O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vaziri yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan uchrashdi
2020-02-27 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizda 2020-yil - “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi. Yil nomidan kelib chiqqan holda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi sohasida ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalarida o‘zaro fikr almashish maqsadida vazir Jamshid Xodjayev tizimda faoliyat ko‘rsatayogan yosh olim va tadqiqotchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida vazir sohada ilm-fan, innovatsion faoliyat tahlili va mavjud muammolar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, global iqlim o‘zgarishi, aholining demografik o‘sishi, mavjud yer, suv, moddiy resurslar cheklanganligi, ichki hamda tashqi bozorlar kon’yunkturasidagi talablar hamda raqobatning kuchayishi agrar fan va ishlab chiqarish oldiga murakkab muammo va vazifalar qo‘yayotgani aytildi.
Ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan so‘nggi 10 yillikda g‘o‘zaning 20, bug‘doyning 30, arpa va tritikalening 10, moyli ekinlarning 10, mevaning 25, uzumning 10, ozuqabop ekinlarning 10, kartoshka hamda sabzavotlarning 40, poliz ekinlarining 15 dan ortiq nav va duragaylari yaratilgan.
Shuning bilan bir qatorda, selektsiya va urug‘chilik tizimini tubdan isloh qilish talab etilmoqda. Sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar urug‘chiligi, mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari importi oxirgi 3 yilda qariyb 2,5 marta o‘sib, 40 mln. AQSh dollariga yetib qoldi. Ularning eksporti esa, 1,5 martaga kamayib, bor-yo‘g‘i 78,6 ming dollarni tashkil qilmoqda. Bu raqamlar sohadagi haqiqiy ahvolni ko‘rsatib turibdi.
Qishloq xo‘jaligida raqamli, bio va nanotexnologiyalarni qo‘llash yo‘nalishidagi ishlar ham talab darajasida emas va rivojlangan davlatlarning bu boradagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish va joriy etish kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi.
- Albatta, sohada yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar faqat yuqorida ta’kidlanganlar emas va bu haqda uzoq gapirish mumkin, - dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev. - Bugungi uchrashuvimizdan asosiy maqsad esa Strategiyada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni amalga oshirishda tizimdagi yosh olimlarimiz salohiyati, g‘ayrat-shijoatidan foydalanish hamda tadqiqotlarning amaliy samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur omillar to‘g‘risida Sizlar bilan ochiq muloqotda bo‘lish, taklif va mulohazalaringiz yuzasidan munozaralar o‘tkazib, harakat rejalarimizni belgilab olishdir.
Videokonferentsiya tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tizimdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, Toshkent davlat agrar universiteti hamda uning Nukus, Andijon, Termiz filiallari, tajriba stantsiyalarida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va tadqiqotchilar, mutasaddi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.