O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energetika vazirligida Saudiya Arabistoni bilan loyihalarning amalga oshirilishi muhokama qilindi
2020-02-10 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov 2020-yil 7-fevralda «ACWA POWER» kompaniyasi Boshqaruvi raisi Muhammad A. Abunayan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Xorijiy delegatsiya tarkibiga shuningdek Milliy kompaniyalarni rivojlantirish bo‘yicha dastur rahbari Badr bin Ibrohim al-Badr, Saudiya Arabistonining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Xishom Mish’al bin Suvaylim al-Suvaylim va ushbu kompaniyaning mas’ul shaxslari ham kirgan.
Muzokaralar davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni va kelgusi hamkorlik istiqbollar muhokama qilindi.
Energetika vazirligi tomonidan «ACWA POWER» kompaniyasi bilan birgalikda Sirdaryo viloyatida umumiy quvvati 1250 MVt ga teng IKKIta bug‘-gaz qurilmasini (BGQ) barpo etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Tomonlar o‘rtasida 2019-yil 20-21-sentabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Energetika investitsiyaviy forumi doirasida Loyihani amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim imzolangan.
Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mavjud Sirdaryo IES yonida har birining ikkita bug‘-gaz qurilmasi bo‘lgan ikkita elektr stantsiyani (jami 4 BGH, har birining quvvati 650-700 MVt) qurish to‘g‘risidagi topshirig‘iga (02.10.2019 y.dagi №21658-xx-sonli) muvofiq amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida «ASWA Power» kompaniyasi qiymati 1,0 mlrd. dollarga teng to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga (hisob-kitoblarga ko‘ra) ikkita BGQ ni loyihalashtirish, yetkazib berish va qurilishini ta’minlaydi.
Bunda investor tomonidan FIK 60% dan yuqori bo‘lgan BGQ ning eng so‘nggi modellaridan foydalaniladi, ular yiliga 10,0 mlrd. kVt.s ga yaqin elektr energiyani ishlab chiqaradi.
Bug‘-gaz qurilmalarini joylashtirish uchun Energetika vazirligi Sirdaryo viloyati hokimligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan Boyovut tumanida va Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida maydonchalar aniqlangan.
Hozirgi paytda vazirliklar va idoralar tomonidan birga ishlab chiqilgan Investitsiyaviy bitim va Elektr energiyani xarid qilish to‘g‘risidagi bitim loyihalari yakunlanish bosqichida.
Ayni paytda, «ACWA Power» kompaniyasi bilan birga Navoiy viloyatida DXSh shartlari asosida quvvati 500 MVt ga teng shamol elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha bitimni imzolashga doir tadbirlar amalga oshirilmoqda (2022-yilda ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda). Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining №06/1-3194 04.10.2019 y.dagi topshirig‘i doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha bo‘yicha qurilish uchun salohiyatli maydonchalarni aniqlashga oid va boshqa zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar bosqichlarini belgilangan ishlar jadvaliga muvofiq amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, tomonlar Respublikaning Sirdaryo viloyatidagi texnikum negizida birgalikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha O‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzolash haqida kelishib oldi.