O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Geologiya tarmog‘ini rivojlantirishda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida FORSAYT tadbiri
2020-02-06 | Fan
Ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Geologiya tarmog‘ini rivojlantirishda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida “forsayt” tadbirini o‘tkazmoqda.
Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari A.Nazarov ochib berdi va u o‘z nutqida ishtirokchilardan geologiya sohasini rivojlantirishga yoshlarni qiqziqtirish, yaxshi kadrlarni tayyorlash, ilmiy ishlarni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni sifatli ishlab chiqishda faol ishtirok etishni so‘rab qoldi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqar ekan, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Davlat geologiya qo‘mitasi o‘rtasida Respublika mineral xom-ashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish hamda geologiya tarmog‘ini innovatsion rivojlantirish va sohada ilmiy tadqiqot ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma qaror imzolanganini alohida ta’kidladi. - Mazkur Qo‘shma qarorga asosan Innovatsiya vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 7,2 mlrd. so‘mga teng 5 ta mavzudan iborat bajarilishi ikki yilga mo‘ljallangan innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilindi, - dedi I.Abdurahmonov.
Mamlakatimizda foydali qazilmalarning 70 dan ortiq turi bo‘yicha 2 mingdan ortiq konlar aniqlangan va ulardan foydali qazilmalar sanoat tarmoqlari tomonidan qayta ishlanmoqda. Biroq, qazib olish va qayta ishlash oson bo‘lgan konlar va ularning zahirasi tobora kamayib bormoqda.
Geologiya sohasidagi olimlar, ilmiy maktablarga bo‘lgan e’tibor pasayib ketganligi, ayniqsa yosh olimlar soni juda kamligi, oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanayotgan kadrlar sifati mutlaqo qoniqtirmayotganligi, bunday holatda geologiya ilmining kelajagi xavf ostida qolishiga olib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida geologiya sohasini tubdan rivojlantirish borasida muhim vazifalarni belgilab berdi.
Shu munosabat bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari vazirligi bilan birgalikda “Raqamli geologiya” va “Tog‘ jinslari va minerallarning Milliy elektron bazasi” loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritish vazifasi berildi.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Mazkur tadbiriga geologiya sohasining yetuk mutaxassislari, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish va xususiy sektor vakillari taklif etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad - belgilab berilgan topshiriqlarni bajarishga qaratilgan Geologiya sohasini rivojlantirish “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishdan iborat.