O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-02-20 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻtgan qisqa davrda aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili asosida samarali hamkorlik tizimini joriy etish, mahallani xalq bilan davlat oʻrtasida ishonchli “koʻprik” boʻlishini amalda taʼminlash, oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
 
Shu bilan birga, fuqarolar yigʻinlariga xos boʻlmagan funksiyalar yuklatilayotganligi, ularning boshqa quyi idoralar bilan hamkorligi tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi, oila, xotin-qizlar va keksalarga yordam koʻrsatishning yaxlit tizimi mavjud emasligi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samarali natija bermayotganligi jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish va qonun ustuvorligini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
 
Aholi osoyishtaligini taʼminlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirish, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari roli va mavqeini yana-da mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
 
1. Alohida taʼkidlab oʻtilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi, shuningdek, davlat organlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratadi, qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlarni amalga oshirishda ularga koʻmaklashadi.
 
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi va mahallalar faollarining har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan quyidagi yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi yangi tizimni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
 
jamiyatning betakror ijtimoiy tuzilmasi hisoblanadigan mahalla institutini aholining chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirish, uning roli va ahamiyatini oshirish;
 
xotin-qizlar ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish;
 
jamiyat va oilada sogʻlom va barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tubdan isloh qilish;
 
mahalla institutining ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz, tizimli hamkorligini yoʻlga qoʻyish;
 
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari va ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarining (keyingi oʻrinlarda – profilaktika inspektori) roli va mavqeini yana-da oshirish, mustaqilligi hamda vakolatlarining amaliy samaradorligini taʼminlash;
 
sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda xodimlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish va moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash.
 
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalari tashkil etilsin.
 
4. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
 
jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini oʻrnatish;
 
oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashishni tashkil etish;
 
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash;
 
xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga,
shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish;
 
xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash;
 
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
 
fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish;
 
mahallalarda qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash;
 
yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashda huquqiy, uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalalarida samarali foydalanish;
 
fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
 
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin va Vazirlik tuzilmasiga oʻtkazilsin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.
 
6. Quyidagilarning:
 
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi;
 
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda – “Nuroniy” jamgʻarmasi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) boʻlimlarini tugatish haqidagi qarorlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 
7. Oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ularning ongiga singdirish hamda yuksak maʼnaviyatli va sadoqatli qilib voyaga yetishlarida keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida Vazirlik “Nuroniy” jamgʻarmasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amalga oshiradigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
 
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining (keyingi oʻrinlarda – vazir), Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining hamda viloyatlar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlarining tegishli oʻrinbosarlari – Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi mintaqaviy boʻlinmalari raislari hisoblanadi.
 
8. Quyidagilar:
 
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasiga – vazir bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimi;
 
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalariga – vazir bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hokim oʻrinbosarlari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimi;
 
tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalariga – vazir bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hokim oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi lavozimi kiritilsin.
 
9. Quyidagilar:
 
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasidagi – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
 
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasidagi – Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
 
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalaridagi – hokim oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
 
tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalaridagi – hokim oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi tugatilsin.
 
10. Belgilab qoʻyilsinki:
 
Vazirlik oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
 
Vazirlik tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
 
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari boshliqlari har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashlari yigʻilishlarida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi boʻyicha axborot beradi;
 
vazir har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Vazirlik faoliyati yuzasidan hamda sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimi toʻgʻrisida axborot beradi;
 
Vazirlik xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanadi.
 
11. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda – “Mahalla” fondi), Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Nuroniy” jamgʻarmasining:
 
“Mahalla” fondi mablagʻlari hisobidan “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni, shuningdek, fuqarolarning
oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar (oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlashdan tashqari) va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlariga bir yilda bir marta toʻlanadigan lavozim maoshi miqdoridagi moddiy yordam xarajatlarini moliyalashtirish;
 
Vazirlik hududiy boʻlinmalari boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlarini – Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari raislari etib belgilash;
 
Vazirlik hududiy boʻlinmalari boshliqlarining tegishli oʻrinbosarlarini – Nuroniylar jamoatchilik kengashlari raislari
etib belgilash toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
 
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va keng jamoatchilikning:
 
fuqarolar yigʻini raisi besh yil muddatga saylanishi haqidagi;
 
mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 22-mart sanasini “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
 
13. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos boʻlmagan vazifa va funksiyalar 1a va 1b-ilovalarga muvofiq roʻyxatlar boʻyicha qisqartirilsin.
 
Vazirlik va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur band ijrosi yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan tashqari funksiyalarni faqatgina davlat organlari va tashkilotlar bilan haq toʻlashni nazarda tutuvchi shartnoma asosida amalga oshirish huquqi berilsin.
 
