O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
XTV tizimida OʻRI, gripp va koronavirus kasalliklarini oldini olish uchun tushuntirish ishlari olib boriladi
2020-02-04 | Jamiyat
Yangi koronavirus kasalligining tarqalishi munosabati bilan Xalq taʼlimi vazirligi tizimida OʻRI, gripp va koronavirus kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib boriladi.
Maʼlumki, oʻtgan yilning 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) ga mamlakatning Uxan shahrida nomaʼlum pnevmoniya epidemiyasi yuzaga kelgani haqida xabar qilgan edi. Kasallanishning birinchi holatini dengiz mahsulotlari sotiladigan bozor bilan bogʻlashmoqda. Joriy yilning 7-yanvar kuni xitoylik mutaxassislar kasallik qoʻzgʻatuvchisi koronavirus 2019-nCoV ekanini aniqlashdi. Koronavirus boshqa xorij mamlakatlarida ham qayd etilgan.
Taʼkidlash joizki, yurtimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlat chegarasi kesishgan joylardagi sanitariya-karantin punktlaridan oʻtayotgan yoʻlovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya koʻrigidan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilib, pnevmoniya va boshqa oʻtkir respirator kasalliklari alomatlari aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari koʻrilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tavsiyasiga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida OʻRI, gripp va koronavirus kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib boriladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi OʻRI, gripp va koronavirus kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqdi:
- xonalar haroratini meʼyorda boʻlishi, xonalarni tez-tez shamollatib turish va namli dezinfeksiya ishlarini muntazam olib borish;
- kasallikning klinik belgilari va tana harorati yuqori boʻlgan ishchilar, talabalar va oʻquvchilar aniqlanganda ularni ishga va oʻqishga qoʻymaslik, tibbiy muassasaga murojaat etishini tashkil etish;
- hojatxonalarda tozalash va dezinfeksiya ishlarini muntazam olib borilishini nazoratga olish;
- hojatdan chiqqanda va ovqatlanishdan oldin qoʻlni sovunlab yuvish va shaxsiy gigiyena qoidalariga muntazam rioya etilishi;
- talaba va oʻquvchilarni tibbiy niqoblar bilan yetarlicha taʼminlash;
- xodimlar, talabalar va oʻquvchilar ishtirokida tibbiyot mutaxassislarini jalb qilgan holda koronavirus infeksiyasini profilaktikasi boʻyicha oʻquv seminarlarini tashkil etish;
Oʻzingiz va oila aʼzolaringizda yuqorida qayd etilgan kasallik belgilari kuzatilsa, zudlik bilan hududingizdagi tibbiyot muassasasiga murojaat eting. Har qanday davolash ishlari shifokor nazoratida amalga oshirilishi lozim.