O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili amalga oshiriladi

2020-02-12 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Oxirgi uch yilda uni rivojlantirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
 
Xususan, mahalla institutiga oid 38 ta qonun va me'yoriy hujjatlar qabul qilindi, 50 dan ortig‘i takomillashtirildi. Jamiyat hayotida jonbozlik ko‘rsatgan soha xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas'ul kotiblarining oylik ish haqi o‘tgan yilning o‘zida 1,5 barobarga oshirildi.
 
So‘nggi uch yilda 624 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 2 ming 265 tasi rekonstruksiya qilindi va ta'mirlandi. 102 ta tuman va shahar markazida “Mahalla markazi” majmualari barpo etildi. Har bir fuqarolar yig‘inida “Keksalar maslahati” guruhlari, 4 mingdan ziyod mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.
 
Mahalla faollarining mas'ul tashkilotlar va profilaktika inspektorlari bilan hamkorligida oxirgi uch yilda 87 mingga yaqin kam ta'minlangan oila ehtiyojmandlik darajasidan chiqarildi.
 
Prezidentimiz mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham to‘la rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar ko‘pligini ta'kidladi. 
 
Xususan, mahallalarda 18 mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning ishi samarali tashkil etilmagan. Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko‘paygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli.
 
Yig‘ilishda oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tug‘ruqlar, ma'naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi. 
 
 – “Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu g‘oya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi og‘riqli holatlarni kamaytirib bo‘lmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga qodir, – dedi Shavkat Mirziyoev.
 
Yig‘ilishda mahallalarning o‘zida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e'tibor qaratildi.
 
Masalan, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yig‘ini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qo‘shni mahalla yig‘inlari binolarida faoliyat ko‘rsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida. Mahalla binolari uchun kommunal to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha maqbul va yagona tartib ishlab chiqilmagan.
 
Mahalla tizimida kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan. Mahalla xodimlarini ularga bog‘liq bo‘lmagan ishlar, yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, bu borada sezilarli o‘zgarish bo‘lmayapti.
 
Mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasiga 200 dan ortiq vazifa yuklangan. Lekin bor-yo‘g‘i 2 ta shtat birligi bilan shuncha vazifani bajarish mumkinmi, deb o‘ylab ko‘rilmagan. Hech bir hokim yoki kengash mahallalar faoliyatining samaradorligini oshirish masalasini muhokama qilmagan.
 
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yaqinda yo‘llagan Murojaatnomasida mahalla tizimini o‘zgartirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish zarurligi to‘g‘risida fikr bildirgan edi.
 
Videoselektor yig‘ilishida ana shu tamoyilni amalga oshirish, mahalla tizimini isloh etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
 
 
Davlatimiz rahbari mahallalarda to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yo‘lida barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish shartligini ta'kidladi. Ushbu ulkan sohaga mas'ul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi.   
 
Qayd etilganidek, yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatishlarini ta'minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va ta'sirchan vertikal tizimi yaratiladi.
 
Vazirning birinchi o‘rinbosari oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalarga mas'ul etib belgilanadi. Vazirning yana bir o‘rinbosari keksalarni ijtimoiy rag‘batlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shug‘ullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka ko‘maklashish masalalariga mas'ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi.
 
Vazir – “Mahalla” jamg‘armasiga, vazirning birinchi o‘rinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar bo‘yicha o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasiga raislikni ham bajaradi.
 
Vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari hokim o‘rinbosari hisoblanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i hududlardagi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari darajasiga ko‘tariladi. Mahalla va oila masalalari vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.
 
Yangi tuzilmada xotin-qizlar bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu vaqtga qadar xotin-qizlar qo‘mitalarida, mahallalarda mehnat qilib kelgan ayollar tuzilmada faoliyatini davom ettiradi, ularning mavqei, moddiy shart-sharoitlari va ish haqi ham sezilarli oshiriladi.
 
Mahalla raisining vakolat muddati uch yildan besh yilga o‘zgartiriladi. Uning uch nafar o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Profilaktika inspektori endilikda mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. U ham 5 yil muddatga tayinlanadi.
 
Mahallalardagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan, biroq kutilgan samarani bermay kelayotgan 12 ta jamoatchilik komissiya va tuzilmalari ham optimallashtiriladi.
 
Yig‘ilishda mahalla institutining iqtisodiy-moliyaviy asoslarini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
 
Joriy yil 1-martdan mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari oylik ish haqi o‘rtacha 1,35 baravarga oshirilishi begilandi.
 
Mahalla xodimlari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning yagona mezoni ishlab chiqiladi va samaradorlik reytingi joriy qilinadi. Barchaga o‘rnak bo‘ladigan mahallalar aniqlanib, munosib rag‘batlantirib boriladi.
 
“Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hunarmandchilik” dasturlari doirasida mahallalarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun arzon kredit mablag‘lari ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobiga sartaroshxona, novvoyxona, shuningdek, hunarmandchilik, tikuv, qandolatchilik sexlari, otalar choyxonasi, guzar maskanlari tashkil etiladi.
 
Moliya vazirligiga mahallalarni qo‘llab-quvvatlashning iqtisodiy-moliyaviy asoslarini puxta ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Mahalla fuqarolar yig‘inlari endilikda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligi va osoyishtalikni ta'minlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, yer uchastkalarini noqonuniy egallashning oldini olish, hududni obodonlashtirish kabi masalalar bilan shug‘ullanishi ta'kidlandi.
 
Fuqarolar yig‘inlarining faoliyatiga xos bo‘lmagan 50 dan ortiq vazifa bekor qilinishi, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ortiqcha topshiriqlar ham keskin qisqartirilishi belgilandi.  Mahalla raisiga qo‘shimcha huquqlar berilib, maqomi va obro‘si kuchaytirilishi qayd etildi.
 
Mutasaddilarga “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish, mahallaga va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini shakllantiradigan sahna asarlari va badiiy fil'mlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
 
Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ta'sirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektori ko‘rib chiqadigan ma'muriy huquqbuzarliklar sonini oshirish zarurligi ta'kidlandi.
 
Ichki ishlar vazirligiga profilaktika inspektorlariga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, tayanch punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, bu vazifaga munosib xodimlarni qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
 
Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolar yig‘inlari komplekslarini qurish, bo‘sh turgan binolarga mahalla idoralarini joylashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
 
Mahallalarda ahillik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda keksalar tajribasidan foydalanish muhimligi ta'kidlandi.
 
Mahalla va oila masalalari bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda amaliyotga joriy etish maqsadida “Oila” va “Mahalla ziyosi” markazlari negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
Davlatimiz rahbari mahallalar milliy mentalitetimiz ko‘zgusi ekanini, jamiyat hayotida katta o‘rin tutishini ta'kidlar ekan, Navro‘z bayramiga hamohang tarzda 22-mart sanasini “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e'lon qilishni taklif etdi.
 
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, nuroniylar va faollar fikr bildirdi.

Поделиться