O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-01-31 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash orqali maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini yanada kengaytirish hamda bolalarning maktabgacha taʼlimi bilan kengroq qamrab olinishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

2018-2019 yillarda maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda xalqaro moliya institutlaridan ekvivalenti 200,0 million AQSH dollari miqdoridagi kreditlar jalb qilinganligi;

mazkur kreditlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va xususiy sheriklar oʻrtasida 140,1 ming oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun imzolangan 1 412 ta davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlardan (keyingi oʻrinlarda – bitimlar) 992 tasi boʻyicha imtiyozli kreditlar moliyalashtirilganligi;420 ta bitimlarning 100 dan ortigʻi boʻyicha xususiy sheriklar tomonidan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlash (keyingi oʻrinlarda – maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish) ishlari hajmi 25 va undan ortiq foizi bajarilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish dasturini davom ettirish maqsadida belgilangan tartibda tuzilgan bitimlar boʻyicha kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

3. Belgilansinki:

a) 2019-yil 1-dekabrga qadar maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish ishlari 25 foizdan kam boʻlmagan hajmda bajarilgan bitimlar boʻyicha kreditlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan 182 milliard soʻm mablagʻlar Moliya vazirligi tomonidan 2020-yil uchun Davlat byudjetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida 2020-yil 1-martga qadar ajratiladi. Bunda kreditlar 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 1 foizli stavka boʻyicha beriladi;

b) 2018-2019 yillarda belgilangan tartibda tuzilgan 300 dan ortiq bitimlar boʻyicha kreditlar:

Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlarning maʼmuriy markazlari hamda 1-ilovada keltirilgan viloyat boʻysunuvidagi shaharlarda – 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka boʻyicha;

tumanlarning maʼmuriy markazlarida – 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka boʻyicha;

tumanlarning boshqa hududlarida – 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka boʻyicha beriladi;

2020-yilda xalqaro moliya institutlaridan ushbu maqsadlar uchun jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar) hisobidan moliyalashtiriladi;

v) 2021-yil va kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar boʻyicha kreditlar:

tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadigan foiz stavkalarida beriladi;

xalqaro moliya institutlaridan jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar), shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar boʻyicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi;

g) 2018-2019 yillarda belgilangan tartibda imzolanib, moliyalashtirilmagan hamda kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar boʻyicha kreditlar ushbu bitimlarda nazarda tutilgan xususiy sherikning oʻz mablagʻlari hisobidan bajarilishi (sotib olinishi) lozim boʻlgan ishlar (tovarlar) toʻliq amalga oshirilganidan soʻng, tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladi.

4. Belgilab qoʻyilsinki mazkur qarorning:

3-bandi “a” kichik bandida koʻzda tutilgan kreditlar boʻyicha xususiy sherik tomonidan toʻlanadigan foizlar xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankida toʻliq qoldiriladi;

3-bandi “b” kichik bandida koʻzda tutilgan kreditlar boʻyicha xususiy sherik tomonidan toʻlanadigan foiz stavkasining 2 foizi xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankida qoldiriladi, qolgan qismi Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti daromadiga oʻtkaziladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini (qarzlarini) jalb qilish choralarini koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadigan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ustuvor tartibda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat boʻysunuvidagi shaharlar, shuningdek, viloyat va tumanlarning maʼmuriy markazlarida tashkil etilishiga eʼtibor qaratsin;

hududlarda mavjud maktabgacha taʼlim tashkilotlarining quvvati va qamrovini oʻrganib chiqsin hamda unda yashayotgan aholi sonidan kelib chiqqan holda yangi va faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarning qoʻshimcha oʻrinlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlasin;

2020-yil va kelgusi yillarda bitimlarning faqatgina xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) hamda davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar boʻyicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan maxsus ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlangan mablagʻlar doirasida tuzilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xususiy sheriklarga berilgan kreditlar hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ajratilgan byudjet subsidiyalari maqsadli va samarali ishlatilishi boʻyicha doimiy monitoringni yoʻlga qoʻysin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3651-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov – mazkur qaror ijrosini sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V.Shin –shakllangan mablagʻlar doirasida bitimlarni oʻz vaqtida tuzish va amalga oshirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrsin, xususiy sheriklarga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashsin, tadbirkorlik subyektlari tomonidan bitim talablari bajarilishi ustidan doimiy monitoringni yoʻlga qoʻysin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan zarur shart-sharoitlarni yaratish, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020-yil 30-yanvar

Поделиться