O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
2020-02-26 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (keyingi oʻrinlarda – MHXS) oʻtishni jadallashtirish orqali xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan taʼminlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, hisob va audit sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar boʻyicha tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Belgilansinki, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari va yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar:
2021-yil 1-yanvardan boshlab, MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va 2021-yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi, qonun hujjatlarida MHXSga oʻtishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno;
2021-yil yakuniga qadar buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisida hujjatga yoxud “Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ASSA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (SRA)” va “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR)” sertifikatlaridan (keyingi oʻrinlarda – xalqaro buxgalter sertifikati) biriga ega kamida uch nafar mutaxassis miqdorida MHXSni sifatli qoʻllash uchun yetarli boʻlgan buxgalteriya xizmati xodimlari bilan taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020-yildan boshlab, ushbu bandda koʻrsatilmagan davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va davlat korxonalarining MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tayyorlashga oʻtish jadvali har yili tasdiqlanishi va 1-iyunga qadar rasmiy veb-saytida
eʼlon qilinishini taʼminlasin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXSga muvofiq tayyorlaydigan tadbirkorlik subyektlari buxgalteriya hisobining milliy standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi MHXSni joriy etish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin va unga quyidagi funksiyalar yuklansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda MHXSning joriy etilishini, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy hisobotlar MHXS asosida oʻz vaqtida eʼlon qilinishini monitoring qilish;
MHXS sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha jahonning muvaffaqiyatli tajribalarini ommalashtirish, shu jumladan, buxgalteriya hisobi va audit sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarini (keyingi oʻrinlarda – akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari) hamda sohaga oid oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlar (Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants – ASSA) va boshqalar) bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish;
rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi asosida oʻquv jarayonining sifatini, imtihonlarni oʻtkazish va natijalarini baholashning shaffofligini taʼminlovchi MHXS boʻyicha sertifikatlashning samarali tizimini joriy etish, shuningdek, MHXS sohasida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida oʻqitish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashish;
buxgalteriya hisobining milliy standartlarini MHXSga muvofiq uygʻunlashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi tuzilmasida vazirlikning boshqaruv xodimlari cheklangan soni doirasida uchta shtat birligidan iborat moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etishni muvofiqlashtirish va eʼlon qilinadigan moliyaviy hisobotlar sifatining tashqi nazorati boʻlimi tashkil etilsin.
4. Ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini va mazkur sohada kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
a) buxgalterlar va auditorlar respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda, buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda, Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni kiritsin:
2020-yil 1-iyunga qadar Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va ularga tushuntirishlar matnini tan olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
2021-yil 31-yanvarga qadar MHXSni joriy etishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda va MHXS boʻyicha mavjud kadrlar salohiyatini oʻrganish natijalariga koʻra tayyorlangan buxgalterlarni sertifikatlash milliy tizimini joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahliliy maʼlumotnoma;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va boshqa manfaatdor davlat organlari xodimlarini (keyingi oʻrinlarda – davlat organlarining xodimlari) akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida MHXS boʻyicha oʻqitish jadvali har yili tasdiqlanishini taʼminlasin;
v) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Fargʻona politexnika institutining (keyingi oʻrinlarda – tajriba-sinov oliy taʼlim muassasalari) “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha pedagog xodimlarini akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida MHXS boʻyicha tezlashtirilgan tarzda oʻqitish jadvalini tasdiqlasin;
2020-yil 31-dekabrga qadar buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganish natijalari asosida “Buxgalteriya hisobi va audit” bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqitishning kunduzgi shakli muddatini qisqartirish imkoniyati toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
2020-yil 1-avgustga qadar bakalavriat taʼlimi yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisligidagi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha MHXSni chuqur oʻrganishni nazarda tutuvchi yangilangan oʻquv dasturlarini tasdiqlasin va belgilangan tartibda taʼlim jarayoniga joriy etsin;
2020-yildan boshlab tajriba-sinov oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish va keyinchalik mazkur tajriba-sinov loyihasini bosqichma-bosqich respublikadagi sohaga oid boshqa oliy taʼlim muassasalarida joriy etish choralarini koʻrsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha pedagog kadrlarning akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida MHXS boʻyicha oʻqitilishini taʼminlasin, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida tahsil olgan pedagog kadrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini rasmiy veb-saytida eʼlon qilsin va doimiy ravishda ularni yangilab borsin.
