O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sogʻliqni saqlash tizimida korrupsiya qachon barham topadi?

2020-02-25 | Sog‘liqni saqlash

Maʼlumotlarga koʻra, 2018-2019-yillarda mamlakatdagi sogʻliqni saqlash xodimlarining 581 nafari turli jinoyat sodir etib, javobgarlikka tortilgan. Shulardan 114 nafari korrupsion jinoyatdir. Tizimda oʻtkazilgan ichki audit natijasida oʻtgan ikki yil davomida jami 36,2 milliard soʻmlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq hamda Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitalari aʼzolari ishtirokidagi yigʻilishda sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning axboroti eshitilishi kerak edi. Uning oʻrniga vazir oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev ishtirok etib, tizimda korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Vazir oʻrinbosari mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini yana-da takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, soʻnggi uch yilda sohaga oid 170 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani, sohani moliyalashtirish hajmi yil sayin ortib borayotganini aytdi.

Taʼkidlanganidek, sohada korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha uning sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan. Vazirlik tizimidagi tibbiyot muassasalarida bemorlar oʻrtasida anonim soʻrov oʻtkazish tartibi yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur soʻrov jarayonida aniqlangan holatlar keng muhokama qilinib, tegishli choralar koʻrilmoqda.

Shunga qaramay, soha rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan illatlarning hamon saqlanib qolayotgani aholining tibbiy xizmatga boʻlgan ishonchiga jiddiy putur yetkazmoqda.

Deputatlar fikricha, sogʻliqni saqlash tizimida kadrlarni, ayniqsa, hamshiralarni ishga qabul qilishning shaffof emasligi, dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda byurokratiya va sansolarlikning mavjudligi tizimda korrupsiya uchun sharoit yaratmoqda.

Shu bois, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish, ulardagi korrupsiyaga sharoit yaratib beruvchi normalarni aniqlash va bartaraf etish, ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish orqali inson omilini qisqartirish yuzasidan takliflar bildirildi. Kadrlarni ishga qabul qilish va joy-joyiga qoʻyish tizimini qayta tanqidiy koʻrib chiqqan holda, bu sohada shaffoflikni taʼminlash, vazirlik va uning tizimida “korrupsiyaga qarshi ichki audit” tizimini doimiy olib borish zarurligi aytildi.
 

Mohigul QOSIMOVA, OʻzA

Поделиться