14. Vazirlik fuqarolar yigʻinlari xodimlarini ularning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash taqiqlanganligi haqidagi talabga amalda soʻzsiz ijro etilishini taʼminlasin.
 
Mazkur talabni buzganligi uchun davlat organlari va tashkilotlari masʼul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha har choraklik asosda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga takliflar kiritib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
 
15. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tuzilmasida:
 
a) quyidagi lavozimlar tugatilsin:
 
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari – ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchi;
 
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari – tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga koʻmaklashish va obodonlashtirish ishlari boʻyicha maslahatchi;
 
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari – yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi;
 
fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari – keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchi;
 
b) quyidagi lavozimlar kiritilsin:
 
fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
 
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari;
 
fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
 
oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis;
 
fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi;
 
fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchisi;
 
v) quyidagi jamoatchilik tuzilmalari tugatilsin:
 
yarashtirish komissiyasi;
 
maʼrifat va maʼnaviyat masalalari boʻyicha komissiya;
 
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya;
 
voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari boʻyicha komissiya;
 
tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari boʻyicha komissiya;
 
jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha komissiya;
 
“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi;
 
g) quyidagi komissiyalar tashkil qilinsin:
 
oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi;
 
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati boʻyicha komissiya.
 
16. Belgilansinki:
 
fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish profilaktika katta inspektori, ushbu lavozim mavjud boʻlmagan taqdirda profilaktika inspektori zimmasiga yuklatiladi;
 
har bir mahallada uning kriminogen vaziyati va aholi sonidan kelib chiqqan holda kamida bir nafardan profilaktika inspektori xizmatni olib boradi;
 
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi oʻrniga, har bir fuqarolar yigʻinida bir nafardan, shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etiladi;
 
oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis lavozimi
xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi oʻrniga, oilalar soni 2 000 va undan ortiq boʻlgan fuqarolar yigʻinida bir nafardan, shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etiladi;
 
fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi fuqarolar yigʻini masʼul kotibi lavozimi oʻrniga, har bir fuqarolar yigʻinida bir nafardan, shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etiladi;
 
fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha hamda keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi;
 
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis fuqarolar yigʻini raisi taqdimiga asosan fuqarolar yigʻini kengashi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
 
17. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
 
fuqarolar yigʻini raisi – keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchi, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, “Keksalar maslahati” guruhining;
 
fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari – yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi, “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhining;
 
fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari – xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha komissiya, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasining;
 
fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari – ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati boʻyicha hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyalarning faoliyatini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi.
 
18. Fuqarolar yigʻini raisiga quyidagi qoʻshimcha huquqlar berilsin:
 
tegishli hududdagi profilaktika inspektori faoliyatiga baho berish hamda uni ragʻbatlantirish yoki unga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritish;
 
uy-joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishiga boshqaruvchi tashkilot, boshqaruvchi yoki shirkat boshqaruvi raisi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida taklif kiritish;
 
koʻp kvartirali uylarni boshqarish bilan bogʻliq masalalarda uy-joy mulkdorlarining roziligi asosida ularning nomidan boshqaruvchi tashkilot, boshqaruvchi yoki shirkat boshqaruvi raisi bilan oʻzaro munosabatlarga kirishish.
 
19. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining quyidagi lavozimlarni oʻzgartirish boʻyicha taklifi maʼqullansin:
 
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari lavozimiga;
 
tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi (boʻlinmasi) boshliqlari, yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimlari tegishincha tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimlariga.
 
20. Belgilansinki:
 
profilaktika inspektorlari 5 yil muddatga lavozimga tayinlanadi hamda ularni mazkur muddat davomida boshqa lavozimga oʻtkazish taqiqlanadi (yuqori turuvchi rahbarlik lavozimga oʻtkazish yoxud qonun yoki ichki tartib qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortish holatlari bundan mustasno);
 
tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning tarkibidagi boʻlimlari va ichki ishlar boʻlimlari (boʻlinmalari) boshliqlari ustuvorlik asosida profilaktika inspektori lavozimida kamida 5 yil ishlagan xodimlar orasidan tayinlanadi;
 
profilaktika inspektorlari lavozimlariga, qoida tariqasida, oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi;
 
profilaktika inspektorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi;
 
tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan uning jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari tavsiyasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
 
profilaktika inspektorlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari tomonidan, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari tomonidan amalga oshiriladi;
 
hududiy ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini taʼminlashni ragʻbatlantirish jamgʻarmalarining mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari tomonidan qabul qiladigan qaroriga asosan belgilangan tartibda sarflanadi.
 
21. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosariga – profilaktika inspektorlari faoliyatiga aralashganlik, ularni xizmat vazifalari bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etganlik uchun hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari va masʼul xodimlariga nisbatan bevosita intizomiy jazo choralarini qoʻllash vakolati berilsin.
 
22. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
 
ikki oy muddatda ichki ishlar organlarining amaldagi shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida tegishli huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarida kadrlar bilan ishlash boʻlimini (boʻlinmasini, guruhini) tashkil qilsin;
 
uch oy muddatda Oliy sud, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan taʼsirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektorlarining maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish hamda bevosita maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash vakolatlarini kengaytirish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
23. 2020-yil 1-apreldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (keyingi oʻrinlarda – FHDYO) organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDYO organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik boʻyicha funksiyalarni yuklagan holda FHDYO organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtkazilsin.
 
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
 
Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Davlat xizmatlari agentligi tizimida FHDYO organlari faoliyatini samarali tashkil etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
 
oʻn kun muddatda “Mahalla tizimi xodimlari kuni”ni belgilash boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
25. Vazirlik:
 
a) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolar yigʻinlari va profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
 
b) uch oy muddatda:
 
fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari va oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassislar lavozimlariga yetarli bilim va hayot tajribasiga, yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, oʻziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajara oladigan shaxslar tavsiya etilishi va tasdiqlanishi boʻyicha fuqarolar yigʻinlariga har tomonlama yordam bersin;
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi alohida oʻquv kurslari tashkil etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
 
fuqarolar yigʻini raisini saylash muddatini uzaytirish, ushbu jarayonni takomillashtirish va ochiqligini taʼminlash boʻyicha qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
26. Vazirlik buyurtma asosida hamda oʻzining byudjetdan tashqari mablagʻlari va homiylik xayriyalari hisobidan:
 
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi hamda boshqa nodavlat tele- va radiokanallarda “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi”, “Otalar choyxonasi”, “Onalar mehri” va “Oila – jamiyat koʻzgusi” kabi mavzularda koʻrsatuv va eshittirishlarni milliy va tarixiy qadriyatlarni hisobga olgan holda muntazam tayyorlash hamda aholiga qulay boʻlgan vaqtda namoyish etish;
 
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda fuqarolar yigʻinlari faoliyatini batafsil yoritishga qaratilgan, aholida mahalla institutiga nisbatan hurmat va iftixor ruhini shakllantirishga xizmat qiluvchi badiiy filmlar yaratish choralarini koʻrsin.
 
27. Quyidagilar:
 
Mamlakatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni samarali joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
 
fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha hamda obodonlashtirish, tomorqa
va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassislarning mehnatga haq toʻlash fondi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
28. Fuqarolarda mahallalarning rivojlanishi, obodligi va xavfsizligiga manfaatdorlik hissini yana-da kuchaytirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlik va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 
Bunda yangi tizim 2020-yil 1-iyuldan joriy etilishi va tuman (shahar) mahalliy byudjetlarga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi boʻyicha tushadigan mablagʻlar hisobidan quyidagilar moliyalashtirilishi belgilansin:
 
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining ish haqi va lavozim maoshiga nisbatan 30 foiz qoʻshimcha maxsus ustama toʻlash xarajatlari;
 
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari;
 
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlarini obodonlashtirish va boshqa joriy xarajatlari.
 
29. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
 
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini;
 
bir oy muddatda keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
 
uch oy muddatda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, mahalla tizimini rivojlantirish va jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etishning 2020-2024 yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
 
30. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish
va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
 
31. Ushbu Farmon ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
 
Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri – ushbu Farmonda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli
amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin, chora-tadbirlar ijrosi boʻyicha yuzaga keladigan joriy masalalar tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlasin hamda har chorakda Vazirlar Mahkamasiga ushbu Farmonning amalga oshirilishi jarayoni haqida batafsil maʼlumot taqdim etsin;
 
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov va uning jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari A.I.Ikramov – har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim toʻliq joriy etilishi hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va profilaktika inspektorlarining mustaqilligini taʼminlash, jumladan, faoliyatiga asossiz aralashmaslik va taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklamaslik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
 
masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan barcha zarur choralarni amalga oshirsin;
 
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D.Xadjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori – ushbu Farmonning mazmun-mohiyati, ahamiyati va mamlakatimizda oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.
 
32. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                       Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri, 2020-yil 18-fevral
 
 

Поделиться