O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimizda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlar haqiqatga mutlaqo zid
2020-02-03 | Sog‘liqni saqlash
Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida mamlakatimiz hududiga koronavirus infektsiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mazkur Agentlikda tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” orqali Xitoydan kelayotgan fuqarolar, tahsil olayotgan talabalar, ularning ota-onalari, tadbirkor va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirish va kerakli tavsiyalar ham berib borilmoqda.
Shu kunlarda havo, avtomobil va temir yo‘l transporti ob'yektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati har qachongidan ham kuchaytirilmoqda. Tezkor ma’lumotlarga qaraganda, birgina shu yilning 31-yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yullari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Natijada agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.
Shu o‘rinda, turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koronavirus qayd etilganligi bilan bog‘liq xabarlar haqiqatga mutlaqo zid ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz. Bugungi kunga qadar yurtimiz fuqarolari orasida koronavirus infektsiyasi qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus infektsiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.