O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hisob palatasi vakillarining siyosiy partiyalarga a’zoligi cheklanadi
2020-02-27 | Siyosat
2020-yil 27-fevral kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qo‘mita a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning ikkinchi yalpi majlisi doirasida ko‘rib chiqish nazarda tutilgan masalalar muhokama etildi. Xususan, Qo‘mita a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini dastlabki tarzda ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud hokimiyati faoliyatini yanada takomillashtirish, bank xizmatlari ommabopligini oshirishga qaratilgan qarorlari hamda “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonunga ko‘ra, bir qator qonun hujjatlariga jarima ixtiyoriy to‘lash muddatini 30 kun etib (amaldagi tahrirda 15 kun) belgilashni, shuningdek jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Hisob palatasi a’zolarining siyosiy partiyalarga a’zoligini cheklash ham nazarda tutilgan. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu nufuzli nazorat tuzilmasi a’zolarining o‘z ishiga xolis yondashuvini ta’minlaydi.
Shuningdek, qonunchilikda Hisob palatasi raisini Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasiga kiritish bo‘yicha normalar ham belgilanmoqda.
Majlisda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.