O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizda 2020-yilda 500 dan ziyod ilmiy tadbirlar tashkil etiladi
2020-02-10 | Fan
Mamlakatimiz ilm-fani nufuzini yana-da oshirish, ilmiy jamoatchilik faoliyatini yana-da takomillashtirish, yoshlarni fanga qiziqishini orttirish, tadqiqotchilar oʻrtasida bilimlar almashinish, ularning malakasini oshirish maqsadida yurtimizda qator xalqaro va respublika miqyosida ilmiy-tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirildi.
2019-yilda jami 428 ta jumladan 137 ta xalqaro, 291 ta respublika miqyosida ilmiy tadbirlar oʻtkazilgan boʻlsa, 2020-yilda jami 8 ta yoʻnalish boʻyicha 530 ta ilmiy tadbirlar, jumladan xalqaro miqyosida 186 ta, respublika miqyosida 344 ta oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ilmiy tadbirlar roʻyxati bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi saytida tanishish mumkin.
Mazkur tasdiqlangan rejaga muvofiq respublikaning har bir hududida hududning ilmiy va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga, shuningdek fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan respublika miqyosidagi anjumanlarni tashkil etiladi. Ushbu anjumanlarda respublikadagi barcha Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari va ilmiy tashkilotlarning ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlarining ishtirok etadilar. Shuningdek, hududlardagi korxona va tashkilotlarning masʼullari ishtirokida tegishli sohaning ilmiy va innovatsion yoʻl bilan hal etishga qaratilgan yechimini kutayotgan muammolar mavzusiga bagʻishlangan taqdimotlari bilan ishtirok etishlari kutilmoqda.
Anjuman yakuniy natijalariga koʻra qabul qilingan tavsiya va qarorlar asosida hududning ilmiy va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb 3 ta mavzuda oʻrnatilgan tartibda Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida tanlov eʼlon qilinishi belgilangan.
Oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy tadbirlarda sohaning yetakchi xorijiy davlatlarning mingdan ortiq nufuzli olim va mutaxassislari, jumladan xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh olimlari jalb etiladi va ular mazkur tadbirlarda maʼruza va amaliy tavsiyalar bilan ishtirok etishlari kutilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy tadbirlarning natijadorligini baholash va tahliliy hisobot tayyorlash uchun masʼul hisoblanadi.