7. Belgilansinki:
2021-yildan boshlab, MHXS va auditning xalqaro standartlari (keyingi oʻrinlarda – AXS) boʻyicha oʻqitish faqat buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning akkreditatsiyasidan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshirish boʻyicha qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga rioya qilish sharti bilan, tegishli litsenziya olmasdan MHXS va AXS boʻyicha oʻqitish va malaka oshirish yuzasidan litsenziyalangan faoliyat turlarini amalga oshirish huquqiga egadir;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinov oliy taʼlim muassasalarida buxgalteriya hisobi va audit boʻyicha fanlar faqat xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “AXS boʻyicha audit” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisida hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga ega boʻlgan oʻqituvchilar tomonidan oʻqitiladi;
xalqaro buxgalter sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlar oliy taʼlim muassasalari magistraturasining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan toʻlov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar soliq hisoboti shaklini qayta koʻrib chiqsin va uning MHXS boʻyicha tayyorlangan moliyaviy hisobotga moslashtirilgan shaklini ishlab chiqsin.
9. Belgilansinki, 2020-2025 yillar davomida akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida MHXS boʻyicha oʻqitish, malaka oshirish, interfaol usullarni qoʻllagan holda oʻqitish, shuningdek, buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi va quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) oliy taʼlim muassasalarining buyurtmanomalariga asosan:
oliy taʼlim muassasalarining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha pedagog kadrlari imtihon topshirishi uchun birinchi marta – toʻliq hajmda, ikkinchi marta – imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish summasining 50 foizi miqdorida qoplanadi;
oliy taʼlim muassasalarining talabalari va bitiruvchilari (oʻqishni tugatgandan soʻng olti oy ichida) imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, birinchi marta – toʻliq hajmda, ikkinchi marta – imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish summasining 50 foizi miqdorida qoplanadi;
b) davlat organlarining buyurtmanomalariga asosan oʻz xodimlari imtihon topshirishi uchun birinchi marta – toʻliq hajmda, ikkinchi marta – imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish summasining 50 foizi miqdorida qoplanadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
moliyaviy hisobotning yagona standartlarini ishlab chiqadigan va tasdiqlaydigan mustaqil xalqaro tashkilot hisoblangan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari fondi (keyingi oʻrinlarda – MHXS fondi) bilan bitim tuzsin;
2020-yilda MHXS va unga tushuntirishlar matnini davlat tiliga tarjima qilish, boshqa tillarda MHXSni qoʻllash bilan bogʻliq hamda MHXS fondi yillik badallar toʻlash xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti qoʻshimcha daromadlari hisobidan qoplasin, 2021-yildan boshlab esa zarur mablagʻlar ajratilishini Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetida nazarda tutsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3946-son qarorining 5-bandiga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Mazkur qaror ijrosini tashkil qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov – mazkur qarorning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarilishini taʼminlasin, belgilangan tadbirlarni bajarishga masʼul boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri – MHXS joriy qilinishi monitoringini taʼminlasin, buxgalteriya hisobi milliy standartlarini MHXS bilan uygʻunlashtirish, buxgalteriya hisobi sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va tajribali hamda yuqori malakali mutaxassislarni MHXSni joriy qilish jarayoniga jalb etish boʻyicha choralar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Majidov – taʼlim jarayonlariga MHXSni chuqur oʻqitishni muvaffaqiyatli va samarali joriy etish, pedagog kadrlarni MHXS boʻyicha sertifikatlash va oliy taʼlim muassasalari oʻquv dasturlarini akkreditatsiyalash yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrsin, shuningdek, mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlasin;
masʼul vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari – mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D.Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, matbuot anjumanlari, mavzuga oid telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2020-yil 24-fevral