gi, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Prezidentimizning Qurolli Kuchlar tizimini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy muhofaza qilishga oid bir qator qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, qo‘mita raisining o‘rinbosari A.Xamrayev so‘z olib, bojxonachilarga deputatlar parlament quyi palatasining qonun ijodkorligi faoliyati, deputatlik korpusi ish uslublari yuzasidan ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar deputatlarga qonunchiligimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusida belgilangan rejalar to‘g‘risida savollar bilan murojaat etishdi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda kelgusida ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida shu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.