O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Nagoya universiteti mutasaddilari bilan uchrashdi
2020-02-05 | Fan
Joriy yilning 4-fevral kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Nagoya universitetining Osiyodagi yondosh kampuslar instituti direktori Isoda Fumio boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga oliy darajadagi tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish zaruriyatini belgilab oʻtdilar.
Uchrashuv davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi. Xususan, Nagoya universitetining faxriy professorlari — Nobel mukofoti sovrindorlari Noori Rioji va Amano Xiroshini “Bioorganik kimyo, molekulyar biologiya va biotexnologiyaning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari“ Xalqaro simpoziumida ishtirok etishga taklif qilish masalasi muhokama qilindi.
Nagoya universiteti vakillari bilan shuningdek axborot texnologiyalari, robototexnika, nanotexnologiya, kimyo, biologiya, matematika, tibbiyot, geologiya va boshqa sohalarda yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun 6 oygacha qisqa muddatli ilmiy amaliyotlarni tashkil etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi.
Vazirlik huzuridagi innovatsiya markazlarining Nagoya universitetining Milliy innovatsion majmua, Profilaktika tibbiy texnologiyalarining innovatsion ilmiy-tadqiqot markazi, Biologiya va biotexnologiya markazi, Gen tadqiqotlari markazi kabi innovatsiyalar bilan shugʻullanuvchi muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalasi ham ilgari surildi.
Bundan tashqari Yaponiyaning transport, robototexnika, shaharsozlik, bio-dehqonchilik, shuningdek, geologiya, matematika va boshqa sohalarida qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida ham yaqin hamkorlikda ishlashga kelishib olishdi. Uchrashuv doʻstona ruhda oʻtdi.