O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hokimlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi
2020-02-07 | Siyosat
Joylarda ijro va vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi roli va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida hokimlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularga xos bo‘lmagan hamda bir-birini takrorlaydigan funktsiyalarni tegishli organlarga o‘tkazish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Murojaatnomada ta’kidlaganidek, amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300 ga yaqin vazifa va funktsiyalari nazarda tutilgan. Shundan 175 tasi, mazmun-mohiyatiga ko‘ra hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funktsiyalarini takrorlaydi. Bu esa, ish sifati va ijro intizomiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
2020-yil 6-fevral kuni Oliy Majlis Senatida mazkur ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, ishchi guruh a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ishchi guruh a’zolari hokimlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularga xos bo‘lmagan hamda bir-birini takrorlaydigan funktsiyalarni tegishli organlarga o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, shuningdek yig‘ilishda ishchi guruh samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun chora-tadbirlar ishlab chiqildi.