O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Pedagogik taʼlim sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-02-28 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va oliy pedagogik taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, maktabgacha taʼlim qamrovining oshishi, 11 yillik umumiy oʻrta taʼlim tizimining joriy qilinishi hamda oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash koʻlamining kengayishi munosabati bilan yuqori malakali mutaxassislarga nisbatan yuzaga kelayotgan ehtiyojni oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida soʻnggi yillarda pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan 1 ta xorijiy va 4 ta mahalliy oliy taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, mazkur taʼlim sohasi boʻyicha xorijiy davlatlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar yetkazib berish borasida oʻtkazilgan tahlil natijalari avvalo taʼlim sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatiga eʼtiborni kuchaytirish, sohada ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etish, pedagogik taʼlim infratuzilmasini yaxshilash zarurligini koʻrsatmoqda.

Pedagogik taʼlim sohasini yana-da takomillashtirish, zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda munosib hissa qoʻshuvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun professional pedagog kadrlar yetkazib berish, sohaga ilgʻor taʼlim texnologiyalarini joriy qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

tarbiya va oʻqitish usullari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari
hamda xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional pedagog kadrlar tayyorlash;

pedagogik kasbga qiziqishi yuqori boʻlgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab va tarbiyalab borishning uzluksiz tizimini joriy qilish;

pedagogik taʼlim sohasining taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, innovatsion oʻquv-meʼyoriy va taʼlim resurslarini yaratish hamda amaliyotga joriy etish;

sohada taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunligini taʼminlash orqali taʼlim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish;

pedagog kadrlar buyurtmachilari ehtiyoj va talablarini muntazam oʻrganib borish, ular bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish hamda pedagog kadrlar tayyorlashning ilmiy asoslangan istiqbolli rejalarini belgilash va ularni amalga oshirish;

oliy pedagogik taʼlimga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash pirovardida pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish;

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish;

pedagogik taʼlim infratuzilmasini yaxshilash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish;

yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy koʻnikmaga ega, tarbiya, oʻqitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlarni shakllantirish jarayonlari samaradorligini oshirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi,
Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining oʻquv dasturlari hajmini inobatga olgan holda oliy maʼlumotli pedagog mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida pedagogik taʼlim sohasining ayrim taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlashni oʻqish muddati 3 yil boʻlgan bakalavriat taʼlim dasturlari doirasida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab kadrlar tayyorlash oʻqish muddati 3 yil boʻlgan bakalavriat taʼlim dasturlari asosida amalga oshiriladigan pedagogik taʼlim sohasining ayrim bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Barcha taʼlim muassasalariga zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashga qodir boʻlgan professional pedagog kadrlarni yetkazib berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi:

2020-yil 1-aprelga qadar pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish jarayonida abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash mexanizmlari boʻyicha takliflar ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻi orqali keng jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilishini taʼminlasin;

2020-yil 20-aprelga qadar ishlab chiqilgan abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash mexanizmlari boʻyicha muhokama natijalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

5. Hududlarda pedagogik taʼlim infratuzilmasini yaxshilash, taʼlim sohasi uchun mutaxassis tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

Samarqand davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti;

Andijon davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti;

Buxoro davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti;

Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali hamda Termiz davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti;

Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali
hamda Qarshi davlat universiteti pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorning 5-bandida tashkil etilishi nazarda tutilgan pedagogika institutlari:

faoliyatini moliyalashtirish 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, yetmagan qismi oliy taʼlim muassasalarining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

maqomi boʻyicha mahalliy oliy taʼlim muassasasi filialiga tenglashtiriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ikki oy muddatda mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan pedagogika institutlari faoliyatini tashkil etish;

uch oy muddatda Qoʻqon davlat pedagogika instituti va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisidagi Hukumat qarorlarini qabul qilsin.

8. Toshkent davlat pedagogika universitetiga muntazam ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan, yuqori malakali, tegishli sohada chuqur kasbiy bilim va yutuqlarga erishgan xodimlarga pedagogika va oʻqitish metodikasi ixtisosliklari boʻyicha dotsent va professor ilmiy unvonlari berish huquqi berilsin.

9. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:

a) quyidagi mexanizmlar joriy etilsin:

tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati bilan xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim sohalarida oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida oʻqishga qabul koʻrsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini shakllantirish;

tegishli hududdagi oliy taʼlim muassasasida 5 yil ishlab berish majburiyati bilan oliy taʼlim sohasida professional pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar boʻyicha salohiyatli oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida oʻqishga qabul koʻrsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini shakllantirish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha
taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi oʻqishga maqsadli qabul qilingan talabalar bilan tegishli
qabul yilining 1-dekabr kuniga qadar mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni aks ettirgan shartnomalar rasmiylashtirilishini taʼminlasin;

v) dastlabki bosqichda Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻquv jarayoni oʻquv reja va dasturlar takomillashtirilgan holda taʼlimning kredit-modul tizimi asosida tashkil etilsin;

g) pedagogik faoliyatda umumtaʼlim fanlari muhim oʻrin tutishini inobatga olgan holda alohida iqtidor talab etiladigan pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi fanlari boʻyicha test sinovlari topshirish tartibi joriy qilinsin. Bunda, qoida tariqasida, majburiy uchta fan boʻyicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari eʼlon qilinganidan soʻng oʻtkazilishi belgilab qoʻyilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida uning negizida Respublika pedagogik taʼlim resurs markazini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarining takliflari asosida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan toʻliq taʼminlash maqsadida mazmun jihatidan oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimini yoʻlga qoʻysin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda pedagogik amaliyot davrida talabalarga dars berishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Madjidov – tashkil etilayotgan pedagogika institutlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha zaruriy choralar koʻrsin, barcha oliy taʼlim muassasalaridagi pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida oʻquv jarayonini taʼlimning kredit-modul tizimi asosida yoʻlga qoʻyilishi hamda oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi joriy etilishini taʼminlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda masʼul vazirlik va idoralarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin;

Andijon viloyati hokimi Sh.Q.Abdurahmonov, Buxoro viloyati hokimi Oʻ.I.Barnoyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Z.T.Mirzayev, Samarqand viloyati hokimi E.O.Turdimov, Surxondaryo viloyati hokimi T.A.Bobolov – hududlarda tashkil etilayotgan pedagogika institutlari faoliyatini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyishda har tomonlama koʻmaklashsinlar;

masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari – mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish yuzasidan zarur choralar koʻrsinlar;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsinlar.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020-yil 27-fevral

Поделиться