O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda yangi professional taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyishda barcha vazirlik va idoralar birdek masʼul
2020-01-28 | Ta’lim
Bugun poytaxtimizdagi WYNDHAM TASHKENT mehmonxonasining anjumanlar zalida “Oʻzbekistonda professional taʼlim tizimini rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U. Tashkenbayev, Shvetsariya Konfederatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olivye Shav, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori oʻrinbosari E. Pinali,Iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari Botir Usmonov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari M. Xolmuxammedov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari B.Umurzoqov, Oʻzbekiston-Shveysariya “Oʻzbekistonda kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish” xalqaro loyihasi rahbari G. Damian-Timoshenko,Buyuk Britaniya kengashi, YUNESKO tashkiloti Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, “JICA” Yaponiya xalqaro hamkorliklar hamkorligi, “KOICA”Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi kabi 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda 50 dan ortiq vazirlik va idoralarning mutasaddilari ishtirok etishdi.
Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida yurtimiz taʼlim sohani tubdan isloh qilish lozimligini taʼkidlar ekan, joriy yildan boshlab mutlaqo yangi professional taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ustuvor vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, davlatimiz rahbari 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yurtimizda 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etilishi, kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqilishini maʼlum qildi. Ushbu tizim orqali 9000 ga yaqin kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Seminarda maʼruza qilgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev oʻtgan yillar mobaynida mamlakatimizdagi professional taʼlim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashmaganligi, oʻquv jarayoniga Oʻzbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi toʻlaqonli joriy etilmaganligi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib oʻrin egallashlariga toʻsqinlik qilib kelayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Bu esa oʻz navbatida kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tugallagan yoshlarimiz xorijiy davlatlar oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishlariga ham imkon bermayotgan edi.
Ayni kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan isloh qilish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda mutlaqo yangi professional taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi PF-5812-son Farmoni qabul qilingan edi.
Farmonga asosan taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi uch turdagi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsusprofessional taʼlim hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻining tashkil etilmoqda.
Mazkur Farmonda barcha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Jumladan:
-Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblar klassifikatorini qayta koʻrib chiqish;
-Oʻzbekistonning milliy kvalifikatsiya ramkasini ishlab chiqish;
-tarmoqlar kvalifikatsiya ramkalarini ishlab chiqish;
-kasb va mutaxassisliklar boʻyicha professional standartlarni yaratish kabi yangi shakl va mazmundagi hujjatlarni ishlab chiqish shular jumlasidandir.
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish barcha hamkor vazirlik, idora va tashkilotlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish, mazkur yoʻnalishlardagi faoliyatni samaradorligini oshirishga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf qilish, oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichlarga koʻtarishni taqozo etadi.
Hozirda Taʼlim inspeksiya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston-Shveysariya “Oʻzbekistonda kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish” loyihasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek Oʻzbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xorijiy loyihalar ekspertlari bilan birgalikda 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozogʻiston, Belorus Respublikasi,Moldovo) tajribalari oʻrganilib, Oʻzbekistonda ilk bor Milliy kvalifikatsiya ramka loyihasi ishlab chiqilib xorijiy ekspertlardan ijobiy xulosalar olindi, shuningdek, tarmoq kvalifikatsiya ramkalari, kasb va mutaxassisliklar boʻyicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlarini yaratish va yangi oʻquv yilidan joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu seminar yurtimizda professional taʼlim tizimini rivojlantirish mexanizmlarini amalga oshirishda oʻzaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etildi. Unda:
· “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Farmonda belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib professional taʼlim tizimini rivojlantirish mexanizmlarini amalga oshirishda kadrlar isteʼmolchilari hisoblangan vazirlik va idoralarning oʻzaro hamkorligining samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish;
· Professional taʼlim tizimini rivojlantirish va taʼlim sifatini taʼminlashning dolzarb masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Bularning barchasi professional taʼlim tizimida kadrlar tayyorlashning yangi, xalqaro tajribalarga muvofiq zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, professional taʼlim muassasalarini tajribali pedagog kadrlar bilan butlash, zamonaviy oʻquv-metodik taʼminot bazasini yanada mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratadi.
Milliy kvalifikatsiya ramka, professional standart, tarmoq kvalifikatsiya ramkasi loyihalari ishlab chiqishda Oʻzbekiston-Shveysariya “Oʻzbekistonda kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish” loyihasi doirasida xorij tajribalarini oʻrgangan holda professional standartlarni ishlab chiqish boʻyicha metodik ishlanma” yaratildi. Ushbu metodik ishlanmani tavsiya sifatida foydalanish uchun seminar ishtirokchilariga taqdim etildi.