O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizga koronavirus infektsiyasi kirib kelishining oldini olish choralari yanada kuchaytiriladi
2020-02-03 | Sog‘liqni saqlash
Ayni paytda dunyoda koronavirus infektsiyasini xududlarga tarqalishi, undan kasallanish va vafot etayotganlar ko‘rsatkichi jihatidan jiddiy bosqichga ko‘tarilmoqda. Xabaringiz bor, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi xalqaro darajadagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilindi.
Bundan oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lsa, shu yilning 29 yanvarida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora- tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida” gi Farmoyishi qabul qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni masalada JSSTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Uni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov olib bordi.
Unda qayd etilganidek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoydagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimiz hududiga koronavirus infektsiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan uzluksiz ishlayotganligi, hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, havo, avtomobil va temir yo‘l transporti ob'yektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Bu borada qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqilib, barcha tegishli vazirlik va idoralarga ijro uchun yuborildi. Tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kasallikka gumon qilingan fuqarolarni ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda Davlat chegaralarining kesishish joylarida 52 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlat chegara postlaridan o‘tayotgan fuqarolar tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazilmoqda, shuningdek, teplovizor yordamida yo‘lovchilarning tana harorati masofadan turib o‘lchanmoqda va umumiy holati tekshirilmoqda.
Ammo ushbu chora-tadbirlar xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi degani emas, deya qayd etildi videoselektorda. Negaki, koronavirus infektsiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikni klinik belgilari 14 kungacha yashirin kechishi xotirjam bo‘lishga sabab bo‘lmasligiga e’tibor qaratildi. Qolaversa, bugungacha 20 ga yaqin tibbiyoti rivojlangan mamlakatda bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib turibdi.
Shu bois ham, bo‘lib o‘tgan videoselektorda ayni paytga qadar yurtimizda bunday kasallikka chalinish holati umuman kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini yanada kuchaytirish borasida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, xorijdan, ayniqsa, Xitoydan kelayotgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning ruyxatini shakllantirish, kasallikning yashirin davri davomida tibbiy nazoratga olish, zahira o‘rinlarini tayyorlash, dori-darmon, dizenfektsiya vositalari va zarur tibbiy anjomlar bilan ta’minlash ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, kasallikka qarshi kurashishda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikdagi faoliyatni kuchaytirish kabi qator vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.