O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Profilaktika inspektorlarining faoliyati bilan bog'liq ezgu tashabbuslar
2020-02-14 | Jamiyat
Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jinoyatchilikka qarshi kurash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Jamiyat rivojlanib borar ekan, huquqbuzarliklarni sodir etish mexanizmlari ham murakkablashib boradi. SHu boisdan bugungi kunda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish va amalga oshirish nafaqat ichki ishlar organlarining, balki barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biridir.
Bugungi kunda profilaktika inspektori zimmasiga yuklatilgan barcha funktsiyalarni samarali bajarish har tomonlama hududda kriminogen vaziyatni o'rganishni, tahlil qilib borishni talab qiladi. SHunday ekan, o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda eng avvalo mahallada yashovchi, o'zining g'ayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli holatida bo'lgan jismoniy shaxslarning turmush tarzini, mavjud muammolarni o'rganishi zarur. Ushbu toifadagi shaxslarning muammolarini Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi tegishli idoralar bilan hamkorlikda bartaraf etish hamda huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko'rsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerak.
Muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev joriy yilning 12 fevral` kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi holatlarning oldini olish bo'yicha tizim yo'lga qo'yilmaganligi, oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko'payganligi, shuningdek, xotin-qizlar va voyaga etmaganlar orasida o'z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli ekanligiga e'tibor qaratdi.
Ayni paytda, “Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu g'oya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi og'riqli holatlarni kamaytirib bo'lmasligini, buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerakligi, chunki faollar, ko'pni ko'rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to'g'ri yo'lga solishga qodir ekanligiga to'xtalib o'tdi.
Mahallada sodir etilgan har bir jinoyat favqulodda holat deb hisoblanishi kerakligiga urg'u berdi.
Yig'ilishda mahallalarning o'zida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qo'llab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e'tibor qaratildi.
SHuningdek, davlatimiz Rahbari mahalla raisining vakolat muddati uch yildan besh yilga o'zgartirilishi, uning uch nafar o'rinbosari lavozimi joriy etilishi, profilaktika inspektori endilikda mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo'yicha o'rinbosari bo'lib faoliyat yuritishi, u ham 5 yil muddatga tayinlanishi, inspektorni boshqa xizmatga o'tkazish yoki rotatsiya qilish faqatgina O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o'rinbosari vakolatiga berilishi yuzasidan so'z yuritdi.
Haqiqatdan ham mahalla raisi yoki profilaktika inspektori o'ziga biriktirilgan hududda uzoq muddat ishlamas ekan, shu mahallaning aholisi, ularning muammolari, notinch oilalar, huquqbuzarliklar keltirib chiqaruvchi omillarni to'liq o'rganib ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko'ra olmaydi.
Ayni paytda, mahalla raisining uch nafar o'rinbosari lavozimi joriy etilishi mahalla raisiga juda katta ko'mak bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
SHu vaqtga qadar mahallalarda jamoatchilik asosida tashkil etilgan komissiyalarning oilalarda ijtimoiy muhitni sog'lomlashtirishdagi o'rni sezilmayotganligi hech kimga sir emas edi. Muhtaram Prezidentimiz aynan shu masalaga to'xtalar ekan, “mahallalardagi turli yo'nalishlar bo'yicha tashkil etilgan, biroq kutilgan samarani bermay kelayotgan 12 ta jamoatchilik komissiya va tuzilmalari ham optimallashtiriladi” – deya ta'kidladi.
SHuningdek yig'ilishda fuqarolar yig'inlarining faoliyatiga xos bo'lmagan 50 dan ortiq vazifa bekor qilinishi, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ortiqcha topshiriqlar ham keskin qisqartirilishi belgilandi. SHu vaqtga qadar profilaktika inspektorlari o'z vakolatlariga kirmaydigan vazifalarga jalb qilinishi, ular uchun yig'ilishbozlik va yo'riqnomalarning ko'payishi natijasida xizmat hududidagi oilalarni o'rganish, huquqbuzarliklar keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish masalalarida sustkashliklarning yo'l qo'yilishiga sabab bo'lmoqda.
Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish haqida taklif mutasaddi tashkilotlarning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo'lida faoliyat ko'rsatishlarini ta'minlash, bir so'z bilan aytganda, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va ta'sirchan vertikal tizim sifatida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish, ushbu noyob tuzilmaga hurmat tuyg'usini shakllantiradigan sahna asarlari va badiiy fil`mlar yaratish yuzasidan bergan ko'rsatmalari – Davlatimiz rahbarining chuqur va puxta o'ylab qabul qilgan qaroridir.
Profilaktika inspektorlari hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 13 ta moddasiga asosan o'z vakolati doirasida qaror qabul qilsa, videoselektor yig'ilishida ushbu raqamni 30 tagacha oshirish masalasi ilgari surildi.
Bu esa huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan mahallaning o'zida profilaktika inspektori tomonidan chora ko'rilishi, jazoning muqarrarligini ta'minlaydi, qonun ustuvorligini namoyon etadi. SHuningdek, fuqarolarimizning qonunlarga rioya etishlarini ta'minlaydi hamda qog'ozbozlikni, ortiqcha sarf-xarajatlarni, sarsongarchiliklarni kamayishiga olib keladi.
Har bir mahallada profilaktika inspektori lavozimi jamlanishi hamda uning mahalla raisining o'rinbosari bo'lib xizmat qilishi, hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda, eng muhimi ichki ishlar idoralarining mahalladagi vakili sifatida emas, aksincha mahallaning ichki ishlar idoralaridagi vakili sifatida faoliyat yuritishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zafar JUMANOV, IIV Malaka oshirish instituti boshlig'i o'rinbosari