O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimidagi nutqi
2020-02-24 | Siyosat
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari, aziz qardoshim!
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, mana shunday g‘oyat muhim va shukuhli marosimga taklif qilganlari uchun Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylariga, muhtarama Emine Xonim Oliyalariga, qardosh turk xalqiga chin qalbimdan minnatdorchilik izhor etaman.
Muhtaram do‘stlar!
Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti - kitob va kutubxonalarda, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Barchangizni qadrli birodarim Erdog‘an Janobi Oliylarining tashabbusi va rahnamoligida barpo etilgan Turkiya Prezidenti devonining Xalq kutubxonasi bilan samimiy muborakbod etaman.
Qadimiy va zamonaviy me’morchilik an’analari, muhandislik san’atining eng so‘nggi yutuqlarini, turk xalqining buyuk o‘tmishi, bunyodkorlik salohiyati, boy ma’naviy olamini o‘zida yorqin mujassam etgan bu mahobatli koshona har qanday yuksak tahsinga munosibdir.
Agar azim Anqara Turkiya mamlakatining toji bo‘lsa, ushbu kutubxona ana shu tojga o‘rnatilgan eng yorqin, eng go‘zal gavharlardan biri bo‘libdi.
Bu tengi yo‘q ma’rifat qasri barchangizga, butun Turkiya xalqiga muborak bo‘lsin.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Biz Turkiya Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini hamisha minnatdorlik bilan eslaymiz.
Bugungi kunda go‘zal mamlakatingiz ulkan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy salohiyatga ega bo‘lgan davlat sifatida dunyoda tobora ravnaq va shuhrat topib bormoqda.
Zamonamizning yirik davlat va siyosat arbobi Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylari rahbarligida Turkiya xalqi erishayotgan barcha yutuqlar zamirida, avvalambor, inson omiliga, ilm-ma’rifatga beqiyos e’tibor mujassam ekanini biz yaxshi bilamiz. Sizlarning bu boradagi noyob tajribangizni o‘rganishga doimo intilamiz.
So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlarimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan do‘stlik va hamkorligimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Kecha bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bu yo‘ldagi yangi amaliy qadamdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashiga qo‘shildi. Biz barcha a’zo mamlakatlar qatori Turkiya bilan munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish uchun faol harakat qilmoqdamiz. Davlatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Ilm-ma’rifat va kitobxonlik madaniyatiga bo‘lgan katta qiziqish va e’tibor xalqlarimizni o‘zaro yaqinlashtiradigan bebaho qadriyatdir.
Mamlakatimizda 2020 yilni “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilganimiz “Milliy tiklanishdan - milliy yuksalish sari” degan ulug‘vor g‘oyamizga to‘la mos keladi.
Aziz qardoshlar!
Tarix sahifalariga nazar solsak, xalqlarimizning madaniy hamkorligi olis davrlardan boshlanganiga guvoh bo‘lamiz. Rum elida tug‘ilib kamolga yetgan Qozizoda Rumiy buyuk davlat arbobi va alloma Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining asoschilaridan biri bo‘lganini biz iftixor bilan eslaymiz.
O‘z navbatida, Mirzo Ulug‘bekning sadoqatli shogirdi, mashhur astronom va matematik Ali Qushchi hayotining so‘nggi yillarini Turkiyada o‘tkazgani va bu yurtda aniq fanlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shganini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Ali Qushchining nabirasi Mirim Chalabiy ham bobosi singari atoqli alloma bo‘lib tanilgan va bunda turk ilmiy-ma’rifiy muhitining ulkan xizmatlari borligi shubhasiz.
O‘zaro madaniy hamkorligimiz haqida so‘z borganda, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bu jarayonda g‘oyat muhim o‘rin tutganini ta’kidlash lozim. Tarixiy manbalar XV asrda turk hukmdori Boyazid Ikkinchining Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy bilan maktublar va elchilar orqali o‘zaro muloqotda bo‘lganidan guvohlik beradi.
Turkiyaning mashhur olim va adiblari Alisher Navoiyni turkiy dunyoning eng buyuk shoiri, turk tilining himoyachisi sifatida ulug‘lab keladilar. Turkiya kitob fondlarida benazir shoirimiz asarlarining 100 dan ortiq qo‘lyozmalari saqlanayotgani ham shundan dalolat beradi.
Alisher Navoiy bebaho ijodi bilan bugun ham turkiy xalqlarni ma’naviy jihatdan birlashtirishga xizmat qilib kelmoqda.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Xalqimiz tarixining og‘ir va murakkab davri, ya’ni XX asr boshida jadid bobolarimiz Vatanimiz mustaqilligi yo‘lida fidoyilik bilan kurashganlar. Bu borada ular turkiyalik ma’rifatparvarlar bilan faol hamkorlik qilganlari, bu diyorda ta’lim olib, yangi g‘oya va qarashlarga ega bo‘lganlarini yaxshi bilamiz.
O‘sha yillarda Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif So‘fizoda, Said Ahroriy singari atoqli adib va arboblarimiz Turkiyada tahsil olganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ibrat, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon kabi o‘nlab ulug‘ vatandoshlarimiz turk madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topganlar. Ming afsuski, ularning aksariyati mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lganlar.
Bugungi kunda biz O‘zbekistonda jadidchilik harakatining noyob merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha katta ishlarni boshladik. O‘tgan yili mumtoz adibimiz Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini keng miqyosda o‘tkazdik. Bu yil mashhur jamoat arbobi, alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini nishonlaymiz. Biz bu ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyatini qancha ko‘p o‘rgansak, bizni o‘ylantirayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz.
Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari bilan bir qatorda zamonaviy shoir va yozuvchilarimizning asarlari ham Turkiyada muntazam nashr etilayotganini biz yuksak baholaymiz. Mamlakatingizning bir qator oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitilayotgani, Istanbulda buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet faoliyat olib borayotgani bizni mamnun etadi.
Go‘zal va betakror turk diyorida o‘zbek xalqi tarixi va madaniyati bilan bog‘liq o‘nlab joy nomlari - mahalla va markazlar, takyalar yuz yillar davomida bezavol saqlanib kelmoqda. Bunday bag‘rikenglik va do‘stona munosabat uchun Turkiya rahbariyati va xalqiga yana bir bor tashakkur bildirishga ijozat bergaysiz.
Bizning yurtimizda ham turk adabiyoti va san’atiga qiziqish tobora ortib, ular ilmiy va ta’lim maskanlarida keng o‘rganilmoqda. Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Ahmad Posho, Saydi Ali Rais Kotibiy, Toshlijali Yahyo, Hamdi Chalabiy singari buyuk shoirlar ijodini xalqimiz sevib o‘qiydi.
Shu bilan birga, zamonaviy turk adabiyoti, xalq dostonlari, antologiyalar o‘zbek tilida nashr etilib, kitobxonlarimizning ma’naviy mulkiga aylanganini ta’kidlash lozim.
Aziz qardoshlar!
Biz ilm-ma’rifatni keng ma’noda tushunamiz. Shu sababli yurtimizda dunyoviy ta’lim dargohlari bilan birga diniy maktab va madrasalar, ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida ko‘p asrlik ma’rifat xazinasini o‘zida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etmoqdamiz.
Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda boshqa fanlar qatori hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmlari chuqur o‘rganilmoqda.
Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent Islom ma’hadi, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi singari oliy o‘quv yurtlarida yetuk malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bu yil hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, aqida ilmida maktab yaratgan allomalar - Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferentsiyalar o‘tkazish niyatidamiz. Shuningdek, ulug‘ alloma - nasli-nasabi turkiyalik bo‘lgan Abduxoliq G‘ijduvoniy hazratlarining, Bahouddin Naqshband bobomizning tavallud ayyomlarini, Mir Arab madrasasining 500 yilligini ham yuqori saviyada o‘tkazishni niyat qilganmiz.
2020 yil Buxoro shahri - “Islom madaniyati poytaxti”, Xiva shahri - “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan joriy yil davomida mamlakatimizda bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etiladi. Turkiyalik muhtaram olimu ulamolarimiz ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirlarning aziz mehmonlari bo‘ladilar, deb ishonaman.
Qadrli do‘stlar!
Hozirgi kunda O‘zbekistonimizning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Biroq, aytish kerakki, ularning aksariyati hamon o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Bu ma’naviy xazinani har tomonlama chuqur o‘rganish va ommalashtirish oldimizda turgan muhim va sharafli vazifadir.
Fursatdan foydalanib, men O‘zbekiston va Turkiya universitetlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga da’vat etaman. Bu jarayonlarda Turkiyaning bugun ochilayotgan ushbu eng ulkan kutubxonasi va 150 yillik tarixga ega bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tashabbuskor bo‘ladilar, deb umid qilaman.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Bugun Turkiyada katta shodiyona, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’naviyat va ma’rifat to‘yi bo‘lib o‘tmoqda. Bizning xalqimizda “To‘yga to‘yona bilan bormoq lozim”, degan hikmatli so‘z bor.
Shunga ko‘ra, biz Turkiya Prezidenti devonining Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni keltirdik. Ularning orasida dunyoda o‘ta noyob bo‘lgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan “Usmon Mus'hafi”ning mohir xattotlarimiz tomonidan ko‘chirilgan nusxasi ham bor.
Butun islom olamining faxri bo‘lmish mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur “Masnaviy” asari qo‘lyozmasining faksimile nashrini siz, azizlarga taqdim etamiz.
Ma’lumki, buyuk alloma Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” nomli asari butun dunyoda shuhrat qozongan. Bu kitobni XVIII asrda istanbullik tabib, shoir va xattot Muhammad Rafi’ arabchadan turk tiliga tarjima qilib, o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan. Biz keltirgan kitoblar ichida ushbu qo‘lyozmaning faksimile nusxasi ham bor.
Ayni vaqtda “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom adabiy hamkorligimizning chuqur tarixiy ildizlaridan dalolat beradi.
Nafaqat Turkiya, balki butun musulmon olamining otashnafas shoiri bo‘lgan Yunus Emroning “O‘lmas ko‘ngul” nomli yangi kitobi yaqinda mamlakatimizda o‘zbek tilida nashr etildi. Men ushbu kitobga “So‘zboshi” yozish sharafiga muyassar bo‘lganimdan baxtiyorman.
Ijozatingiz bilan Yunus Emroning do‘stlik haqidagi she’riy satrlarini keltirmoqchiman:
Mening tilim - qush tilidur,
Mening qo‘lim - do‘st qo‘lidur.
Men bulbulman, do‘st gulimdur,
Biling, gulim so‘lmas mening.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashi doirasida “Turkiy adabiyot xazinasi” ruknida 100 jildlik kitoblar turkumini nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi. Ana shu ezgu tashabbusning ilk samarasi o‘laroq, Yunus Emroning ushbu asarini ham Prezident devoni Xalq kutubxonasiga taqdim etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Aziz do‘stlar!
Sizlarni bugungi tantanali marosim bilan yana bir bor chin yurakdan qutlayman.
Bu muazzam kutubxona Turkiya xalqi, Turkiya yoshlari uchun, ilm-ma’rifatni yuksak qadrlaydigan barcha insonlar uchun chinakam ma’naviyat saroyiga aylanishini qodir Allohdan so‘rab qolaman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.