O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindistonda “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivali ochildi
2020-02-14 | Madaniyat
Hindistonda o‘tkazilayotgan “Surajkund Mela” festivali doirasida 9-fevral kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi hamkorligida tashkillashtirilgan “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Festivalda xorijiy davlatlarning Hindiston Respublikasidagi elchixonalari va konsullik vakillari ishtirok etishdi. Hindistonning yetakchi turistik kompaniya, mehmonxona va restoranlari vakillari o‘zbek milliy taomlari va buxorolik san'atkorlar tomonidan tashkil etilgan konsert dasturidan bahramand bo‘lishdi. Ishtirokchilar festivalda namoyish etilgan o‘zbek milliy taomlariga yuqori baho berib, Hindistonda o‘zbek oshxonalarni ko‘paytirish hamda restoranlar menyusiga milliy taomlarimizni qo‘shishga oid takliflar berishdi.
Ta'kidlash lozimki, so‘nggi yillarda xorijiy restoratorlar tomonidan o‘zbek oshxonasiga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek taomlari tobora ommalashib bormoqda. “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivali Hindistondagi “The Societe” restoranida bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu restoran direktori Praven Nayyar o‘zbek taomlarini albatta o‘z menyusiga kiritishini ma'lum qildi. Ayni damda Buxoro viloyatidan tashrif buyurgan mashhur oshpazlar Bobur Samatov, Bobur Turdiev, Manuchehr Saidov va Sanjar Musinovlar hindistonlik hamkasblariga o‘zbek taomlarini tayyorlashga oid mahorat darslarini o‘tishmoqda. Restoran rahbari Praven Nayyarning ta'kidlashicha, mazali va to‘yimli o‘zbek taomlari festivalga tashrif buyurayotgan mehmonlarga juda manzur bo‘lmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonning gastronomik turizm salohiyatini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib etayotgani natijasida o‘zbek milliy taomlari dunyoning ko‘plab restoranlari menyulariga kiritilmoqda. Eslatib o‘tamiz, “Uzbek Food Festival” o‘zbek milliy taomlari festivali joriy yilning 1 fevral kuni boshlangan bo‘lib, 16 fevralga qadar davom etadi.